AQSh bilan viza muzokarasi, Rossiyaning talablari va bilimli yoshlarga mukofot - hafta dayjesti
Amerika vizasini olishi o‘ta darajada qiyin o‘zbekistonliklar uchun talablar yengillashtirilishi mumkin. Rossiyaga borishda esa qo‘shimcha byurokratiya paydo bo‘ldi. Toshkentda yo‘l o‘rtasidagi birinchi avtobus yo‘lagi va metroning yangi yo‘nalishi quriladi. Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga 72 ming dollar mukofot beriladi. Ayrim shifoxonalarda oyliklar oshmoqda. Yakunlanayotgan hafta yangiliklari – Kun.uz dayjestida.
AQShdan viza talablarini yengillashtirish so‘raladi
O‘zbekiston hukumati AQSh rasmiylari bilan viza masalalarida muzokara boshlaydigan bo‘ldi. Prezident farmoniga ko‘ra, rasmiy Toshkent Vashingtondan o‘zbekistonliklar uchun viza talablarini yengillashtirishni so‘raydi, buning evaziga AQSh vatandoshlari uchun O‘zbekistonga kirishda 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilishni taklif qiladi.
Bu yangilikning muhimligi shundaki, dunyoda AQSh vizasini olish uchun o‘zbeklarchalik qiynaladigan xalq deyarli yo‘q hisobi. Amerika vizasiga rad javobini olish bo‘yicha nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun post-sovet mintaqasi ichida eng yomon ko‘rsatkich aynan O‘zbekistonga tegishli. 2024 moliya yilida o‘zbekistonliklar AQShga sayohat qilish uchun B1/B2 toifadagi viza so‘rab bergan arizalarning naq 64 foiziga rad javobini olgan. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 5 foizga yomonlashgan.
Tasavvur qilishingiz uchun, dunyoda 200 dan ortiq mamlakat bo‘lsa, O‘zbekiston AQSh vizasini olishning qiyinligi bo‘yicha top o‘n beshtalikka kiradi. Taqqoslash uchun uzoqqa ham borish shart emas: qo‘shni tojikistonliklar va qozog‘istonliklarda AQSh vizasini olish imkoniyati o‘zbekistonliklarga qaraganda 1,5 barobarga ko‘p. Bizda arizalarning 64 foizi rad etilsa, Qirg‘izistonda ariza berganlarning xuddi shunchasi, aniqrog‘i 61 foiziga viza beriladi. Viza olishning oson-qiyinligidan tashqari, uning amal qilish muddatida ham yer bilan osmoncha farq bor: agar sizda O‘zbekiston pasporti bo‘lsa, va agar omadingiz kelsa, B1/B2 vizasini uzog‘i 1 yilga ola olasiz. Qirg‘iziston va Qozog‘iston vatandoshlariga esa bu viza 10 yilgacha muddatga beriladi.
Yuqoridagi farmonga qaytsak. Sayyohlar oqimini oshirish maqsadida O‘zbekiston 1 iyundan boshlab uchta davlat: Bahrayn, Kuvayt va O‘mon vatandoshlari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilyapti. Rossiya, Qozog‘iston va Ozarboyjon vatandoshlari esa O‘zbekistonga ichki hujjat yoki ID-karta bilan kirishi mumkin bo‘ladi. Bu boradagi muzokaralarni 3 oy ichida boshlash ko‘zda tutilgan. Eslatib o‘tamiz, ID-karta bilan bordi-keldi qilish 2023 yildan boshlab Qirg‘iziston bilan yo‘lga qo‘yilgandi.
Rossiya migrantlarga yangi talablar qo‘ymoqda
O‘zbekistonda rossiyaliklarning kirib kelishini osonlashtirish haqida gap ketayotgan paytda, narigi tomon qo‘llayotgan choralar boshqacharoq bo‘lyapti. 30 iyundan boshlab, Rossiyaga vizasiz borish huquqiga ega davlatlar fuqarolaridan RFga kirishda QR-kod ko‘rsatish talab qilinadi. Bu kodni olish uchun “Gosuslugi RuID” ilovasida ro‘yxatdan o‘tib, fotosurat va shaxsiy ma’lumotlarni kiritish, Rossiyada bo‘lish muddatini ko‘rsatish kerak. QR-kod olish uchun ariza safardan kamida 72 soat oldin berilishi shart. Agar Rossiyaga borish zarurati to‘satdan, paydo bo‘lsa, arizani 4 soat qolganda ham topshirish mumkin. 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun QR-kod talab etilmaydi.
