Jahon | 14:21
2292
11 daqiqa o‘qiladi

Harvarddagi mojaro, geosiyosiy tanlov oldida qolgan Serbiya va Rossiyaga tahdid qilgan G7 – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G7 moliya vazirlari Rossiyaga sanksiyalarni kuchaytirish bilan tahdid qildi

«Yettilik guruhi» (G7) mamlakatlari moliya vazirlari qo‘shma bayonot chiqarib, agar Moskva Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, Rossiyaga bosimni kuchaytirish, jumladan, sanksiyalarni kuchaytirish bilan tahdid qilishdi. Ular Rossiyaning davom etayotgan tajovuzkorligini qoraladilar va «mojaro vaqtida Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi har qanday tashkilot» Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha shartnomalardan chetda qolishini aytishdi.

«Yettilik guruhi» mamlakatlari moliya vazirliklari rahbarlari global iqtisodiy siyosatdagi noaniqlik cho‘qqisi allaqachon o‘tib ketgani haqida fikr bildirdi. Ular bozorlarni barqarorlashtirish va umumiy siyosat maqsadlariga erishish uchun birgalikda harakat qilishlarini aytishdi.

Bayonotda, shuningdek, Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan holda, ayrim mamlakatlarning «bozorga xos bo‘lmagan siyosati va amaliyoti» boshqalarning iqtisodiy xavfsizligiga ta’sir qilishi qayd etilgan. Hujjat «barcha uchun teng sharoitlar» yaratishga chaqiradi, deb yozadi AFP.

Kanadaning Kalgari yaqinidagi Banf kurortida bo‘lib o‘tgan uch kunlik sammit yakunlari bo‘yicha G7 moliya vazirlarining qo‘shma bayonoti e’lon qilindi. Kanada ayni paytda AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Yaponiyani o‘z ichiga olgan G7'ga raislik qilmoqda. Rossiya 2014 yilda Qrim qo‘shib olinganidan keyin sobiq «katta sakkizlik»dan chiqarib yuborilgan edi.

Isroil aviazarbalarni to‘xtatmayapti: qurbonlar oshmoqda

Isroil armiyasining blokadadagi G‘azo sektorining janubidagi Xon Yunus shahriga uyushtirgan hujumlari natijasida 32 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Xususan, Falastinning WAFA axborot agentligi xabariga ko‘ra, Xon Yunus chekkasidagi Al-Absan posyolkasida joylashgan Dag‘ma oilasining uyiga qilingan hujum oqibatida 11 kishi, asosan bolalar halok bo‘lgan. Ko‘plab og‘ir yaradorlar borligi ham aytilmoqda.

Xon Yunusda boshqa bir turar joy uyiga qilingan Isroil hujumi natijasida yana 3 nafar falastinlik, jumladan 2 bola halok bo‘lgan. Bombardimonlar va vayron bo‘lgan infratuzilma tufayli tez yordam brigadalari yaradorlarni shifoxonalarga olib borishda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

G‘azo sektorining markaziy qismidagi Deyr-al-Balah shahrida esa Isroil harbiy samolyotlari insonparvar yordam karvoniga zarba bergan. Buning natijasida 6 nafar falastinlik, xususan xalqaro tashkilotlar omborlariga yordam yetkazayotgan xodimlar halok bo‘lgan. Deyr-al-Balahning sharqiy qismiga qilingan yana bir aviazarba oqibatida halok bo‘lgan to‘rt nafar falastinlikning jasadi «Al-Aqso» kasalxonasiga olib kelingan.

Anadolu'ning G‘azo rasmiylariga tayanib yozishicha, Isroil armiyasi G‘azodan hibsga olingan 10 nafar falastinlikni ozod qilgan. Ular shifoxonaga tibbiy ko‘rik uchun olib borildi, lekin hozircha ularning sog‘lig‘i haqida ma’lumot yo‘q.

