«Bu muhim hafta bo‘ladi» - Rubio tinchlik muzokaralari haqida
U AQShning tinchlik muzokaralaridagi ishtiroki bo‘yicha yaqin vaqtlar ichida bir qarorga kelinishini va’da qildi; Lavrov esa shoshilish yaramaydi deb hisoblamoqda.

Foto: Reuters/EPA
AQSh davlat kotibi Marko Rubio yana bir bor Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi tez orada imzolanishi kerakligini, agar bu amalga oshmasa, Vashington muzokaralar jarayonidan chiqib ketishidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bu masala bo‘yicha bir hafta ichida qaror qabul qiladi. Ayni paytda Rubioning rossiyalik hamkasbi, TIV rahbari Sergey Lavrov yana bir bor sulh uchun shartlarni ilgari surdi va muzokaralardagi shoshqaloqlik faqat xalaqit berayotganini aytdi.
«Bu tez orada ro‘y berishi kerak. Agar natija bo‘lmasa, biz bunga vaqt va resurslarni sarflay olmaymiz. Bu hafta juda muhim bo‘ladi, uning davomida biz ushbu tashabbusda ishtirok etishni davom ettirishni xohlashimiz yoki e’tiborni boshqa masalalarga qaratishimiz kerakligi xususida bir qarorga kelishimiz kerak bo‘ladi», – dedi AQSh Davlat departamenti rahbari yakshanba kuni Amerikaning NBC telekompaniyasining «Meet the Press» dasturiga bergan intervyusida.
Rubio bungacha ham bir necha marta agar muzokaralarda natijaga erishilmasa, AQSh Ukrainada tinchlik o‘rnatishga bo‘lgan urinishlarini to‘xtatishi bilan tahdid qilgandi.
Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ham gapirgan. Ikkinchi marta prezidentlikka saylanishidan oldin u Ukrainadagi urushni «bir kun ichida» to‘xtatishga va’da berayotgandi, keyin esa Amerikaning yangi ma’muriyati rasmiylari bu masalani Tramp prezidentlik muddatining dastlabki 100 kuni tugashidan oldin hal qilish rejalashtirilgani haqida gapira boshladi; bu sana esa 30 aprelga to‘g‘ri keladi.
Bu hafta o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzolashning oxirgi muddati ekani haqidagi savolga javoban Tramp «uning o‘z muddati borligi»ni aytdi, ammo bu muddat qachon kelishiga aniqlik kiritmadi. «Bizda dedlayn bor. Shundan so‘ng bizda butunlay boshqacha yondashuv bo‘ladi», – dedi AQSh prezidenti Norvegiya bosh vaziri bilan uchrashuvda.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Ukraina va Rossiyaga mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini taklif qilgan, unga ko‘ra front chizig‘i hozirgi holatida muzlatiladi, Kiyev NATOga qo‘shilish istiqbolini yo‘qotadi, Vashington esa Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinishini va Ukrainaning bosib olingan hududlari ustidan Moskvaning amaldagi nazoratini qonuniy tan oladi. Ukraina esa buning evaziga qandaydir xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak, garchi hujjatda gap aynan qanday kafolatlar haqida ketayotgani keltirilmagan bo‘lsa ham.
Manbalar yozishicha, bunga javoban Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari Kiyev uchun kafolatlar kuchaytirilgan va Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobiga mamlakatni tiklash ko‘zda tutilgan o‘z variantini taklif etgan.
Rossiya bu takliflarga qanday munosabatda ekani haqida hozircha ma’lum qilinmadi, lekin OAV ma’lumotlariga ko‘ra, prezident Vladimir Putin Ukraina qo‘shinlarini Moskva to‘liq nazorat qilmaydigan, lekin o‘ziniki deb hisoblaydigan Zaporijjya, Xerson, Donetsk va Luhansk oblastlarining bir qismidan olib chiqish talabidan voz kechishga qarshi emas.
Lavrov: shoshqaloqlik «haqiqiy siyosat»ga xalaqit beradi
Moskvaning Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi pozitsiyasini Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Amerikadagi CBS News telekompaniyasining «Face the Nation» dasturiga bergan intervyusidan bilish mumkin.
Bu intervyu Rubioning so‘nggi bayonotlaridan oldinroq yozib olingan.