Seshanba kuni Davlat dumasi migrantlarga aloqador yana bir qonunni qabul qildi. Agar qonun imzolansa, 1 sentabrdan e’tiboran Moskva shahri va Moskva oblastida ishlash uchun ruxsatnoma olishni xohlovchi migrantlar maxsus mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tib, bu ilovaga telefonning geolokatsiyasini kuzatish imkonini berishi kerak bo‘ladi. Bu ilova qurilmaning geolokatsiyasini Rossiya Ichki ishlar vazirligiga uzatib turadi. Agar 3 kun davomida lokatsiya haqida ma’lumot uzatilmasa, migrant tegishli ro‘yxatdan o‘chiriladi va unga sud qarorisiz deportatsiya xavf sola boshlaydi. Migrantning smartfoni bo‘lmasa, qanday yo‘l tutilishi ma’lum emas. Duma spikeri Vyacheslav Volodinga ko‘ra, eksperiment muvaffaqiyatli chiqsa, Moskvadan boshqa regionlarga ham tatbiq etiladi.
Rossiyadagi migrantlar haqida bu hafta Tergov qo‘mitasi boshlig‘i Aleksandr Bastrikin ham gapirdi. U Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming nafar chet ellik Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotganini ma’lum qilib, ular o‘z vatani – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonda yashashni “negadir yoqtirmasligi”ni aytib piching qildi. Vaholanki, ko‘plab holatlarda markaziy osiyolik migrantlar urushga majburan olib ketilayotgani, bu ayniqsa qamoqxonalarda avj olgani hammaga ma’lum. Migrantlar yonidan giyohvand modda topilgani vaji bilan qamaladi, keyin urushga borishga majburlash uchun qo‘rqitiladi, yolg‘iz kamerada qamab qo‘yilib, jazo muddatini uzaytirish bilan tahdid qilinadi.
Hafta davomida Rossiya parlamenti va ijro organlaridan tashqari, prezident idorasi – Kremldan ham yoqimsiz bayonotlar yangradi. Vladimir Putinning maslahatchisi Anton Kobyakov “SSSR yuridik jihatdan hozir ham mavjud” degan safsatani takrorladi. U shundan kelib chiqqan holda, Ukraina bilan urushni “ichki jarayon” deb atadi. Bunga javoban Oliy Majlis deputati Alisher Qodirov Kobyakovni “shamollagan xayolparast” deya ta’riflab, qalban rus dunyosiga mansub bo‘lganlar Rossiyaga borib yashashi kerakligini aytdi.
Xalqaro fan olimpiadasi medallari uchun mukofot miqdori oshirildi
Nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga to‘lanadigan pul mukofoti 5 barobarga oshirildi. Prezident farmoniga ko‘ra, bundan buyon beshta fan bo‘yicha tan olingan xalqaro olimpiadada oltin medal olganlarga bazaviy hisoblash miqdorining 2500 barobari miqdorida pul mukofoti beriladi. Bu hozirda salkam 940 mln so‘m yoki 72 ming dollarga teng. Kumush medal sohiblari 562 mln so‘m, bronza olganlar 375 mln so‘m bilan taqdirlanadi. O‘qituvchilar va terma jamoa rahbarlariga to‘lanadigan mukofot pullari miqdori o‘zgarishsiz qoldi.
Ma’lumot uchun, nufuzli xalqaro olimpiadalarga fizika, matematika, kimyo, biologiya va informatika olimpiadalari kiradi. O‘tgan yili o‘zbekistonlik yoshlar bu musobaqalarda 1 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza, jami 11 ta medalni qo‘lga kiritgan. Sport olimpiadalaridan farqli ravishda, bu bilimli yoshlarni pul bilan taqdirlash borasida ijtimoiy tarmoqlarda faqat ijobiy munosabatni kuzatish mumkin.
20 may kuni imzolangan farmon bilan, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati ochilishi belgilandi. Bu, avval aytilganidek, iqtidorli o‘quvchilarni nufuzli xorijiy universitetlarga o‘qishga tayyorlovchi ixtisoslashgan “Harvardchilar maktabi” bo‘ladi. Akademik va moliyaviy jihatdan to‘liq mustaqillikka ega bo‘ladigan maktabda, bitta o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘quvchilar soni 8 tadan oshmaydi; bitiruvchilarga shahodatnomadan tashqari, yetakchi xorijiy universitetga kirish imkonini beradigan xalqaro ta’lim dasturi diplomi ham beriladi. Bo‘lajak harvardchilar uchun o‘quv dargohi qurilguniga qadar, ular al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktab binolarida o‘qib turishadi.
Poytaxtda transport yangiliklari
Toshkent metrosi TTZgacha uzaytiriladi. Bu haqda avvalroq aytilgan rejalar qayta ishlanib, dushanba kuni prezidentga taqdimot qilindi. Ma’lum qilinishicha, 1-bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Feruza dahasigacha mavjud temiryo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. 2-bosqichda Feruzadan Toshkent traktor zavodi dahasigacha yo‘nalish barpo etiladi. Feruza–TTZ yo‘nalishidagi metro yerosti bo‘ladimi, yer ustimi, bu haqda ma’lumot berilmadi.
