O‘zbekiston | 09:24
22527
4 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis Toshkentda kuzatilgan chang bo‘roni sabablarini ma’lum qildi

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrida 17 may kuni kechga yaqin chang bo‘roni kuzatildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Po‘latov shahar aholisini bezovta qilgan bu tabiiy hodisa bo‘yicha mutaxassis fikri asosida tushuntirish berdi.

Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Batir Xalmuratovning fikriga ko‘ra, Toshkentda chang bo‘ronining yuzaga kelishiga bir nechta omillar sabab bo‘lgan. Eng asosiy sabab – salqin shimoliy havo oqimi va janubdan kirib kelayotgan issiq havo massasining to‘qnashuvi, bosimning noodatiy ortishi va keskin shamol kuchayishidir. Bu havo massalari o‘rtasidagi keskin harorat farqi kuchli shamolni keltirib chiqargan.

Kuchli shamol o‘z navbatida qurigan tuproqdan va ochiq yer maydonlaridan chang zarrachalarini ko‘tarib, havo muhitiga tarqatdi. Natijada shaharning turli nuqtalarida ko‘rish masofasi qisqarib, nafas olish qiyinlashgan. Ob-havo sharoitini o‘rganuvchi ekspertlar bu holatni «frontal to‘qnashuv» deb ataydi. Ya’ni sovuq va issiq havo massalari bir joyda to‘qnashganida atmosfera beqarorlashib, kuchli shamol va chang ko‘tarilishi ehtimoli keskin ortadi. Aynan shu jarayon Toshkentda bulutli osmon, chaqmoq va qisqa muddatli yog‘ingarchilik bilan birga kechdi.

Toshkentda chang bo‘roni paytida Nukus shahrida havo nisbatan barqaror edi. U yerda faqat salqinlik va yengil shamol kuzatilgan. Mutaxassislarning qayd etishicha, Nukusda chang bo‘roni kuzatilmaganiga sabab shamol tezligining yetarlicha kuchli emasligi, tuproqning namligi yoki changga boy bo‘lmagan hududlar ustidan shamol harakatlangani bo‘lishi mumkin.

Nimalar bo‘ldi?

17 may kuni soat 19:00 atrofida Toshkentda ob-havo keskin o‘zgardi. To‘satdan musaffo osmon qorong‘ilashdi, kuchli shamol chang-to‘zonlarni olib keldi. Ko‘chalardagi chang, barg va chiqindilar havoga ko‘tarildi. Ba’zi joylarda tomlar uchdi, daraxtlar qulab tushdi. Aeroport vaqtincha samolyotlarni qabul qila va jo‘nata olmadi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

IQAir servisiga ko‘ra, Toshkent yana bir bor havo sifati bo‘yicha jahon antireytingida yetakchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston poytaxti boshqa shaharlarni katta farq bilan ortda qoldirdi. Soat 21:30 ga kelib shamol susayib, vaziyat yaxshilana boshladi.

Energetika vazirligiga ko‘ra, Toshkent shahrida 8,5 ming, Toshkent viloyatida 10,3 ming abonent vaqtincha elektr energiyasidan uzilib qoldi.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa xizmatlar daraxtlar va ularning shoxlari qulashi oqibatlarini bartaraf etish bilan shug‘ullandi. Ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlar mashinalar ustiga qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi.

Toshkent hokimligining xabar berishicha, voqea joyiga shahar obodonlashtirish xizmatlari tezkorlik bilan jo‘natilgan: «Qulab tushgan daraxtlarni arralash va olib chiqish, ko‘chalar, yo‘laklar va hovlilarni tozalash, shuningdek, yo‘l qoplamalarini yuvish va ifloslanish oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda».

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi uyda qolish, derazalarni yopish, namlikni oshirish (yuzalarni nam latta bilan artish, namlagichdan foydalanish), ko‘proq suyuqlik ichish, ko‘chada niqob taqishni tavsiya qildi.

Qo‘mita va Sog‘liqni saqlash vazirligi nafas olish qiyinlashganda tibbiy yordamga murojaat qilishni tavsiya etdi.

Mavzuga oid