Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘paygan suvda cho‘kishlar, ruhiy «nosog‘lom» mintaqa, shifokorlarga hujum va Rog‘un GESidan 20 yillik shartnoma
Anomal issiq havo Markaziy Osiyoga jiddiy xavf solmoqda, yaqin kelajakda Ostona va Toshkentda issiqdan o‘lganlar soni yiliga 10 mingdan 23 minggacha ko‘payishi mumkin. O‘zbekiston aholisining ruhiy salomatligi joyida emas, reytingda davlat oxirgi o‘rinlarda qolib ketdi. Qozog‘istonda navbatda turishni istamagan bemor shifokorga hujum qildi. Qirg‘izistonda suvda cho‘kib o‘layotganlar soni ancha ko‘paydi. Tojikistonning Rog‘un GESi 20 yil davomida O‘zbekistonga elektr yetkazib beradigan bo‘ldi. Kobulda transafg‘on koridori bo‘yicha bitim imzolandi.

Markaziy Osiyoda anomal issiq – o‘limni ko‘paytirmoqda
Anomal issiq Markaziy Osiyoga jiddiy xavf solmoqda. Jahon banki tadqiqotlariga ko‘ra, mintaqada havo harorati ortib borishi insonlar hayoti va iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazadi. Yaqin kelajakda iqlim o‘zgarishi yomon oqibatlar yaratishidan jiddiy xavotirlar allaqachon mavjud. Markaziy Osiyoning 70 ta shaharlari qamrab olingan tadqiqotda kelishicha, issiqlik muammosi avvalo kuchaymoqda. 2023 yilda mintaqada havo harorati ko‘tarilishi 87 mingdan ortiq ish o‘rni yo‘qolishiga olib kelgan. Shundan 22 mingdan ortig‘i O‘zbekistonda, 18 mingga yaqini Ozarboyjonda qayd etilgan.
2050 yilgacha Yevropa va Markaziy Osiyodagi yirik shaharlarda issiq kunlar soni uch barobargacha oshishi mumkin. Harorat to‘lqinlari qariyalar, bolalar va kam ta’minlangan aholi uchun katta xavf tug‘diradi. Bunday holatlarda tez tibbiy yordam bo‘limlari va shifoxonalarga yuklama keskin ortadi, surunkali kasalliklar ko‘payadi.
Haddan tashqari issiq harorat ishlab chiqarish uskunalari, elektr tarmoqlariga jiddiy zarar yetkazadi. Yetkazib berish zanjirlariga salbiy ta’sir qiladi. Odamlar va ishchilar faoliyatini sekinlashtiradi, ya’ni jismoniy va aqliy samaradorlik pasayadi.
Shu bilan birga, ish soatlari kamayish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Ayniqsa, bu qurilish, transport, turizm sohalarida ko‘proq kuzatilishi mumkin. Transport tizimlari ishdan chiqishi, qurg‘oqchilik, yong‘inlar xavfi, havo sifati yomonlashuvi va energiya ta’minotida uzilishlar kuzatiladi. 2090 yilga borib Markaziy Osiyoning bir qancha yirik shaharlari, jumladan, Ostona va Toshkentda havoning issiqligi tufayli umumiy o‘lim yiliga 10 mingdan 23 mingtagacha yetishi mumkin.
Yevropa va Markaziy Osiyoda yashovchi aholining 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. So‘nggi 20 yilda o‘n minglab odamlar issiqlik bilan bog‘liq sabablar tufayli halok bo‘lgan. Agar hech qanday chora ko‘rilmasa, issiqlik oqibatida iqtisodiy yo‘qotishlar 2050 yilga borib yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 2,5 foizigacha yetishi mumkin.
Mintaqaning to‘qqizta shahri, shu jumladan Turkmanistonning Ashxobodida issiqlik sabab yillik iqtisodiy yo‘qotishlar YaIMning 2 foizidan oshish ehtimoli katta.
Qirg‘izistonda ekstremal harorat har yili 200 kilometrga yaqin yo‘llarning shikastlanishiga olib keladi. Bu esa ta’mirlash uchun katta xarajatlarni keltirib chiqaradi va transport infratuzilmasiga bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy faoliyatni izdan chiqaradi.
Ashxobodda jazirama bilan bog‘liq ortiqcha o‘limlar barcha yosh guruhlari uchun yiliga har 100 ming kishiga 25-28 holatni tashkil etadi. Ostona, Bishkek va Toshkentda esa bu ko‘rsatkich 19–21 tagacha yetadi.
Hisobotda yozilishicha, issiqlik ta’sirini kamaytirish uchun shaharlarda quyidagi choralarni ko‘rish kerak:
· erta ogohlantirish tizimlarini yaratish;
· tez tibbiy yordam xizmatlarini rivojlantirish;
· aholi ehtiyoj sezayotgan joylarda sovitish markazlari tashkil etish;
· issiqqa chidamli qurilish materiallaridan foydalanish,
· infratuzilmani rejalashtirishda ekstremal ob-havo sharoitlarini hisobga olish.
Tahlilda muvaffaqiyatli yechimlar uchun aniq siyosiy iroda, muvofiqlashtirish va barqaror moliyalashtirish zarurligi keltirilgan.
Qozog‘istonda navbatda turishni istamagan bemor shifokorga hujum qildi
Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyatida bemor jarrohga hujum qilib, og‘ir tan jarohati yetkazdi. Voqeadan so‘ng Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri xalqqa murojaat qildi. Mahalliy nashr, Tengri newsʼning yozishicha, jarroh murakkab operatsiyani o‘tkazgach, navbat bo‘yicha bemorlarini ko‘rikdan o‘tkazayotgan paytda bemorlardan biri unga hujum qilib, kaltaklagan. Ma’lum bo‘lishicha, bemor navbatda turishni istamagan va unga berilgan 3-navbatdan norozi bo‘lib, shu ishni qilgan. Hozirda shifokor og‘ir ahvolda reanimatsiyada qolmoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova voqeani dahshatli deb atadi va sentabr oyida tibbiyot xodimlariga hujum qilganlik uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha parlamentga tuzatishlar kiritilishini aytdi.
“Har kuni insonlar hayotini saqlab qolayotgan odamga qo‘l ko‘tarish uchun qo‘pollik va tajovuzkorlikning qanday darajasiga erishish kerak? Bu maishiy mojaro emas, balki jamoat xavfsizligiga tahdid. Tez tibbiy yordam, bolalar va perinatal markazlarda tun-ukun postlarini kuchaytiramiz, kameralar, xavfsizlik va vahima tugmalari bilan ta’minlaymiz", - deydi vazir.
Bunday holatlar aholining ruhiy salomatligi o‘zi qay darajada degan savolni ham o‘rtaga tashlaydi. Afsuski, Markaziy Osiyo aholisi ruhiy sog‘lomlar emas, bu borada tadqiqot o‘tkazildi va unda O‘zbekiston ham oxirgi o‘rinlarda turibdi. Hozir shu tadqiqotga ham to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zbekiston aholisining ruhiy salomatligi joyida emas, bu bo‘yicha dunyo reytingida davlatimiz oxirgi o‘rinlarda qolib ketdi. Mental state of the world xalqaro tadqiqoti ro‘yxatida O‘zbekiston 83 davlat ichida 74-o‘rinda turibdi. Bu bilan Respublika qo‘shnilari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan oldinda. Umuman, Markaziy Osiyo davlatlari orasida ruhiy salomatlik holati og‘irligicha qolmoqda. Reytingda:
- Qozog‘iston – 76-o‘rin;
- Qirg‘iziston – 79-o‘rin;
- Tojikiston – 80-o‘rin.
Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ruhiy holat indeksi 63 ballni tashkil qilmoqda. Bu insonlar oyda taxminan 21 kun davomida o‘zini barqaror va faol his qilishini anglatadi. Ammo Markaziy Osiyo davlatlari bu ko‘rsatkichdan ancha ortda qolyapti. O‘zbekiston 54,5 ballni, Qirg‘iziston va Tojikiston 51,2 ballni qo‘lga kiritgan. Qozog‘iston esa 52,3 ball bilan Braziliya, Janubiy Afrika respublikasi va hattoki Afg‘oniston bilan deyarli bir darajada.
Urush bo‘layotganiga qaramay, Ukraina, Rossiya fuqarolari ijobiy natija ko‘rsatgan, Isroil fuqarolari ruhiy sog‘lomlik bo‘yicha 4-o‘rinda.
Mutaxassislar fikricha, odamlarning ruhiy holati yomonlashishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar sabab bo‘lyapti: xavotir, tushkunlik, charchoq, yolg‘izlik va hal qilinmagan ichki muammolar. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha har sakkiz kishidan biri, ya’ni 8 milliard aholining 1 milliardga yaqini ruhiy kasallikka chalingan. Bunda, o‘smirlar eng zaif qatlam hisoblanadi, chunki ruhiy muammolarning yarmi 14 yoshgacha boshlanadi.
Rog‘un GESi 20 yil O‘zbekistonga elektr yetkazib beradi
Tojikistonning Rog‘un GESi O‘zbekistonga endi 20 yil elektr yetkazib berib turadi. Tojikiston O‘zbekiston hukumati bilan elektr energetikasi sohasida bitim loyihasini ma’qulladi. Hujjat Rog‘un gidroelektr stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini qo‘shni O‘zbekistonga yetkazib berishni nazarda tutadi. Bu haqda Tojikiston Adliya vazirligi ma’lum qilgan. Loyihaga ko‘ra, yetkazib berish hajmi va shartlari alohida shartnoma bilan ko‘rsatiladi. Hozir belgilangan narx – 1 kilovatt soat uchun 3,4 sent. Narx har yili 1 foizga indeksatsiya qilinadi.
