Shavkat Mirziyoyev Kashmirdagi terakt munosabati bilan Hindiston rahbariyatiga ta’ziya bildirdi
Davlat rahbari qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Hindiston xalqiga samimiy hamdardlik izhor etdi.

Foto: Getty Images
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kashmir hududida sodir bo‘lgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar nobud bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘lladi.
«Davlat rahbari qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Hindiston xalqiga samimiy hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi», deyiladi prezident matbuot kotibi xabarida.
22 aprel kuni Hindiston shimolidagi Kashmir shtatida yuz bergan otishma oqibatida kamida 25 nafar turist halok bo‘ldi. Otishma Paxalgam shahrida yuz bergan. Noma’lum shaxslar Baysaran vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotgan turistlarni o‘qqa tutgan. Mahalliy hukumat sodir bo‘lgan holatni terakt deb atadi.