So‘nggi 24 soat ichida Isroil G‘azoda 75 ta nishonga aviazarbalar berdi. Rasman bu hujumlar qurolli guruhlarga qaratilgan deyilgan, biroq falastinlik manbalarga ko‘ra, tinch aholi uylariga va ko‘chirilganlar lagerlariga ham zarba berilgan.

2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 53 822 nafarga yetdi. So‘nggi bir sutkada esa 60 kishi halok bo‘lib, 185 kishi yaralangan.

Kaya Kallas: Serbiya geosiyosiy tanlov qilishi kerak

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Belgradga tashrifi chog‘ida Serbiya «qayerda bo‘lishni xohlashi» bo‘yicha «strategik, geostrategik» tanlov oldida turganini aytdi. Associated Press agentligi Yevropa Ittifoqi bosh diplomatining so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Bryusselning ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirib, 9 may G‘alaba kuni Moskvada o‘tkazilgan harbiy paradda qatnashganidan ikki hafta o‘tgach, Kallas: «Serbiyaning Yevropa kelajagi u qo‘llab-quvvatlaydigan qadriyatlarga bog‘liq», dedi.

«Ukrainada bu dahshatli urush olib borayotgan odam bilan nega yonma-yon turishimiz kerakligini tushunmayapman», dedi Kallas. Uning qo‘shimcha qilishicha, Serbiya prezidenti «o‘z versiyasini taqdim etgan».

Kallasning so‘zlariga ko‘ra, Serbiya siyosiy rahbariyati YeIga kirishni o‘zining strategik maqsadi deb atashda davom etmoqda. Biroq Bryussel «bu so‘zlarni isbotlaydigan va qo‘llab-quvvatlaydigan harakatlarni ko‘rishni» istaydi, dedi u.

Sud Harvardga xalqaro talabalar qabulini cheklashga doir Tramp ma’muriyati urinishini to‘xtatdi

AQSh federal sudyasi Juma kuni Tramp ma’muriyatining Harvard universitetiga xalqaro talabalarni qabul qilishni taqiqlashga urinishni vaqtincha to‘xtatdi. New York Times’ning yozishicha, bu qaror Harvardning favqulodda arizasidan so‘ng chiqarildi.

Oldinroq, AQSh Ichki xavfsizlik departamenti universitetning xalqaro talabalarni o‘qitish sertifikatini bekor qilgan edi. Harvard buni noqonuniy va siyosiy qasos deb atab, sudga murojaat qildi.

Universitet prezidenti Alan Garber bu harakat minglab talabalar va olimlarning kelajagiga tahdid solishini, universitetga esa jiddiy zarar yetkazishini aytdi.

Sudga ko‘ra, hukumat talab qilgan hujjatlar – 7 mingdan ortiq xalqaro talaba bo‘yicha 10 kun ichida to‘liq ma’lumot – «misli ko‘rilmagan» darajada murakkab bo‘lgan. Harvard ushbu talablarni bajarganini bildirgan, biroq bu «yetarli emas» deb topilgan.

Tramp ma’muriyati Harvardni antisemitizm va «Amerikaga qarshi kayfiyat» bilan ayblab, universitetga qarshi sakkizdan ortiq tergov boshlagan, shuningdek, milliarlab dollarlik grant va kontraktlarni muzlatib qo‘ygan.

Mazkur cheklov taxminan 6 800 xalqaro talabani, xususan, kuzgi semestrga tayyorlanayotganlarni ham bevosita ta’sir ostida qoldiradi. Harvard advokatlari bu talabalar mamlakatga kira olmasligini, universitet esa yirik moliyaviy yo‘qotishlarga uchrashini ta’kidladi.

