Jahon | 13:23 / 13.05.2025
2244
9 daqiqa o‘qiladi

HAMAS ozod qilgan amerikalik askar, tarqatib yuborilgan kurdlar partiyasi va Xitoy bilan savdo urushini muzlatgan AQSh – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroilning G‘azoga havo hujumlari: 18 kishi halok bo‘ldi

Isroil armiyasining G‘azo sektori turli hududlariga, jumladan, ko‘chirilgan falastinliklar boshpana topgan maktabga uyushtirgan ketma-ket hujumi oqibatida 18 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi.

Falastin tibbiy manbalari ma’lum qilishicha, Isroil kuchlari G‘azo shimolidagi Fatma bint Asad maktabiga zarba berdi, u yerda ko‘chirilgan falastinliklar bo‘lgan. Isroil samolyotlari binoga ikki marta hujum qildi, 16 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi.

Guvohlarning xabar berishicha, Isroil qo‘shinlari G‘azo sharqidagi Tuffah hududidagi bir nechta binolarni kuchli otishma bilan vayron qilgan.

Bundan tashqari, Isroil uchuvchisiz uchog‘i G‘azo markazidagi Nuseyrat falastinlik qochqinlar lageridagi Hammad al-Hasanata masjidi yaqinidagi hududga hujum qildi, yosh qizcha halok bo‘ldi.

Shuningdek, bir necha kun avval Bureyj lageridagi Abu Xemis maktabining o‘qqa tutilishi natijasida yaralangan bir falastinlik ham olgan jarohatlaridan vafot etgan. Nusayrat lagerining shimolidagi Az-Zahro hududida Isroilning o‘qqa tutishi natijasida ikki falastinlik yaralandi.

Eron va AQSh yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshladi

Eron va AQSh muzokarachilari Ummon sultonligi poytaxti Maskatda Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirdi. Eronning ISNA axborot agentligining qayd etishicha, bu muzokaralarning to‘rtinchi bosqichidir.

Uchrashuvda Tehrondan tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi, Vashingtondan esa maxsus vakil Stiv Uitkoff ishtirok etmoqda. To‘rtinchi raund dastlab 3 mayga belgilangan edi, biroq «logistik va texnik sabablarga ko‘ra» qoldirildi, dedi Eron vaziri.

8 may kuni Uitkoff Breitbart News nashriga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlar Erondan uranni boyitishdan voz kechishni va yadroviy inshootlarini butunlay demontaj qilishni talab qilishini, aks holda Vashington «boshqa yo‘ldan borishiga to‘g‘ri kelishini» bildirganini aytdi. Aragchi 10 may kuni Eron o‘z «yadroviy huquqlarining hech biridan voz kechmasligini» ta’kidladi.

Avvalgi AQSh-Eron maslahatlashuvlari 12, 19 va 26 aprel kunlari Maskat va Rimda bo‘lib o‘tgan. Donald Tramp 13-16 may kunlari Saudiya Arabistoni, Qatar va BAAga tashrif buyurmoqchi.

Kurdiston ishchilar partiyasi tarqatib yuborilganini e’lon qildi

Mustaqil kurd davlatini yaratish uchun Turkiyaga qarshi 40 yildan ortiq qurolli kurash olib borgan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) tarqatib yuborilganini e’lon qildi. Bu qaror partiyaning may oyi boshida bo‘lib o‘tgan 12-qurultoyi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan, deb yozdi Reuters.

Qurultoy delegatlari KIP kurd muammosini endi demokratik yo‘llar bilan hal qilishi mumkin degan xulosaga keldi. Shunday qilib, Kurdiston ishchilar partiyasi o‘z tarixiy missiyasini bajardi va o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Qurultoy 1999 yildan beri umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan KIP yetakchisi Abdulla O‘jalan 2025 yil fevralida tarafdorlarini qurolli kurashni to‘xtatish va Turkiya siyosiy tizimini demokratlashtirish va unga to‘liq integratsiyalashuvda ishtirok etishni boshlashga chaqirganidan keyin o‘tkazildi.

Abdulla O‘jalan turk kurdlarini qurol tashlashga chaqirdi U 1990-yillarning oxiridan beri umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda.

AQSh–Xitoy savdo urushi 90 kunga muzlatilmoqda

AQSh va Xitoy o‘zaro savdo tariflarini 90 kun muddatga pasaytirishga kelishib oldi.

