Hindiston Kashmirda sayyohlarga uyushtirilgan hujumdan keyin pokistonliklar vizasini bekor qildi
O‘z navbatida Pokiston hind aviakompaniyalari uchun havo makonini yopdi va mamlakat bilan barcha savdolarni to‘xtatib qo‘ydi.

Foto: Imran Nissar
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston fuqarolaridan 27 aprelga qadar mamlakatni tark etishlarini talab qildi. Uch kun ichida pokistonliklarga berilgan barcha vizalar bekor qilinadi.
Qayd etilishicha, Hindiston tomonidan Pokiston fuqarolariga berilgan amaldagi barcha vizalar 27 apreldan boshlab bekor qilinadi. Tibbiyot vizalari 29 aprelga qadar amalda bo‘ladi. Hindistonda bo‘lib turgan Pokiston fuqarolari viza muddati tugagunga qadar mamlakatni tark etishlari kerak.
Pokiston bunga javoban Hindiston bilan barcha savdolarni to‘xtatib qo‘ydi va «Hindiston tomonidan foydalaniladigan yoki unga tegishli» barcha aviakompaniyalar uchun havo makonini yopdi. Islomobod, shuningdek, Hindiston fuqarolariga Pokistonni tark etishni buyurdi va o‘z navbatida vizalardan ozod etish dasturi (SAARC) doirasida berilgan vizalarning amal qilish muddati to‘xtatilganini e’lon qildi.
Bundan tashqari, Pokiston Islomoboddagi mudofaa, harbiy-dengiz kuchlari va aviatsiya masalalari bo‘yicha hindistonlik maslahatchilarni «persona non grata» deb e’lon qildi.
22 aprel kuni Kashmirning Hindistondagi qismida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhini o‘qqa tutishi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi, 17 kishi yaralandi. Hodisa Paxalgam shahri yaqinida — mamlakatning eng mashhur sayyohlik nuqtalaridan birida yuz berdi.
Hind kuch tuzilmalarining taxminicha, hujumni olti nafar jangari uyushtirgan. Ular Baysaran vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotgan sayyohlarga o‘t ochgan. Hujum uchun mas’uliyatni «Kashmir qarshiligi» qurolli guruhi o‘z zimmasiga olgan. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘lamoqda. Bosh vazir Narendra Modi hujumni terakt deb atadi va aybdorlar «javobgarlikka tortilishini» ma’lum qildi. Pokiston hukumati hujumga aloqasi borligini rad etdi.
Mavzuga oid

13:30
90 foiz uylar vayron bo‘lgan G‘azo, Kashmirdagi teraktda ayblanayotgan Pokiston va barbod bo‘lgan London muzokaralari - kun dayjesti

09:30
Hindiston Kashmirdagi teraktdan keyin Pokistonga cheklovlar joriy qildi

23:43 / 23.04.2025
Kashmirda sayyohlarni o‘qqa tutgan terrorchilar haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qilindi

18:19 / 23.04.2025