Vaqtincha to‘xtatish qarori chiqarilgan bo‘lsa-da, asosiy eshituv 29 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Rossiya va Ukraina asirlar almashdi

Ukraina va Rossiya 16 may kuni Istanbulda erishilgan kelishuv doirasida «1000 ga 1000» formatida asirlar almashinuvi bo‘yicha birinchi bosqichni amalga oshirdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

«‘1000 ga 1000ʼ almashuv bo‘yicha kelishuvning birinchi qismi amalga oshirildi. Bu kelishuv Turkiyadagi uchrashuvda erishilgan edi va uni to‘liq amalga oshirish muhim. Bugun – 390 kishi. Shanba va yakshanba kunlari almashinuv davom etishini kutyapmiz», – deb yozdi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti fuqarolarni vatanga qaytarish uchun yordam berayotgan va tun-u kun ishlayotganlarga minnatdorchilik bildirdi.

«Asirlikdagi barcha insonlarni qaytarish juda muhim. Har bir ism, har bir odam bo‘yicha ma’lumot tekshirilmoqda. Bunday qadamlarning amalga oshishi uchun diplomatik harakatlarimizni davom ettiramiz», – deya qo‘shimcha qildi u.

Ukrainaning harbiy asirlar bilan ishlovchi Koordinatsion shtabi xabar berishicha, 270 harbiy xizmatchi va 120 nafar tinch aholi vakili uylariga qaytarilgan.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov esa almashuv ro‘yxatlari yagona mezon — hayotni saqlab qolish asosida tuzilganini aytgan. Istanbuldagi kelishuvlar asosida bir necha kun davom etadigan yangi almashuvlar kutilmoqda.

Eron Ozarboyjon elchixonasiga hujum qilgan erkakni qatl qildi

Eronda 2023 yil yanvarida Ozarboyjonning Tehrondagi elchixonasiga qurolli hujum uyushtirib, elchixona xavfsizlik xizmati rahbarini o‘ldirgan va yana ikki kishini jarohatlaganlikda aybdor deb topilgan shaxs o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Eronning IRNA axborot agentligi xabar berdi.

Mahkumning ismi oshkor etilmadi. OAV xabariga ko‘ra, hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng ijro etilgan, ammo qanday usulda ekaniga aniqlik kiritilmagan. Odatda, Eronda o‘lim jazosi osish orqali amalga oshiriladi. Hujum qilgan shaxs qotillik, noqonuniy qurol saqlash va jamoat tinchligini buzishda aybdor deb topildi.

Eron hukumati hujumga shaxsiy fojia sabab bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Biroq Boku voqeani terrorchilik harakati sifatida tan oldi.

Hujumdan keyin Ozarboyjon diplomatik missiyasi yopildi va xodimlar Eron hududini tark etdi. 2023 yil aprelida Boku to‘rt nafar eronlik diplomatni chiqarib yubordi va Tehron ham bunga shu tarzda javob qaytardi. Ozarboyjon elchixonasi faqat 2024 yil iyul oyida ochildi, ammo boshqa manzilda.

Rossiyada migrantlarning ayrim farzandlari rus tili imtihonidan ozod qilindi

Rus tilidan bilimini majburiy sinovdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirgunga qadar rus maktablariga o‘qishga kirgan migrantlarning farzandlari imtihonda qatnashmaydi, bu maqsadga muvofiq emas, dedi RIA Novosti agentligiga «Rosobrnadzor» rahbari Anzor Muzayev.

Avvalroq, Davlat Dumasining «Novyye lyudi» fraksiyasi deputatlari har yili rus maktablarida ta’lim olayotgan migrantlar farzandlarining rus tili bilimini sinovdan o‘tkazishni taklif qilgan edi.

«Bizga bunday buyruq kelmadi va men bu ishni bajarishdan hozircha hech qanday ma’no ko‘rmayapman», dedi boshqarma boshlig‘i. Biroq Muzayevga ko‘ra, o‘qituvchilar chet el fuqarolarining farzandlari rus tilini o‘rganishda muammolarga duch kelmasligi uchun harakat qilishi kerak.

Rossiyada rus maktablariga kirish va o‘qishni davom ettirishni rejalashtirayotgan voyaga yetmagan chet el fuqarolari uchun rus tilini bilish darajasini aniqlash testi 2025 yil 1 apreldan boshlab joriy qilingan.

Mavzuga oid