Elektr energiyasi ikki davlatning elektr tizimi operatorlari kelishgan jadval asosida, asosan O‘zbekistonda elektr tanqisligi kuzatiladigan soatlarda yetkazib beriladi. Rog‘un GES qurilishi tugamaguncha, energiya faqat vegetatsion davrda yetkazib beriladi, ya’ni 1 apreldan 30-sentabrgacha. GES to‘liq ishga tushganidan keyin esa elektr energiyasi yil davomida har oyda jo‘natiladi. Bitim yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarni maslahatlashuvlar va muzokaralar yo‘li bilan hal etadi. Shuningdek, tomonlarning o‘zaro roziligi bilan o‘zgartirishlar kiritish imkoniyatini nazarda tutadi. Hujjat 20 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, agar tomonlar uni bekor qilish istagini muddati tugashidan 6 oy oldin bildirmasa, u avtomatik tarzda yana 10 yilga uzaytiriladi.
Qirg‘izistonda cho‘kib o‘layotganlar soni yildan yilga oshib bormoqda
Davlat Favqulodda vaziyatlar vazirligi aynan suvdagi baxtsiz hodisalar sonini kamaytirish uchun chora-tadbirlarni kuchaytirishni buyurdi. Vazir Boobek Ajikayevga ko‘ra, Qirg‘izistonda cho‘kib o‘layotganlar soni oshib borayotgani sabab, tirgaklarni tekshirish kuchaytiriladi. U Suv havzalari yaqinida ogohlantiruvchi belgilar va panjaralar o‘rnatish, viloyat rahbarlarining suv xavfsizligi choralarini kuchaytirish va profilaktika ishlarini olib borish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Vazir topshirig‘iga ko‘ra, baxtsiz hodisalarning oldini olish va qurbonlar sonini kamaytirish maqsadida qutqaruvchilar tomonidan dam oluvchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri Qirg‘iziston suv havzalarida va Issiqko‘lda 44 ta cho‘kish holati qayd etilgan bo‘lib, shundan 32 tasi yoz faslida sodir bo‘lgan. Yozda 13 nafar boladan 7 nafari suvga cho‘kib halok bo‘lgan.
Berdimuhamedov velosipedda sayr qildi
Turkmaniston sobiq prezidenti va hozirgi prezidentning otasi, Xalq maslahati raisi – Gurbanguli Berdimuhammedov Ozarboyjon safari va Avazadagi xalqaro tadbir avvalidan bu yerga kelib, velosipedda sayr qildi. Buni barcha turkman nashrlari yoritdi. Turkmenportalning yozishicha, xalq milliy lideri Balkan viloyatiga amal safari doirasida «Avaza» milliy sayyohlik zonasida Kaspiy qirg‘og‘i bo‘ylab velosiped haydagan, yo‘lida Avazaning eng go‘zal go‘shalaridan birida joylashgan sport majmuasiga to‘xtab, ertalabki mashqlarni ham bajargan. Shundan so‘ng u sohilda sayrga otlangan. Avaza bog‘lari odamlarni yangi mehnat yutuqlari sari ilhomlantiradi, deya xabar beradi TDH.
Transafg‘on temiryo‘li muhokamasi uchun Kobulda rasmiylar ko‘rishdi
Temiryo‘l loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish yuzasidan uch tomonlama bitim imzolangan. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining yozishicha, hujjatni 17 iyul kuni Kobul shahrida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari imzolagan. Hukumat a’zolari transafg‘on masalasidagi ilk uch tomonlama uchrashuvini ham o‘tkazgan.
Bu uchrashuv o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi”, deydi O‘zbekistonning tashqi siyosatiga bosh idoraning rahbari Baxtiyor Saidov.
Vazirning bildirishicha, O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston transafg‘on temiryo‘li butun Yevrosiyo uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, mazkur loyiha savdoni kuchaytiradi, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlaydi va janubiy portlar orqali jahon bozorlariga yangi yo‘l ochadi.
Uch davlat vakillari Termiz xalqaro savdo markazi imkoniyatlaridan faol foydalanishga ham kelishib olgan.
“O‘zbekiston temiryo‘llari”ning bildirishicha, hujjatning imzolanishi, avvalo, loyihaning tezroq amalga oshirilishiga, Yevrosiyoning yagona transport markazini yaratishga hamda davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning yanada chuqurlashishiga xizmat qiladi.
2023 yilning 18 iyul kuni Islomobod shahrida uch ishtirokchi davlat vakillari O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston temiryo‘l liniyasining yakuniy yo‘nalishi — Termiz—Naybobod—Maydanshahr—Logar—Xarlachi bo‘lishini kelishib olgandi.
Mavzuga oid

12:14 / 13.07.2025
Qozog‘istonda o‘ta xavfli kasallik, 10 yillik vizadan mahrum qirg‘izlar va ruslarga berilmaydigan pasport

12:28 / 29.06.2025
«Qotil» ekologiya, mashhurlar ortiga yashiringan firibgarlik va amaldorlarga majburiy til

14:05 / 22.06.2025
Xitoy va Rossiyaning «saxiyligi», toksiz Bishkek va «Rosatom»ga berilgan AES

15:39 / 15.06.2025