Jahon | 07:55
3945
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Chimkent hokimi o‘rinbosarining hayotiga suiqasd qilindi

Ruslan Berdenov bu lavozimga ikki oydan kamroq vaqt oldin tayinlangan edi.

Ruslan Berdenov Foto: Chimkent hokimligi

Qozog‘istonning Chimkent shahri hokimi o‘rinbosari Ruslan Berdenov hayotiga suiqasd qilindi, deb xabar berdi Orda. Amaldorga kechasi shahar hokimligi (ma’muriyati) binosi yonida o‘q uzilgan.

Suiqasddan so‘ng Bergenov operatsiya qilindi, shifokorlar uning ahvolini barqaror, ammo og‘ir deb baholamoqda. 22 aprel kuni ertalab u hushiga kelgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qilgan shaxs shahar hokimligiga bo‘ysunuvchi munitsipal korxonaning sobiq rahbari, 30 yoshli Yernar Jiyembay bo‘lgan. U «Sayga-12» ov miltig‘i bilan Bergenovga uch marta o‘q uzgan. Politsiyaning xabar berishicha, Jiyembay qo‘lga olingan va vaqtinchalik hibsxonaga joylashtirilgan. Suiqasd sabablari haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Bir kun oldin suiqasdga Berdenovning Jiyembay xotiniga nisbatan tegajog‘lik qilgani sabab bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi, ammo hokimlik buni rad etdi. Chimkent shahar ichki siyosat va yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Aygerim Jumaqulova gumonlanuvchining rafiqasi bilan gaplashgani va u Berdenovni shaxsan tanimasligini ma’lum qildi.

Ruslan Berdenov - «Respublika» partiyasidan Majlisning (parlament quyi palatasi) sobiq deputati. U Chimkent hokimi o‘rinbosari lavozimiga joriy yilning 24 fevralida, ya’ni ikki oydan kamroq vaqt oldin kelgan edi.

Mavzuga oid