O‘zbekiston | 12:52 / 27.05.2025
7410
2 daqiqa o‘qiladi

«Credit House» ishi bo‘yicha maxsus tezkor shtab tuzildi

Toshkent shahrida oson shartlarda uy olib berishni va’da qilgan «Credit House» ishi tergovi IIV huzuridagi Tergov departamentiga o‘tkazildi. Umumiy zarar 209 mlrd so‘mga yetgan. Ishga aloqador 5 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan. IIV «Credit House» ishi bo‘yicha maxsus tezkor shtab tuzilganini, ushbu kompaniyadan jabrlangan fuqarolar murojaat qilishlari mumkinligini bildirdi.

Toshkent shahridagi quruvchi firmalardan uy uchun shartnoma olib, uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan xaridorlarga «sotib» kelgan «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJ ishi bo‘yicha tezkor maxsus shtab tuzildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJlar mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olingan.

“Mazkur jinoyat ishi doirasida 800 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgan bo‘lib, umumiy 209 mlrd 263 mln so‘m zarar aniqlangan. Ishga aloqador 5 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, tergov harakatlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov boshchiligida tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda maxsus tezkor shtab tuzilgan. Tezkor shtab IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti binosida har kuni soat 9:00 dan 21:00 ga  qadar ish olib bormoqda.

Tergovni har tomonlama to‘liq amalga oshirish uchun «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJlar faoliyatidan jabrlangan fuqarolar tezkor shtabga murojaat qilishlari so‘ralgan.

Manzil: Taras Shevchenko ko‘chasi, 62.

Telefon: (71)231-31-45)

Kun.uz oldinroq «Credit House» ishi va buning boshida turgan Dmitriy Bajyenov haqida surishtiruvlar e’lon qilgandi.

Mavzuga oid