Jahon | 14:37
3222
9 daqiqa o‘qiladi

Hindistonga qarshi operatsiya boshlagan Pokiston, ozod qilingan O‘zturk va AQShga bojlar bilan tahdid qilgan YeI – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Pokiston Hindistonga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshladi

Pokiston «Banyan-ul-Marsus» («Mustahkam devor») deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi, deb xabar berdi Pokistonning Geo TV telekanali xavfsizlik manbalariga tayanib. Keyinroq Pokiston hukumatining X'dagi akkauntida operatsiya boshlangani haqidagi xabar paydo bo‘ldi.

Nashr manbalariga ko‘ra, amaliyot doirasida Pokiston armiyasi Hindiston hududidagi ko‘plab strategik nishonlarga zarba berishni rejalashtirgan. Nashr Hindiston-Rossiya qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqariladigan, tovushdan tez uchuvchi BrahMos raketalari ombori yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Shuningdek, nashr manbalariga ko‘ra, boshlangan operatsiya davomida Pokiston Hindistonning Udhampur va Pathankot havo bazalariga, armiya brigadasi qarorgohi va yirik harbiy omborga zarba bergan.

Bir necha soat oldin Pokiston armiyasi Hindistondan o‘zining havo bazalariga raketa hujumi uyushtirilganini e’lon qilgan va javob choralari bilan tahdid qilgan edi. Bazalardan biri Nur Xon Ravalpindi shahrida, poytaxt Islomoboddan 10 km uzoqlikda joylashgan. Shundan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab havo hududi mahalliy vaqt bilan 10 may kuni tushgacha yopildi.

Hindiston ommaviy axborot vositalari, yuqoridagi xabarlarni tasdiqlovchi hech qanday zarbalar haqida xabar bermagan. Shuningdek, Hindiston rasmiylari avvalroq Pokiston havo bazalariga zarbalar berilgani haqidagi xabarlarga ham izoh taqdim etmagandi.

Yevroittifoq – AQShga avtomobillar va samolyotlarga bojlar bilan tahdid qilmoqda

Vashington bilan savdo mojarosida Yevropa Ittifoqi, agar AQSh hukumati bilan muzokaralar natija bermasa, Amerika avtomobillari, samolyotlari va boshqa mahsulotlariga javob bojlari joriy etish bilan tahdid qilgan. Bu haqda Yevropa Komissiyasining umumiy qiymati qariyb 95 milliard yevroga teng Amerika tovarlarini o‘z ichiga olgan takliflar ro‘yxatida aytilgan. Shu bilan birga, YeI – Trampning bojxona siyosatiga qarshi Jahon savdo tashkilotiga da’vo arizasi bilan murojaat qilishini ma’lum qildi.

«Yevropa Ittifoqi AQSh bilan muzokaralar yo‘lida yechim topishga qat’iy sodiq qoladi», deb yana bir bor ta’kidladi Yevropa Ittifoqi rahbari Ursula fon der Lyayyen. «Shu bilan birga, biz barcha mumkin bo‘lgan variantlarga tayyorgarlik ko‘rishni davom ettirmoqdamiz», deya qo‘shimcha qildi u ehtimoliy javob majburiyatlari bo‘yicha taklifni ratifikatsiya qilish imkoniyatiga ishora qilib.

Yevrokomissiya ro‘yxatida avtomobillar, samolyotlar va avtomobil qismlaridan tashqari oziq-ovqat mahsulotlari, xomashyo va mexanik jihozlarning katta ro‘yxati mavjud: kurka, losos va Bryussel karamidan tortib, xom neft va ko‘mir, shuningdek, stomatologik asbob-uskunalargacha.

Tramp Kiyevning 30 kunlik sulh g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi

AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy tomonidan Kremlga taklif qilingan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. «Agar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bajarilmasa, Qo‘shma Shtatlar va uning hamkorlari qo‘shimcha sanksiyalar joriy qiladi», deb yozdi Tramp Truth Social platformasida.

«Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish uchun yevropaliklar bilan ishlayman va bu doimiy tinchlik bo‘ladi! Bu o‘t ochishni to‘xtatish oxir-oqibatda tinchlik kelishuviga olib kelishi kerak», — dedi Oq uy rahbari.

7 may kuni kechqurun, Kreml tomonidan e’lon qilingan uch kunlik otashkesim kuchga kirishidan bir necha soat oldin, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy barcha harbiy harakatlarni kamida 30 kunga to‘xtatishni taklif qildi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina bilan ehtimoliy 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yuzasidan aniq va asosli muzokaralar olib borish, mavjud «nyuanslar»ni hisobga olmasdan imkonsizligini aytgan. Shuningdek, Putin G‘alaba kuni munosabati bilan e’lon qilgan sulh 11 mayda tugaydi.