Shaharda, shuningdek, yo‘l o‘rtasidan o‘tuvchi birinchi tezyurar avtobus yo‘lagi (BRT) paydo bo‘lishi kutilyapti. Shota Rustaveli ko‘chasidagi loyihani amalga oshirish yaqin kunlarda boshlanib, 1 sentabrgacha foydalanishga topshiriladi. “O‘zgarish” chorrahasidan boshlanib, Grand Mir mehmonxonasigacha davom etadigan rekonstruksiya davomida avtobuslar uchun yo‘lning o‘rtasidan o‘tuvchi alohida yo‘lak va bekatlar quriladi. Keyinchalik liniyani Yangi Sergeli, Shahrisabz va Amir Temur ko‘chalariga ham uzaytirib, Sergelidan to Yunusobodgacha avtobuslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilgan. Loyiha uchun budjetdan 50 mln dollar ajratiladi. Pudratchi – jami 1 mlrd dollarlik shartnomani qo‘lga kiritgan Xitoy kompaniyasi.
Poytaxtning boshqa ayrim ko‘chalarida ham kichik o‘zgarish bo‘ladi: seshanba kuni shahar hokimi imzolagan qarorga asosan, piyodalar yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘ta olmasligi uchun, jami 5,6 kilometrlik masofada temir panjaralar o‘rnatiladigan bo‘ldi. Buning uchun salkam 1,5 mlrd so‘m ajratilyapti. Bundan tashqari, bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qavariq piyodalar o‘tish joylari tashkil etishga 588 mln so‘m ajratildi. Qavariq, ya’ni qatnov qismidan bo‘rtib chiqib turadigan zebra chiziqlari shaharning 42 ta nuqtasida paydo bo‘ladi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriya va Sloveniyaga tashrif buyurdi. O‘zbekiston va Vengriya munosabatlari kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga olib chiqildi. Mojariston kompaniyasi O‘zbekistonda quriladigan AES uchun quruq sovutish tizimlarini yetkazib beradigan bo‘ldi. Budapeshtda, shuningdek, Turkiy davlatlar prezidentlarining norasmiy sammiti ham bo‘lib o‘tdi. Sloveniyaga tashrifda esa, O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropaga eksportida Kopyor porti imkoniyatlaridan foydalanish, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi oqimini yo‘lga qo‘yish kabi masalalarda kelishuvlarga erishildi.
1 iyuldan boshlab ayrim shifoxonalarda oyliklar oshiriladi. Bu – 15 ta tuman (shahar)da tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimining yangi modeli joriy etilishi bilan bog‘liq. Ro‘yxatga kiritilgan tuman yoki shahar markaziy shifoxonalarida shifokorlarning oyligi 20 foizga, hamshiralar oyligi 10 foizga oshirilib, KPI asosida 100 foizgacha ustama olish imkoniyati beriladi. 2026 yil 1 yanvardan bu tizim Samarqand viloyatining barcha tuman-shaharlarida joriy etilishi begilangan.
Toshkent viloyatida ikki nafar ichki ishlar xodimi katta miqdorda pora bilan ushlandi. Ulardan biri 20 ming dollar, ikkinchisi 24 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan. Shuningdek, Qashqadaryoda sud eksperti 1500 dollar bilan, Xorazmda esa soliq inspektori 900 dollar bilan ushlandi. Shuningdek, Soliq qo‘mitasining ikki xodimi 82 mlrd so‘mlik QQSni noqonuniy qaytarish ishi doirasida qamoqqa olindi. Eslatib o‘tamiz, aprel oyidagi prezident farmoniga binoan, davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadini deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonun loyihasi may oyida, ya’ni shu oy oxirigacha tayyor bo‘lishi kerak.
Xorazmda metollolomga topshirilgan snaryad portlab ketgani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, voqea 11 aprel kuni Yangiariq tumanida ro‘y bergan. Portlash oqibatida temir-tersak yig‘ish punktida ishlovchi 31 yoshli erkak vafot etgan. O‘rganishlarda voqea joyidan 30 ga yaqin snaryad topilgan. Mudofaa vazirligiga ko‘ra, bu snaryadlar Qurolli Kuchlarga tegishli emas. 1970-yillarga oid qurollarni mahalliy cho‘ponlar qazib olib, metollolomga topshirgan. Holat yuzasidan harbiy prokuratura tergov o‘tkazmoqda.
Daraxt kesish bo‘yicha kelib tushgan arizalar jamoatchilikka ochiqlanadi. Prezident qaroriga binoan, 1 dekabrdan e’tiboran kim, qayerda, qanaqa turdagi, nechta daraxtni kesish uchun ariza berayotgani tegishli platformada hammaga ko‘rinib turadi. Platformada noqonuniy shag‘al qazib olgan shaxslar haqida ham ma’lumot berib boriladi. Lekin noqonuniy daraxt kesganlar haqida ma’lumot berib borish ko‘zda tutilmagan.
Mavzuga oid

12:13 / 21.05.2025
O‘zbekistonliklar uchun viza olishni osonlashtirish bo‘yicha AQSh bilan muzokara o‘tkaziladi

22:47 / 20.05.2025
Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming chet ellik Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda - Bastrikin

22:06 / 20.05.2025
AQSh 200 ming ukrainalikni deportatsiya qilishi mumkin

10:12 / 20.05.2025