Bloombergʼning xabar berishicha, ikki tomon 2025 yil yanvaridan buyon ilk marta yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazdi. Jyenevada ikki kun davom etgan muzokaralarda AQShdan moliya vaziri Skott Bessent, XXRdan bosh vazir o‘rinbosari He Lifen ishtirok etdi. Ular savdo ziddiyatini yumshatishga va ikki mamlakat iqtisodiyotlariga moslashish uchun vaqt berishga kelishib olgan.

AQSh 145 foizlik bojlarini 30 foizgacha, Xitoy esa 125 foizdan 10 foizgacha tushiradi. Ushbu dastlabki kelishuv muddati 90 kun deb belgilandi. Tomonlar muzokaralar «konstruktiv» va «ochiq» o‘tganini aytib, savdo urushidagi deeskalatsiya haqida bayonotlar bergan.

Prezident Donald Tramp Xitoy bilan «munosabatlarni do‘stona, lekin konstruktiv tarzda to‘liq qayta o‘rnatishga» erishilganini aytdi. U Xitoyning Amerika biznesi uchun «ochilayotgani»ni ko‘rishni xohlayotganini qo‘shimcha qildi.

HAMAS so‘nggi amerikalik garovdagi askarni ozod qildi

HAMAS harakati 12 may kuni G‘azoda saqlanayotgan so‘nggi tirik amerikalik — Idan Aleksandrni ozod qildi. Bu Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi arafasida, AQSh bilan, Isroil hukumati ishtirokisiz erishilgan bitim natijasida amalga oshdi.

Aleksander G‘azo sektorining janubidagi Xan-Yunis shahrida Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi vakillariga topshirildi. Isroil hukumati e’lon qilgan videoda Alexander rangi oqargani, ammo yaqinlarini quvonch bilan quchoqlayotganini ko‘rish mumkin. U G‘azodagi tunnelda bog‘langan holda saqlanganini aytib bergan.

New York Times nashrining yozishicha, 21 yoshli Idan ikki fuqarolikka ega bo‘lgan va Isroil armiyasida xizmat qilgan. U 2023 yil 7 oktabr kuni HAMAS tomonidan asirga olingan 250 kishidan biri edi.

HAMAS hamon garovda o‘nlab tirik va vafot etgan asirlarni ushlab turibdi. Harakat faqat urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv bo‘lsa, qolganlarni ozod qilishga tayyorligini bildirgan.

Isroil Bosh vaziri Netanyaxu buni HAMASga nisbatan bosim strategiyasining samarasidir, deb baholagan. AQSh prezidenti Donald Tramp esa, bu holatni «urushni tugatish yo‘lida muhim qadam» deb atadi.

Bitim tafsilotlari sir tutilmoqda, ammo AQSh vakillari avvalroq HAMAS bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashgan, so‘ng Isroil e’tirozlari tufayli muzokaralarni to‘xtatgani aytilgan edi.

Olimlar birinchi marta qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirdi

Fiziklar dunyodagi eng kuchli zarracha tezlatgichi bo‘lgan Katta adron kollayderida birinchi marta qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Newsweek xabar berdi.

Asrlar davomida qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirish g‘oyasi - xrizopeya - erishib bo‘lmaydigan marradek tuyulgan edi. Bu ikki metallning zichligi o‘xshash, ammo atom darajasida farqlanadi, shuning uchun ularni kimyoviy usullar bilan bitta metallga aylantirib bo‘lmaydi. Biroq, yadroviy reaksiyalar yordamida bunga erishish mumkin, bu Yevropa yadroviy tadqiqotlar tashkiloti tomonidan tasdiqlandi.

Tadqiqot davomida qo‘rg‘oshin yadrolari yorug‘lik tezligining 99,999993 foizigacha tezlashdi. Ular deyarli yuzma-yuz to‘qnashdi, lekin oxirgi lahzada ajralib ketdi. Fotoyadro reaksiyalari boshlandi, bu kamdan kam hollarda qo‘rg‘oshin yadrolari (82 proton bilan) uchta protonni yo‘qotib, oltinga (79 proton bilan) aylanishiga olib keldi. Jarayon sekundiga 89 ming o‘zgarish tezligida sodir bo‘ldi, ammo hosil bo‘lgan atomlar tezda parchalanib ketdi.

Olimlar qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirish mumkinligini tasdiqladi, biroq uni ishlab chiqarish uchun Katta adron kollayderidan foydalanish eng yaxshi g‘oya emas. Tajribalar davomida olimlar oltinning arzimas hajmiga ega bo‘ldi - nikoh uzugini yasash uchun zarur bo‘lganidan trillion marta kamroq. Qimmatbaho metallning bir grammini olish uchun kollayderni kvadrillion yil davomida ishlatish kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid