Jahon | 20:03 / 27.04.2025
3850
5 daqiqa o‘qiladi

Hamas vositachilarning sulh bo‘yicha yangi taklifiga rozilik bildirdi

Hamas G‘azodagi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzishga tayyor, uning doirasida barcha garovga olinganlar darhol ozod qilinadi va besh yillik sulh ta’minlanadi, dedi shanba kuni guruh rasmiy vakili vositachilar bilan muzokaralar arafasida.

Foto: Getty Images

Isroil hozircha falastinliklar guruhning so‘nggi bayonotlariga izoh bermadi.

Hamas delegatsiyasi Misr vositachilari bilan 18 oylik urushdan chiqish yo‘llarini muhokama qilish uchun Qohiraga kelgan. Hamas rasmiy vakili shu hafta boshida uning Qohiradagi delegatsiyasi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «yangi g‘oyalar»ni muhokama qilishini, biroq qurollarni tashlash muhokama qilinmayotganini aytdi – bu Isroilning asosiy talabi bo‘lib qolmoqda.

AFP agentligi bilan anonim tarzda gaplashgan Hamas rasmiysi guruh «mahbuslarni bir vaqtning o‘zida almashish va besh yillik sulhga tayyor» ekanini aytdi.

O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzishga so‘nggi urinish Isroilning garovga olinganlardan 10 nafarini qaytarish evaziga 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifi ortidan bo‘lmoqda. Hamas Isroil taklifini «noto‘liq» deb rad etgan va buning o‘rniga urushni to‘xtatish bo‘yicha «keng qamrovli» kelishuv tuzishni taklif qilgan.

Garovga olinganlarning barchasini ozod qilish va besh yilga sulh tuzish – Qatar va Misr vositachilari urushayotgan tomonlarga aynan shunday rejani taklif qilishdi. Biroq, Hamasni qurolsizlantirish va G‘azoning urushdan keyingi kelajagi masalalari hali ham hal etilmasdan qolmoqda.

Hamas muntazam ravishda urush butunlay to‘xtashi, Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqilishi va oziq-ovqat zaxiralari tugayotgan, qamal holatidagi anklavda insonparvarlik yordami hajmi oshishiga olib keluvchi sulh tuzishni talab qilmoqda.

Isroil, o‘z navbatida, 2023 yil oktyabr oyidagi hujum paytida qo‘lga olinganlarning barchasini qaytarishni va Hamasni to‘liq qurolsizlantirishni talab qilmoqda.

Mart oyida Isroil G‘azoda harbiy harakatlarni qaytadan boshladi, yanvar oyida boshlangan sulhning birinchi bosqichi boshlanganida hududda tinchlik hukm sura boshlagandi. Isroil tomoni harbiy kampaniya qayta boshlanishi Hamasni garovdagilarning qolgan qismini ozod etishga majbur qilishini ko‘zlagan.

Mart oyining ikkinchi qismidan buyon G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 2111 falastinlik halok bo‘lgan, G‘azodagi urush qurbonlarining umumiy soni esa 51 495 kishiga yetgan.

2023 yil 7 oktyabr kuni Hamas a’zolari Isroil hududidan 251 kishini o‘g‘irlab ketgandi, ulardan 58 nafari hamon G‘azoda qolmoqda. Isroil harbiylariga ko‘ra, ulardan 34 nafari halok bo‘lgan.

G‘azodagi vaziyat

Hudud shimolidagi G‘azo shahrida fuqarolik mudofaasi agentligi turar joy binosiga zarba berilishi oqibatida 10 kishi halok bo‘lgani, yana 20 ga yaqin kishi vayronalar ostida qolgani haqida xabar berdi.

Shaharning boshqa bir hududida Isroilning Ash-Shati qochqinlar lageridagi uyni o‘qqa tutishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, dedi fuqarolik mudofaasi vakili Muhammad al-Mugayir.

G‘azo sektoriga berilgan zarbalar oqibatida yana to‘rt kishi halok bo‘ldi.

Juma kuni Falastin hududidagi asosiy oziq-ovqat yetkazib beruvchilardan biri bo‘lgan BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi «G‘azo sektoridagi oshxonalarga oxirgi oziq-ovqat zaxiralarini yetkazib bergani»ni ma’lum qildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, «yaqin kunlarda ushbu oshxonalarda taomlar butunlay tugab qolishi kutilmoqda».

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreysus G‘azoda «dori-darmon zaxiralari ham tugayotgani»ni aytdi. JSSTning 16 ta yuk mashinasi anklav hududiga kirishga ruxsat bo‘lishini kutmoqda.

«Blokada to‘xtatilishi kerak. Odamlarning hayoti shunga bog‘liq», – deb yozdi Gebreysus X ijtimoiy tarmog‘ida.

Gumanitar tashkilotlar va xorijiy hukumatlarning ogohlantirishlariga qaramay, Isroil G‘azoda ocharchilik bo‘lganini rad etmoqda va Hamasga bosim o‘tkazish va guruhni garovga olinganlarni ozod qilishga majburlash uchun yordam yetkazib berishni to‘xtatayotganini aytmoqda.

Mavzuga oid