Rossiya va Xitoy strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi

Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Jinping muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu G‘alaba paradiga kelgan Si Jinpingning Rossiya Federatsiyasiga o‘n birinchi safaridir.

Kreml matbuot xizmatiga ko‘ra, muzokaralar yakunida Putin va Si Jinping «yangi davrda keng qamrovli sheriklik va strategik hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma bayonotni imzoladi. Bundan tashqari, ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo hujjatlar paketi imzolandi.

«Muzokaralarda siyosat va xavfsizlik sohalaridagi o‘zaro hamkorlik, iqtisodiy aloqalar, madaniy-gumanitar almashinuvlar atroflicha muhokama qilindi», — dedi Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy qiymati taxminan 200 milliard dollar loyihalar amalga oshirilmoqda yoki amalga oshirishga tayyorlanmoqda. Moskva va Pekin hisob-kitoblarni milliy valutalarga o‘tkazish bo‘yicha qadamlarni muvofiqlashtirmoqda.

AQShda Falastinni qo‘llab-quvvatlagani uchun hibsga olingan Rumaysa O‘zturk ozod qilindi

AQShning Tafs universitetida Fulbrayt dasturi doirasida tahsil olayotgan turkiyalik doktorant Rumaysa O‘zturk, Falastin bo‘yicha bildirgan fikrlari ortidan olti hafta davomida saqlangan hibsdan garov evaziga ozod qilindi.

Vermont shtati federal sudyasi uch soat davom etgan sud majlisidan so‘ng, O‘zturkni ozod qilishga qaror qildi. Sudya AQSh hukumatining advokatlari tomonidan O‘zturkni hibsda saqlashga asos bo‘ladigan hech qanday isbot taqdim etilmaganini ta’kidladi. O‘zturkga nisbatan faqat Tafs universiteti saytida yozilgan maqola asosida da’vo qilingan.

AQSh hukumati vakillari esa Ozturk ozod qilinmasligi kerakligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, qarorga ta’sir qila olmagan.

Rumaysa O‘zturk 25 mart kuni Luiziana shtatida Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati tomonidan hibsga olingan edi. AQSh hukumati uni vizasi bekor qilingani sabab deportatsiya qilish niyatida bo‘lgan.

AQSh Tashqi ishlar vaziri Marko Rubio avvalroq turkiyalik qizning vizasi bekor qilinganini va uni deportatsiya qilish rejalashtirilayotganini bildirgan. Shuningdek, «HAMAS tarafdorlari» deb atalgan 300 dan ortiq xorijiy talabaga ham xuddi shunday choralar ko‘rilganini e’lon qilgan edi.

Britaniya Rossiya soyadagi flotining 100 ta tankeriga qarshi sanksiyalar joriy qilyapti

Buyuk Britaniya hukumati juma kuni Rossiyaning soyadagi flotidan 100 tagacha tankerni sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shishini ma’lum qildi.

Hukumat press-relizida aytilishicha, tankerlar Rossiya neft eksportida soyadagi flotining asosiy qismini tashkil qiladi va 2024 yil boshidan buyon 24 milliard dollarlik neftni tashigan. Britaniya allaqachon Rossiya neftini tashuvchi bir necha o‘nlab tankerlarga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.

«Milliy xavfsizligimizga Rossiya tomonidan tahdidni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi, shuning uchun biz uning [Putinning] soyadagi flotini buzish, neftdan keladigan daromadlarini qisqartirish va suvosti infratuzilmamizni himoya qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», — deya Kir Starmer so‘zlarini keltiradi hukumat matbuot xizmati.

Britaniya hukumatining eslatishicha, soyadagi flotning tankerlari nafaqat Moskvaga Ukrainadagi urush uchun pul topishga yordam beradi, balki Yevropadagi suv osti kabellariga ham zarar yetkazgan.

Eron yadroviy masalalar bo‘yicha AQSh bilan muzokaralarni davom ettiradi

Eron 11 may kuni O‘monda AQSh bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarning to‘rtinchi raundini o‘tkazish taklifini qabul qildi. Yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklifi O‘mon Tashqi ishlar vazirligi tomonidan bildirilgan.

Avvalroq, O‘mon TIV Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarning rejalashtirilgan navbatdagi raundi «logistika sabablari»ga ko‘ra ko‘chirilishini e’lon qilgandi. Maslahatlashuvlarning uchinchi raundi 26 aprel kuni Maskatda bo‘lib o‘tgan.

Tehron o‘z yadro dasturi faqat tinch maqsadlarga qaratilganini aytib keladi. Xalqaro atom energetikasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron allaqachon yuqori darajada boyitilgan uranning katta miqdoriga ega. Bu esa unga qisqa vaqt ichida yadroviy qurol yaratish imkonini beradi.

Mavzuga oid