Toshkentda Malibu YPX xodimini sudrab ketdi, Tracker esa chorrahani tartibga solayotgan inspektorni urib yubordi
Mirzo Ulug‘bek tumanida Tracker haydovchisi chorrahani tartibga solayotgan inspektorni urib yubordi. Xodim qo‘l sinishi va oyoq lat yeyishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yana bir holatda inspektorni mashina kapotida 1,5 kilometrga sudrab ketgan Malibu 2 haydovchisi qamoqqa olindi.
Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi so‘nggi kunlarda poytaxt ko‘chalarida xizmat vazifasini olib borayotgan YPX xodimlari ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, shunday holatlarning birida 23 aprel kuni soat 08:30 atrofida Do‘rmon yo‘li va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasidagi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX inspektori — serjant Anvar Toshtemirovni Tracker urib ketgan.

Shifoxonaga olib borilgan inspektorga o‘ng va chap qo‘l ko‘plab shilinmalari, chap chanoq suyagining bir necha joydan sinishi, chap tizza sohasi va oyoq yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan.
«Tirbandlikning oldini olish maqsadida chorrahaga chiqib, uning markazida o‘zimga qulay joyni tanladim. Uchinchi qatordan keldimi yoki to‘rtinchi qatordan, bilmayman, Tracker kelib urdi. O‘sha yerdagi hamkasblarim, Milliy gvardiya, hammasi kelib, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatdi», — dedi inspektor.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Nukus ko‘chasida Malibu 2 haydovchisi davlat raqami belgilarisiz, barcha oynalari qoraytirilgan va qo‘shimcha jihozlar o‘rnatib harakatlangan.

YPX xodimi unga to‘xtash ishorasini ko‘rsatgan, ammo u inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, xodimni mashina kapotida taxminan 1,5 kilometrga sudrab ketgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida haydovchi to‘xtatilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan. Mashina jarima maydoniga joylashtirilgan.