Jahon | 13:53
12380
5 daqiqa o‘qiladi

2025 yilgi Haj mavsumi: 1,6 million ziyoratchi va oqimning kamayishi sabablari

Saudiya Arabistonining Umumiy statistika boshqarmasi 2025 yilgi Haj ziyoratiga 1,5 million xorijiy va 166 ming mahalliy mehmonlar tashrif buyurganini ma’lum qildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bu pandemiya davrini hisobga olmaganda, so‘nggi yillardagi eng kam ko‘rsatkich.

Foto: HaramainInfo

Saudiya Arabistonining Umumiy statistika boshqarmasi (GASTAT) 2025 yilgi Haj ziyorati bo‘yicha rasmiy statistikani e’lon qildi. Unga ko‘ra, ziyoratni jami 1 million 673 ming 230 nafar ziyoratchi ado etgan.

Shundan:

  • 171 davlatdan 1 million 506 ming 576 nafar ziyoratchi qirollik hududidan tashqaridan turli kirish nuqtalari orqali kelgan;
  • 166 ming 654 nafari esa qirollik fuqarolari va rezidentlari bo‘lgan (ya’ni Saudiya fuqarolari hamda mamlakatda yashovchi chet elliklar).

GASTAT statistik axborotida qayd etilishicha, erkak ziyoratchilar soni – 877 ming 841 nafar, ayol ziyoratchilar soni esa – 795 ming 389 nafarni tashkil qilgan. Saudiyaga ziyoratchilar eng ko‘p havo hududi orqali, samolyotlarda kirib kelgan. Xususan:

  • Havo yo‘li orqali kelgan ziyoratchilar soni – 1 million 435 ming;
  • Quruqlik chegara o‘tkazish punktlari orqali – 66 ming 465;
  • Dengiz portlari orqali – 5,1 ming nafar.

Avvalroq Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi bosh direktori, general-leytenant Muhammad al-Bassamiy Makkaga kirish uchun haqiqiy ruxsatnoma — Haj vizasiga ega bo‘lmagan 269 mingdan ortiq kishi orqaga qaytarilganini va qariyb 76 ming qoidabuzar hibsga olinganini bildirgan edi. Ularga deportatsiya, jarima va 10 yil davomida mamlakatga kirishining taqiqlanishi kabi jazo choralari ko‘rilishi mumkin. Shuningdek, Al-Bassamiy so‘zlariga ko‘ra, 252 ta soxta Haj shirkati, 1239 ta qoidabuzar tashuvchi aniqlangan, qariyb 110 mingga yaqin transport vositasi talabga javob bermasligi tufayli Makkaga kiritilmagan.

GASTATʼning ma’lumot berishicha, 1446H / 2025 yilgi Haj statistikasini tayyorlashda asosiy manba sifatida qirollik Ichki ishlar vazirligining ma’muriy yozuvlariga tayanilgan.

Ziyoratchilarga 250 mingdan ziyod xodimlar — sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va logistikani ta’minlashda xizmat ko‘rsatdi. Saudiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, issiq tufayli hushsizlanish holatlari o‘tgan yilga nisbatan 90% ga kamaygan. Bunga soyali maydonlar va tibbiy punktlar sonining ko‘paytirilgani sabab bo‘lgan.

Foto: Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi

Makka viloyati vitse amiri shahzoda Saud bin Mish’al Arofot kuni hech qanday salbiy hodisalar kuzatilmaganini e’lon qildi:

«Alloh bizga Uning muqaddas maskanlariga xizmat qilish sharafini ato etdi. Xavfsizlik va tartibni saqlashda xizmatga bo‘lgan samimiy yondashuv muhim ahamiyatga ega».

Haj ziyorati 2025 yilda 4 iyundan 9 iyungacha, ya’ni Zulhijja oyining 8-kunidan 13-kunigacha davom etadi .

The Islamic Information portalining ma’lum qilishicha, joriy yildagi haj ziyoratchilari soni — pandemiya davrini hisobga olmaganda, so‘nggi 30 yildagi eng kam qatnashuvchidir.

Taqqoslash uchun: 2012 yilgi Hajda rekord darajada — 3,16 million kishi qatnashgan, bu 2025 yildagi sezilarli pasayishni yaqqol ko‘rsatmoqda.

So‘nggi 30 yildagi Haj ziyoratchilari soni. The Islamic Information jadvali

Bu borada rasmiy izohlar berilmagan bo‘lsa-da, bir nechta asosiy sabablar ko‘rsatib o‘tilmoqda.

1. Iqtisodiy qiyinchiliklar — butunjahon bo‘ylab kuzatilayotgan inflatsiya, sayohat, turar joy va qurbonlik hayvonlari narxining oshishi ayniqsa Janubiy Osiyo va Afrika davlatlaridan keluvchi, daromadi past bo‘lgan musulmonlar uchun og‘irlik qildi.

2. Sog‘liqni saqlash va kirish tartiblari — pandemiya davrida joriy etilgan qattiqroq kirish, emlash, viza va tibbiy ko‘rik talablari 2025 yilda ham saqlanib qoldi. Bu esa ziyoratchilar uchun byurokratik to‘siqlarni oshirdi.

3. Ekstremal issiqlik — Makka va atrofidagi ziyorat joylarida harorat ko‘p kunlar davomida +40 darajada oshdi. Bunday sharoitda ko‘plab yoshi katta ziyoratchilar ziyoratni keyinga qoldirishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin.

Saudiya Arabistoni rasmiylari bu omillarni tahlil qilib, kelajakdagi Haj ziyoratini arzonroq va qulayroq qilish uchun chora-tadbirlar ko‘rishi kutilmoqda. Shu bilan birga, xavfsizlik va sog‘liq talablariga rioya saqlab qolinadi.  

Mavzuga oid