O‘zbekiston | 20:34 / 30.04.2025
973
2 daqiqa o‘qiladi

Nodavlat ta’lim xizmatlari uchun litsenziyalashning yangi tizimi joriy qilinishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni nodavlat ta’lim xizmatlari tizimini takomillashtirish, oliy va kasbiy ta’limda sifatni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda ta’lim sohasida xususiy sektorga berilgan imkoniyatlar tufayli 71 ta xususiy oliygoh va 51 ta xususiy texnikum tashkil etilib, ularda 500 ming nafarga yaqin talaba va o‘quvchilar ta’lim olmoqda. Buning natijasida mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrov 9 foizdan 42 foizga oshdi.

Albatta, bugungacha amalga oshirilgan ishlar ko‘plab yoshlarning kasbiy va oliy ma’lumot olishiga imkon yaratdi. Ammo, nodavlat ta’lim tashkilotlarining barchasida ham ta’lim sifati birdek ta’minlanmagan.

Nodavlat ta’lim tashkilotlarida qabul parametrlari, ta’lim dasturlari, o‘quv jarayonlari hamda ilmiy salohiyatni sifat jihatidan yaxshilash, ularni zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish eng asosiy masalalardan biridir.

Shu bois taqdimotda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishni tartibga solish, litsenziyalash tizimini takomillashtirish hamda davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Bu borada ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ikki bosqichli litsenziyalash tizimiga o‘tish, ta’lim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda har besh yilda kompleks davlat akkreditatsiyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, taqdimotda rivojlangan davlatlarning eng ilg‘or tajribasidan kelib chiqqan holda, ta’lim sifatini tashqi baholash bilan shug‘ullanuvchi alohida mustaqil tuzilma tashkil etish hamda sifat nazoratining shaffof, xolis va adolatli tizimini joriy qilish tashabbusi ham ilgari surildi.

Ta’kidlanishicha, ta’lim sifatini ta’minlash va tashqi baholashning joriy etilishi kasbiy va oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish samaradorligi va ilmiy salohiyatni oshirib, ularning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

Mavzuga oid