Jahon | 13:50 / 25.05.2025
3526
12 daqiqa o‘qiladi

Maoshi oshayotgan qirg‘izlar, to‘xtatilgan layk javobgarligi va «qora» turkman paxtasi

Qirg‘izistonda tibbiyotchilarning maoshi oshirilishi e’lon qilindi. Hukumat maoshlarni vaqtincha naqd pul asosida to‘lashga ham ruxsat bergan. Tojikistonda layk bosganlik uchun jinoiy javobgarlik bekor qilindi. Turkmaniston paxta terimiga budjet xodimlari va bolalarni jalb qilgan. AQSh «Tolibon»ning terrorchi statusini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qozog‘iston MXX davlatning 1,6 trln tengesini asrab qoldi

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik xizmati davlat budjetining 1,6 trillion tengesini asrab qolgani haqida prezidentga bayonot berdi. Tengrinews nashri e’lon qilgan xabarda kelishicha, yil boshidan beri 15 mansabdorlar korrupsiya bilan qo‘lga tushgan. Ularning umumiy poraxo‘rligi 1,6 trillion tengega yetadi, xavfsizlik xizmati buning oldini olgan. Taqqoslashingiz uchun bu qariyb 40 mlrd 400 million so‘m degani. Prezidentga topshirilgan hisobotga ko‘ra, 1,6 trillion tengedan 220 milliardi davlatga qaytarilgan, qolganining oldi olingan. Bundan tashqari, Qozog‘iston 5 oy davomida 3025 nafar xorijliklarni davlatdan chiqarib yuborgan. Chegaradan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, giyohvandlik vositalari ba boshqa taqiqlangan narsalarni olib o‘tishga 600 dan ortiq urinish holatlari sodir bo‘lgan. Chegaradan 11 mlrd tengelik valuta, 16,6 mlrd tengelik tovarlarni noqonuniy olib o‘tishga chek qo‘yilgan. Xavfsizlik xizmati davlat axborot tizimlariga 5 oy ichida 796 milliondan ortiq kiberhujumlar bo‘lganini, bular qaytarilganini ham e’lon qildi. Xavfsizlik xizmati raisi Ermek Sagimbayev, prezident To‘qayev bilan uchrasharkan, terrorizm va ekstremizmga aloqador bo‘lgan 212 nafar chet el fuqarolarining Qozog‘istonga kirishga urinishlarining oldi olingani, 1498 nafar xorijlik radikal shaxslarning mamlakatga kirishiga chek qo‘yilgani, terrorchilik va ekstremistik jinoyatlarni sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 12 nafar chet el fuqarosi ushlanganini ham aytib o‘tgan. Xavfsizlik xizmati yil boshidan buyon 13 jinoiy guruhni aniqlagan, ularning 142 nafar a’zolarini ro‘yxat qilib, 40 nafarini qo‘lga tushirgan.

Qirg‘iziston hukumati maoshlarni naqd pulda to‘lashga ruxsat berdi

Qirg‘iziston hukumati maoshlarni naqd pul shaklida to‘lashga ruxsat berdi, ammo vaqtincha. Vazirlar mahkamasi ish beruvchilarga qaysi hollarda naqd pulda ham maosh to‘lash mumkinligi haqidagi nizomni tasdiqladi. Agar ish joyida bank infratuzilmasi bo‘lmasa, ishchilar mavsumiy dala ishlarida ishlasa, kompaniya hisoblari tekshiruvda bo‘lsa maoshlar naqd pul shaklida ham to‘lanishiga ruxcat etiladi. Bundan tashqari, 2026 yilning 1 yanvarigacha uy-joy kooperativlari xodimlariga to‘lov, qishloq xo‘jaligi kooperativlari ishchilariga to‘lov ham naqd pul shaklida berilishiga ijozat berilgan. Shu bilan birga, ish beruvchilar soliqlarni to‘lash va xodimlarning mehnat huquqlarini hurmat qilish majburiyatlarini saqlab qoladilar.

Qirg‘izistonda shuningdek tibbiyot xodimlarining maoshi sezilarli oshishi kutilmoqda. Davlatda tibbiyot tizimining eng katta muammolaridan biri – xodimlarning sariq chaqaga ishlayotgani, maoshlarning pastligi edi. Yaqinda prezidentdan jiddiy tanbeh eshitib, tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylangan vazir Erkin Checheyboyev O‘sh viloyatiga borarkan, tibbiyot tizimidagilarning maoshi oshirilishini ma’lum qildi. Aytilishicha, tibbiyot xodimlarining, jumladan, ma’muriy, boshqaruv, kichik va texnik yordam xodimlarining 2025 yilda maoshlarini oshirish bo‘yicha ishlar davom etyapti. Erkin Checheyboyev O‘sh viloyati silga qarshi kurash markazi xodimlari bilan yig‘ilish o‘tkazib, gaplashgan. Vazir markazning shu yili yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan ma’muriy binosini ham borib ko‘rgan. Yangi bino va’da qilgan.

