Jahon | 22:20 / 01.05.2025
2295
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Kaspiy dengizi sohilidan 80 dan ortiq o‘lik tyulenlar topildi

Suv hayvonlari jasadi juda chirib ketgani bois, ulardan laboratoriya sharoitida sifatli nomunalar olish imkonsiz.

Foto: Tengrinews

Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati Tupqarag‘an tumanidan Kaspiy dengizi sohillariga chiqarib tashlangan 88 ta tyulen jasadi topildi. Bu haqda mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi Baliqchilik qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tyulenlar jasadi 29 aprel kuni Jayq-Kaspiy mintaqalararo havza inspeksiyasi xodimlari tomonidan qirg‘oq monitoringi paytida topilgan.

Ushbu hududga inspeksiya, hokimlik hamda gidrobiologiya va ekologiya instituti xodimlari yetib kelgan. Qizil kitobga kiritilgan jonzotlar o‘limi Tupqarag‘an tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruvlarning yagona reyestrida ro‘yxatga olingan.

«Qazgidromet ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida mintaqa akvatoriyasida asosan g‘arbiy shamollar esgan, ular orqali tyulenlar jasadi qirg‘oqqa olib kelingan. Gidrobiologiya va ekologiya instituti taqdim etgan ma’lumotlarda keltirilishicha, hayvon jasadlari nihoyatda chirigan holatda bo‘lib, bu laboratoriya sharoitida sifatli namuna olish, shu jumladan, toksikologik va patologoanatomik tahlillar o‘tkazish imkonini bermaydi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Tyulenlar jasadi to‘planib, sanitariya normalariga rioya qilingan holda poligonda yo‘q qilingan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oxirlarida Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida so‘nggi uch haftada Kaspiy dengizi qirg‘og‘idan mingdan ortiq tyulenlarning jasadi topilgandi.

Kaspiy tyuleni Qozog‘iston Qizil kitobiga kiritilgan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektori akvatoriyasida 240 mingdan ortiq individ yashaydi. Bu hayvonlarning ommaviy qirilishi deyarli har yili kuzatiladi. Mutaxassislar buning ehtimoliy sabablari sifatida kemalar qatnovi, dengizning ifloslanishi, mikroplastik va baliq ovlash to‘rlarini ko‘rsatmoqda. Tyulenlar to‘rlarga o‘ralib qolib, jarohatlanadi.

Mavzuga oid