Lavrov CBS News jurnalisti Margaret Brennan bilan masofadan turib suhbatlashgan va savollarga ingliz tilida javob qaytargan.
Intervyu davomida Lavrovdan Rubio va Trampning muzokaralar jarayonidan tez natijalarga erishilmasa, chiqib ketish haqidagi tahdidlariga izoh berish so‘ralgan.
«Biz tushunamiz, biz sabrsizlikni tushunamiz, chunki bu Amerika madaniyatiga xos, siz kutish holatini hosil qilasiz va buning atrofida keskinlikni kuchaytirasiz. Bu esa chinakam siyosat bilan shug‘ullanishga yordam bermaydi. Ammo bizning holatimizda, aytganimdek, biz muloqotga tayyormiz, muzokaralarga tayyormiz, lekin boshidanoq muvaffaqiyatsizlikka stavka qo‘ymoqchi emasmiz. Bu yomon bitim alomati bo‘ladi», – deb javob bergan Lavrov.
Lavrov Moskva qanday murosa taklif qilishga tayyorligi haqidagi savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermadi, biroq jurnalistning Rossiya aslida hech qanday yon berishni istamasligi haqidagi da’vosini noto‘g‘ri deb atadi.
U tafsilotlar haqida gapirishdan bosh tortdi, ammo shunday dedi: «Men manfaatlar muvozanatiga erishishga tayyorligimizni ta’kidlayman»
Shu bilan birga, Lavrovning intervyusiga ko‘ra, Rossiya Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari ilgari nomaqbul deb atagan sulh shartlaridan voz kechmagan.
Xususan, Lavrov Ukrainaga G‘arb harbiy yordamini yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi talablarini takrorladi, Kiyev va uning yevropalik ittifoqchilari esa bu taklifga rad javobini bergan, chunki bu holda Kiyev tajovuzkor qo‘shni qarshisida himoyasiz qoladi.
«Meet the Press» dasturi boshlovchisi Ukraina AQShning o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatish taklifiga 11 martdayoq rozi bo‘lgani, biroq Moskva o‘z shartlarni ilgari surganini eslatgan.
Bunga javoban Lavrov Rossiya ham sharsiz sulhga rozi bo‘lishi mumkinligi, biroq «o‘t ochish to‘xtatilishidan Ukraina armiyasini kuchaytirishda foydalanilmasligi va qurol-yarog‘ yetkazib berish to‘xtatilishi haqida kafolat xohlashi»ni aytdi.
Lavrov Yevropa «to‘g‘ridan to‘g‘ri oxir-oqibat Ukrainani kuchliroq qiladigan, Ukrainani g‘olib qiladigan bitimni qo‘llab-quvvatlashi»ni bildirdi deb hisoblaydi. «Shunday ekan, agar o‘t ochishni to‘xtatishdan maqsad shunday bo‘lsa, menimcha, bu prezident Tramp istagan narsa emas. Bu yevropaliklar Zelenskiy bilan birgalikda prezident Trampning tashabbusini o‘ziga moslashtirib olishidir».
Lavrov yana nimalar dedi: Zaporijjya AES va Trampning «to‘xtash»ga chaqirig‘i
CBS telekanali muxbiri Lavrovdan Rossiya yaqinda Kiyevga uyushtirgan yirik raketa zarbalaridan so‘ng Vladimir Putinni «to‘xtash»ga chaqirgan AQSh prezidenti Donald Trampning iltimosiga quloq solishga tayyormi, deb ham so‘ragan.

Foto: Global Images Ukraine via Getty Images
24 aprelga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Ukraina poytaxtiga dron va raketalar bilan kombinatsiyalangan zarba bergan, natijada butun bir turar joy dahasi vayron bo‘lgandi. Tinch aholi vakillaridan 12 kishi halok bo‘lib, 90 dan ortiq kishi yaralangan.
Shundan so‘ng Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida «Vladimir, TO‘XTA!» deb yozdi. Bir necha kun o‘tib, Ukraina prezidenti bilan Vatikandagi uchrashuvdan so‘ng ham Oq uy rahbari Ukrainadagi fuqarolik obektlariga zarba berishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi va Putin aslida ham tinchlikni istashi borasida shubha bildirdi.
CBS jurnalisti Moskva Trampning chaqiriqlarini bajarishga tayyormi, deb so‘radi. «Biz Ukraina armiyasi, boshqa davlatlarning ba’zi yollanma askarlari va instruktorlari foydalanayotgan obektlarga zarba berishda davom etamiz», – dedi Lavrov.
Kiyevga berilgan zarba xato emasmidi, deya to‘g‘ridan to‘g‘ri berilgan savolga javoban Lavrov shunday dedi: «Bu Ukraina harbiylari, Mudofaa vazirligi foydalangan nishon edi, jang maydonidagi qo‘mondonlar ularga hujum qilish huquqiga ega».
Kiyevga berilgan zarba natijasida aynan harbiy obektlar jabrlangani haqida hech qanday dalil yoki tasdiq berilmagan. E’lon qilingan kadrlar va guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Rossiya raketalari Kiyevdagi turar joy kvartaliga tushgan.
Shuningdek, Lavrovdan Moskva hozirda Rossiya tomonidan bosib olingan Ukrainaning Zaporijjya atom elektr stansiyasini nazorat qilishni AQShga topshirishga tayyormi, deb so‘rashgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bu shart Vashington tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasining bandlaridan biri edi.
«Yo‘q, biz hech qachon bunday taklif olmaganmiz, lekin agar olsak, Zaporijjya AES elektr stansiyasini Rossiyaning «Rosatom» deb nomlangan davlat korporatsiyasi boshqarayotganini tushuntiramiz», – deb javob berdi Rossiya TIV rahbari va u «juda ishonchli qo‘llarda» ekanini qo‘shimcha qildi.
Mavzuga oid

16:59
Kiyev sudi Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovichni sirtdan 15 yilga hukm qildi

16:41
Putin 9 may kuni Ukrainada o‘t ochish to‘xtatilishini e’lon qildi

13:52
Pistorius: Trampning Ukraina bo‘yicha taklifi kapitulyatsiyaga o‘xshaydi

13:05