Tojikiston layk bosganlik uchun jazoni bekor qildi

Tojikiston layk bosganlik uchun jinoiy javobgarlikni bekor qildi. Prezident Emomali Rahmon ijtimoiy tarmoqlarda layk, repost va boshqa raqamli reaksiyalar uchun jinoiy javobgarlikni bekor qiluvchi hujjatni imzolagan.

2018 yilda Tojikiston Jinoyat kodeksining 179-moddasiga terrorchilik faoliyatiga ommaviy chaqiriqlar va terrorizmni oqlash, shu jumladan internetdagi harakatlar uchun jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgandi. Ekstremizm va terrorizmga oid materiallar ostidagi layklar, repostlar va izohlar jinoiy faoliyatga aloqadorlik dalili sifatida baholandi. O‘zgartirishlarga ko‘ra, bunday harakatlar 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin edi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 307-moddasi (ekstremizmga ommaviy da’vatlar) uzoq muddatga - 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutgan. 2024 yil oktyabr oyida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon layk va repost uchun jinoiy ish qo‘zg‘atish amaliyotini ochiqchasiga qoralab, bu ortiqcha va noto‘g‘ri ekanini aytgan edi. U layk qo‘yish yoki izoh qoldirish kabi onlayn harakatlar avtomatik ravishda jinoyat sifatida ko‘rilmasligi kerakligini ta’kidladi.

Bu e’lon internetda o‘z fikrini bildirgan yoki tasodifan din va muxolifat vakillarining materiallari bilan muloqotga kirishgan fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortilishi holatlari ko‘payib borayotgan bir paytda e’lon qilindi. 2024 yilda Bosh prokuror o‘rinbosari Umed Karimzoda 1500 dan ortiq odam ekstremistik mazmundagi layk va izohlar uchun sudlangani haqida xabar berdi. Huquqshunoslar qonunga kiritilgan o‘zgartishlarni qo‘llab-quvvatlab, bu huquqiy adolatni ta’minlash, fuqarolar erkinliklarini himoya qilish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.

“Birovni layk uchun javobgarlikka tortish xavfli va huquqiy jirkanch amaliyotdir. Buni boshqa holatlar bilan birgalikda ko‘rib chiqish kerak. Masalan, odam ekstremizmni qo‘llab-quvvatlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganmi? O‘z qilmishining oqibatini tushundimi?” - deydi Tojikistondagi advokatlik firmasi egasi.

Bundan tashqari, advokat Tojikiston Jinoyat kodeksi jazoni yengillashtiradigan yoki qilmishning jinoiyligini bartaraf etsa, qonunning orqaga qaytish kuchiga ruxsat berishini eslatdi. Bu shuni anglatadiki, yangi tuzatishlar nafaqat kelajakdagi ishlarga, balki allaqachon chiqarilgan hukmlarga ham ta’sir qilishi mumkin.

Turkmaniston paxta terimiga budjet tashkilotlari xodimlari va bolalarni majburan jalb etgan

Turkmanistonda paxta terimi hali-hanuz majburiy mehnat asosida davom etayotgani ma’lum qilindi. 19 may kuni Inson huquqlari bo‘yicha turkman tashabbusi, Progress foundation va Sotton campaign birgalikda sharh e’lon qilgan, unda 2024 yil uchun kuzatuvlar, xulosalar ko‘rinadi.

Huquq faollari Turkmanistondagi majburiy mehnatni uzoq yillardan buyon kuzatib, uni yo‘q qilish tarafdori. Hukumat ham harakat qila boshladi va 2024 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan rejalar tuzib olgan. Lekin mamlakatda paxta yig‘im-terimiga yosh-u qari birdek jalb qilib kelinadi, ayniqsa budjet xodimlari tinimsiz dalaga haydaladi.

Majburiy mehnatni yo‘q qilishga asosiy to‘siq – buning tepasida o‘tirgan amaldorlarning o‘zi, deydi huquq faollari. Sharhni e’lon qilishdan avval tashkilot vakillari har bir viloyatda bo‘lgan, terimchilar bilan, fermerlar bilan, dalada yurib, paxta terayotgan davlat xodimlari bilan uchrashgan, gaplashgan. 2024 yil uchun xulosalar shuki, har bir davlat tashkiloti xodimlarini paxtaga majburiy jalb qiladi, o‘zi bormasa o‘rniga pulini to‘lab, terimchi yollashi kerak. Viloyatlarda shifokorlar va o‘qituvchilar ham paxtaga majburiy chiqariladi, majburlanmagan o‘qituvchilar ham bor, deydi kuzatuvchilar.

