Jahon | 16:38 / 01.06.2025
2262
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil tanklari G‘azodagi yordam tarqatish markazini o‘qqa tutdi: 26 kishi halok bo‘ldi

Mahalliy aholi Isroil tanklari G‘azo sektoridagi Rafah shahrida joylashgan gumanitar yordam taqsimlash markaziga qarata o‘t ochganini ma’lum qildi. Guvohlar va shifokorlarning aytishicha, kamida 26 kishi halok bo‘lgan, 150 kishi yaralangan.

Foto: REUTERS

Rafahdagi jurnalist Muhammad G‘aribning BBC’ga ma’lum qilishicha, tanklar AQSh va Isroil qo‘llab-quvvatlovida ochilgan gumanitar yordam taqsimlash markazi yaqinida minglab falastinliklar to‘planganida o‘t ochishni boshlagan.

Mahalliy jurnalist va faollar odamlar halok bo‘layotgani va yaralanganlar eshak aravalarda Qizil Xoch gospitaliga olib ketilayotgani tasvirlangan kadrlarni e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, favqulodda xizmat xodimlari o‘qqa tutilgan joyga o‘tib bora olmagan.

G‘aribning so‘zlariga ko‘ra, tanklar yordam taqsimlash markaziga mahalliy vaqt bilan soat 04:30 larda yaqinlashgan va o‘t ochgan. «O‘ldirilganlar va yaralanganlar uzoq vaqt yerda yotdi. Qutqaruv xizmati bu hududga o‘ta olmadi, u Isroil nazorati ostida. Natijada odamlar eshak aravalarda yaradorlarni dala gospitaliga olib borishga majbur bo‘ldi», — deydi jurnalist.

Qizil Xoch shifoxonasi xodimlari 26 kishi halok bo‘lgani va 150 kishi yaralanganini tasdiqladi.

BBC isroillik harbiylar, shuningdek, AQSh va Isroil qo‘llab-quvvatlovida gumanitar yordamni taqsimlash uchun tashkil etilgan G‘azo Gumanitar fondiga izoh so‘rab murojaat qilgan.

G‘azo fuqarolik mudofaasi rasmiy vakili Mahmud Bassalning AFP’ga ma’lum qilishicha, «Isroil harbiylarining minglab odamlar tomon o‘t ochishi natijasida» 100 dan ortiq odam yaralangan.

Sulh muzokaralari qanday kechmoqda

Rafahdagi hodisa HAMAS guruhi AQShning G‘azo sektorida o‘t ochishni 60 kunga to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifiga javobini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.

Harakat Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslar evaziga garovdagi 10 nafar isroillikni ozod etish va halok bo‘lgan 18 nafarining jasadini qaytarishga rozi bo‘lgan. Ammo AQSh prezidenti vakili Stiv Uitkoff guruhning qarshi shartlarini nomaqbul deb atagan va Isroil hukumati ham ularni rad etgan.

Xalqaro gumanitar tashkilotlar G‘azodagi vaziyat keskin yomonlashganini aytmoqda, chunki Isroil armiyasining harbiy operatsiyasi tufayli mahalliy aholi oziq-ovqat va tibbiy yordamni ololmayapti.

G‘azo Gumanitar fondiga (GHF) ko‘ra, uning sektordagi bir nechta taqdimlash punkti joriy hafta falastinliklarga 2 million porsiya ovqat tarqatgan.

GHF — Amerika—Isroil tashabbusi. BMT va boshqa tashkilotlar fond «yordamdan qurol sifatida foydalanishi» mumkinligi sabab u bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan. O‘z navbatida Isroil HAMAS G‘azoga yetkazilayotgan gumanitar yordamni o‘g‘irlayotganini bildirgan.

Isroil G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishini 2 martda bloklagan. May o‘rtalarida esa GHF’ning sxemasi ishlab chiqilgan va oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan ilk yuk mashinalari G‘azoga 20 mayda yetib kelgan edi.

Mavzuga oid