Jahon | 18:47
3961
2 daqiqa o‘qiladi

FXX: Rossiyaga kelayotgan Shimoliy Koreya fuqarolari soni keskin kamaydi

Joriy yil birinchi choragida Rossiyaga 300 ga yaqin KXDR fuqarosi kelgan, 2024 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 13 ming kishini tashkil etgan.

Foto: LiveJournal

Federal xavfsizlik xizmati Chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga kelayotgan KXDR fuqarolari soni 2025 yildan boshlab keskin kamaygan, deb yozmoqda «Mediazona».

FXX e’lon qilgan statistikada keltirilishicha, joriy yilning birinchi choragida Rossiyaga 300 ga yaqin KXDR fuqarosi kelgan, ularning uch nafari safar maqsadi sifatida «o‘qishni» ko‘rsatgan.

2024 yilda Shimoliy Koreya fuqarolari Rossiyaga 13 ming marotaba tashrif buyurgan. FXX statistikasiga ko‘ra, 2024 yilning ikkinchi yarmida RFga «o‘qish» uchun kelgan KXDR fuqarolari soni keskin oshgan. Shu bilan birga, Rossiya OTMda xorijliklar uchun kvota oldingidek o‘zgarishsiz qolmoqda.

2024 yil kuzda Shimoliy Koreya Rossiyaga o‘z harbiylarini yuborgan edi. Janubiy Koreya razvedkasi ularning soni 15 mingga yaqin bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

RF va KXDR hukumatlari Shimoliy Koreya harbiylari Rossiya tomonida turib jang qilayotganini bir necha oy davomida tasdiqlamay keldi. Aprel oxirlariga kelibgina KXDR qo‘shinlar RFga Kim Chen Inning buyrug‘i bilan yuborilganini e’lon qildi.

Avvalroq The Wall Street Journal Shimoliy Koreya Rossiyaga 15 mingga yaqin ishchi yuborgani to‘g‘risida yozgandi. KXDRdan ko‘plab mehnat muhojirlari Rossiya Federatsiyasiga talaba vizasi bilan kirgan.

Mavzuga oid