Jahon | 14:46 / 05.06.2025
3230
9 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Putinning suhbati, Isroilning tinch aholiga hujumlari va AQShga fuqarolari kirishi taqiqlangan 12 davlat – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

BMT: Isroilning G‘azodagi tinch aholiga hujumi urush jinoyati bo‘lishi mumkin

Isroil armiyasining G‘azo sektorida tinch aholiga qarshi uyushtirgan hujumlari xalqaro huquqni buzadi va og‘ir urush jinoyati bo‘lishi mumkin, dedi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk.

Turk – yordam tarqatish punktlariga uyushtirilgan hujumlar bilan bog‘liq bayonotida, voqeaning shoshilinch va xolis tergov qilinishi va javobgarlarning javobgarlikka tortilishi zarurligini ta’kidladi. U asosiy oziq-ovqat yordamini so‘ragan falastinliklarga qilingan halokatli hujumlarni «g‘ayriinsoniy» deb ta’rifladi.

Komissarning aytishicha, Falastin aholisi amalda og‘ir tanlov oldida turibdi: ochlikdan o‘lish yoki humanitar yordam olishga urinayotganda halok bo‘lish. Shuningdek, u Isroilni insonparvarlik yordami taqsimotini tartibga soluvchi xalqaro standartlarni buzganlikda aybladi.

Turk – tinch aholining oziq-ovqat, suv va boshqa hayotiy resurslarga kirishiga ataylab to‘sqinlik qilish urush jinoyati sifatida baholanishi mumkinligini ta’kidladi.

«Mana yigirma oydan beri tinch aholining o‘ldirilishi, keng ko‘lamli vayronagarchiliklar, majburan ko‘chirilish, Isroil rahbariyatining g‘ayriinsoniy ritorikasi, G‘azo aholisini ommaviy evakuatsiya qilish tahdidi va uni ochlikdan o‘ldirishga urinishlar – bularning barchasi xalqaro huquqning eng og‘ir jinoyatlari ta’rifiga kiradi», dedi u.

Avvalroq, Isroil askarlari humanitar yordam olish uchun kelgan minglab g‘azoliklarga harbiy texnikalar, xususan tank va dronlar yordamida o‘q uzayotgani xabar qilingan edi. 4 iyun kuni G‘azo sektorida uyushtirilgan hujumlar oqibatida 42 nafar falastinlik, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘ldi. 2023 yil oktyabrdan buyon uyushtirilgan bosqinchilik hujumi natijasida halok bo‘lgan g‘azoliklar soni esa 54 ming kishidan oshib ketgan.

Tramp va Putinning suhbati

4 iyun kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat 1 soatdan ko‘proq davom etgan.

Tramp va Putin Ukrainaning Rossiya aerodromlariga hujumini, shuningdek, har ikki tomon amalga oshirgan «boshqa hujumlar»ni muhokama qilgan.

«Bu yaxshi suhbat bo‘ldi, lekin zudlik bilan tinchlikka olib keladigan suhbat emas», dedi AQSh prezidenti. Trampga ko‘ra, Putin suhbatda «aerodromlarga yaqinda uyushtirilgan hujumlarga javob berishga majbur bo‘lishini» «juda qat’iy» aytgan.

Shuningdek, Tramp va Putin Eron va yadroviy qurollar masalasini ham muhokama qilgan.

Kreml tomoni bergan bayonotga ko‘ra, suhbatda Putin va Tramp «bir-biri bilan doimiy aloqada bo‘lishga tayyor ekanligini tasdiqladi». Putin Trampga Rossiya obektlariga qilingan hujumlar haqida batafsil ma’lumot bergan.

«U bizning fikrimizni diqqat bilan tingladi va prezident bu borada yetarlicha batafsil gapirdi. Menimcha, Trampning sodir bo‘lgan voqealarga baholarimizni eshitishi juda foydali bo‘ldi», dedi Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov.

Shuningdek, Tramp suhbatda AQSh Rossiyadagi harbiy aerodromlarga berilgan zarbalar haqida oldindan xabardor qilinmaganini aytgan.

«Tramp amerikaliklar bu haqda (harbiy aerodromlarga berilgan zarbalar) oldindan xabardor qilinmaganini yana bir bor tasdiqladi», dedi Ushakov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin Kiyev tinch aholi manzillariga zarba berish orqali Istanbul muzokaralarini buzishga urinayotganini aytgan.

Ma’lumot uchun, Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga qaytganidan keyin Vladimir Putin bilan to‘rtinchi marta telefon muloqotini o‘tkazdi. Bungacha ular 19 may kuni suhbatlashdi. Hozircha bu suhbatlar Ukrainadagi urush to‘xtatish borasida keskin o‘zgarishlarga olib kelmadi.

Rossiya harbiy aerodromlarga qilingan hujumga javoban Ukrainaga jiddiy zarba berishi haqida New York Times nashriga anonim qolishni istagan AQSh rasmiylari ham xabar bergan edi.

AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, bu hujumlar Rossiyaning Ukrainadagi operatsiyalarini qisqartirishga olib kelmaydi, balki Moskvaning «jiddiy» javobini keltirib chiqarishi mumkin. Ukraina «Vashington e’tiroz bildirishini bilgani uchun» bo‘lajak operatsiya haqida Qo‘shma Shtatlarni xabardor qilmadi, degan rasmiylar.

1 iyun kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina FVP dronlardan foydalangan holda Rossiyaning beshta hududidagi harbiy aerodromlarga hujum qilganini tan oldi. Ukraina tomoni Rossiya havo bazalariga Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining hujumlari natijasida strategik qanotli raketa tashuvchilarning 34 foizi yo‘q qilinganini ma’lum qilgandi. «7 milliard AQSh dollari. Bu «Pautina» maxsus operatsiyasi natijasida yo‘q qilingan dushman strategik aviatsiyasining taxminiy qiymati», — deyiladi Ukraina Xavfsizlik xizmati bayonotida.

Shuningdek, Ukraina tomoni to‘rtta aerodromga hujum uyushtirganini tasdiqlaydigan operatsiyaga oid yangi kadrlarni namoyish etdi.

Suriyaliklar Qurbon hayiti arafasida ommaviy ravishda uyga qaytyapti

Fuqarolar urushi tufayli Turkiyada uzoq vaqt yashab kelgan o‘nlab suriyaliklar Qurbon hayiti oldidan ommaviy ravishda vataniga qaytishni boshladi. 61 yillik Asadlar rejimi ag‘darilganidan keyin mamlakat aholisiga o‘z vatanlariga qaytish imkoniyati berildi.

Turkiyaning Kilis viloyatidagi Onjupinar chegara punktiga kelgan suriyalik oilalar Suriyaga doimiy ravishda qaytishi uchun zarur protseduralardan o‘tkazilmoqda. Bayram arafasida qaytuvchilar oqimi ortdi. Nazorat punktida tirbandlik kuzatilmoqda.

25 yoshli Ahmad Ismoil «Anadolu» agentligiga 7 yil avval urush tufayli Suriyani tark etishga majbur bo‘lganini va Turkiyadan boshpana topganini aytdi. «Bu vaqt davomida o‘y-xayollarim o‘z yurtimda qoldi. Suriyadagi urush tugadi va men qaytib ketyapman. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va turk xalqiga minnatdorchilik bildiraman. Qurbon hayitini vatanimda o‘tkazishimdan xursandman», — degan u.

Tramp 12 davlat fuqarolariga AQShga kirishni taqiqladi — ularning aksari Afrikada va Yaqin Sharqda joylashgan

AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarga immigratsiya va tashriflar oqimini keskin cheklash maqsadida quyidagi davlatlar fuqarolariga AQShga kirishni man etdi: Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman. Taqiq dushanbadan kuchga kiradi.

Shuningdek, Tramp ayrim davlatlarga nisbatan to‘liq taqiq joriy qilmasdan, qattiq cheklovlar qo‘lladi. Bu ro‘yxatda Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela bor. Ushbu davlatlardan odamlar AQShga doimiy ko‘chib o‘tolmaydi va turist yoki talabalar vizasi ololmaydi.

Ushbu taqiqqa olib kelgan qaror, Koloradodagi falastinlik garovdagilarni xotirlash uchun yig‘ilgan guruhga hujum qilgan misrlik erkak hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib e’lon qilindi.

New York Times'ning yozishicha, yangi farmonga ko‘ra, amaldagi vizaga ega fuqarolar bu taqiqdan mustasno. Bundan tashqari, doimiy yashash huquqiga ega (green card) fuqarolar, jahon chempionati yoki Olimpiadaga borayotgan sportchilar, shuningdek, AQShga yordam bergan afg‘onlar uchun beriladigan maxsus immigratsion viza dasturidagi shaxslar ham bu taqiqdan ozod etiladi.

Bu qaror Trampning birinchi muddatidagi mashhur immigratsiyaga qarshi siyosatining yangilangan shakli bo‘lib, o‘sha paytda aeroportlarda tartibsizliklar va sud ishlariga olib kelgan edi. Prezident Jo Bayden 2021 yilda lavozimga kelgach, Trampning oldingi davrdagi barcha safar taqiqlarini bekor qilgan va bu siyosatni quyidagicha baholagan edi:

«Bu chora milliy vijdonimizga dog‘ bo‘ldi va barcha e’tiqodga ega va e’tiqodsiz insonlarni qabul qilish an’anamizga zid edi».

Tramp esa 2025 yil yanvar oyida prezidentlikka qaytgach, birinchi farmonlaridan biri sifatida, davlat kotibi va boshqa rasmiylarga xorijiy davlatlarning xavfsizlik bo‘yicha tekshiruv imkoniyatlarini baholashni va kimlarning migratsiyasini to‘xtatish kerakligini aniqlashni buyurgan edi.

Mavzuga oid