Maktablar, bolalar bog‘chalari, kasalxonalar va poliklinikalarning texnik xodimlari, shuningdek, uy-joy kommunal sohasi va davlat idoralari xodimlari mehnatga majburlanib kelinmoqda.

2024 yilgi hosil davrida bolalar mehnatidan ham foydalanilgan. Garchi davlat bolalar mehnatini rasman taqiqlagandi. Hukumat paxta terimi stavkalarini oshirgan, bu esa ixtiyoriy terimchilarni, jumladan, bolalarni rag‘batlantirgan. Hukumat 2024 yilda paxtaning xarid narxini ham oshirdi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, davlat yagona yetkazib beruvchi va xaridor bo‘lgan sharoitda ish haqini oshirish va ishlab chiqarish uskunalari bilan ta’minlash kutilgan samarani bermaydi. Davlat dehqonlarga yerni ijaraga berib, ularni urug‘lik, o‘g‘it va texnika bilan ta’minlaydi, tozalash kampaniyasini tashkil qiladi, kvotalar belgilaydi va ularga muvofiq xomashyo sotib oladi. Har bir bosqichda turkman amaldorlari oddiy odamlarni ishga majburlaydi, pul undiradi, ularni ish bilan ta’minlaganini ro‘kach qilib, munosib ish haqi bermaydi, deydi tashkilot vakillari.

Shu bois mualliflar islohotlar, birinchi navbatda, bozorning oddiy ishtirokchilari huquqlarini himoya qilishi kerakligini ta’kidlashadi.

Turkmaniston paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda 14-o‘rinda turadi va uni import qilmaydi. Turkman paxtasining eng yirik xaridorlari qatorida Turkiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bor. Italiya va Pokistonga tayyor mahsulotlar ham yetkazib beriladi. Italiya va Germaniya kompaniyalari o‘z navbatida Turkmanistonga to‘qimachilik uskunalarini yetkazib bermoqda.

AQSh «Tolibon»ning terrorchi statusini qayta ko‘rib chiqadi

AQSh «Tolibon»ning xalqaro terrorchi statusini qayta ko‘rib chiqmoqda. Davlat kotibi Marko Rubioga ko‘ra, Vashington toliblarni “xorijiy terrorchilik tashkiloti” sifatida tasniflashni qayta ko‘rib chiqadi.

Rubioning qo‘shimcha qilishicha, bu Afg‘onistonda hibsda bo‘lgan amerikaliklarning ozod qilinishi bilan bog‘liq.

Bu maqom hozir yana qayta ko‘rib chiqilmoqda, chunki siz bilganingizdek, so‘nggi bir necha hafta ichida hibsga olingan ba’zi amerikaliklarni ozod qilishda ma’lum muvaffaqiyatlarga erishdik, dedi u Vakillar palatasida bo‘lib o‘tgan eshituvda.

Davlat kotibi AQSh terrorchi tashkilotlar, jumladan, «Al-Qoida»ga qarshi kurashda «Tolibon»dan ko‘proq hamkorlikni kutishini aytdi.

Ularni ro‘yxatga olish masalasida bir qator qarorlar qabul qilishimiz kerak bo‘ladi, va bu qarorlar oxir-oqibat Afg‘onistonga nisbatan kelajakdagi siyosatimiz qanday bo‘lishi haqidagi yondashuvga asoslanadi. Biz ularning kimligini va o‘tgan zamonda nimalar qilganini aniq bilamiz. Biz ulardan «Al-Qoida» va mamlakatdagi boshqa qarshilik ko‘rsatuvchi guruhlar bilan kurashda ko‘proq hamkorlikni kutmoqdamiz. Bu prezidentning ularning hamkorligini kengaytirish uchun qo‘lidagi mavjud vositalardan biridir, dedi u.

AQSh hukumati mart oyida Afg‘oniston bilan muloqot tufayli o‘z fuqarosi Jorj Glezmanni ozod qildi. U 2022 yil dekabr oyidan beri Afg‘oniston maxsus xizmatlarida hibsda saqlangan. Yanvar oyida Afg‘oniston mahbuslar almashinuvi doirasida yana ikki AQSh fuqarosini ozod qilgandi.

Mavzuga oid