Putin ma’lum shartlar asosida Ukraina bilan muzokaralarga tayyorligini aytdi. Zelenskiy bunga nima deydi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan fuqarolik infratuzilmasiga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi. Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy Putinning so‘zlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabat bildirmadi, biroq mamlakat tinch aholi xavfsizligini kafolatlaydigan «har qanday muloqotga tayyor» ekanini aytdi.

Foto: Reuters
21 aprel, dushanba kuni kechqurun Putin Zelenskiyning ham Ukrainadagi, ham Rossiyadagi fuqarolik infratuzilmalarini o‘qqa tutishga moratoriy joriy etish haqidagi taklifiga munosabat bildirdi.
Kiyevning bunday tashabbusi Ukraina va Rossiya Saudiya Arabistonida AQSh bilan alohida muzokaralar o‘tkazib, 30 kun davomida ikki davlatning energetika obektlariga zarba bermaslik bo‘yicha kelishuvlari ortidan berildi.
18 martdan amal qilgan «energetika moratoriysi»ning muddati tugagach, tomonlar uni uzaytirish haqida e’lon qilmagan. Qolaversa, kelishuv amalda bo‘lgan davrda ham Kiyev va Moskva deyarli har kuni bir-birini kelishuvni buzishda ayblab kelgan.
Mart oyidagi muzokaralar chog‘ida Ukraina 30 kunga to‘liq sulh tuzishni ham taklif qilgandi, biroq Rossiya o‘zining bir necha shartlarni ilgari surgan, bu shartlar esa Kiyev va uning g‘arbdagi ittifoqchilariga ma’qul kelmagandi.
Dushanba kuni Putin Rossiya «har qanday tinchlik tashabbuslariga doimo ijobiy munosabatda bo‘lgani»ni aytdi. «Umid qilamizki, Kiyev rejimi vakillari ham shunday yo‘l tutadi», – dedi u.
Shundan so‘ng, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov aniqlik kiritib, Putinning so‘zlari uning Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishga, xususan, fuqarolik obektlariga zarba berishdan voz kechishga tayyorligidan dalolat berishini tasdiqladi.
«Prezident fuqarolik obektlariga zarba bermaslik mavzusini ikki tomonlama ham muhokama qilish mumkinligi haqida gapirganda, prezident aynan Ukraina tomoni bilan muzokaralar va muhokamalarni nazarda tutgan», – dedi Peskov.
Bungacha Rossiya rasmiylari, jumladan Putin Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishdan bosh tortib kelardi.
Kreml bir necha bor Zelenskiyning legitimligini shubha ostiga olgan, uning vakolatlari tugagani va yangi saylovlar o‘tkazilmaganini da’vo qilgan. Biroq, bu bayonotlar Ukraina Konstitutsiyasi va qonunlariga zid bo‘lib, ularga ko‘ra, urush davrida saylovlar o‘tkazish to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlanadi. Dunyoning boshqa hech bir davlati yoki xalqaro tashkilot Ukraina davlat institutlarining legitimligiga shubha qilmaydi.
Ukraina Rossiya bilan muzokaralar olib borishi mumkinmi?
Peskov o‘z izohida Ukraina Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorlanadigan bo‘lsa, «bunday aloqalar yo‘lidagi to‘siqlarni yuridik jihatdan „tozalashi“ kerakligi»ni aytdi. U jurnalistlardan birining Ukraina go‘yoki Rossiya bilan muzokaralarni rasman taqiqlab qo‘ygani haqidagi savoliga shunday javob qaytardi.
Aslida, bunday taqiq yo‘q, ammo 2022 yil oktyabr oyida Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borish mumkin emasligi haqidagi qarorini tasdiqlovchi farmonni imzolagan.
Putinning o‘zi joriy yil yanvar oyida Rossiya Ukraina bilan aloqalarga tayyorligini, biroq «Kiyevdagi rejimning amaldagi rahbari, hali yetarlicha legitim bo‘lgan davrida, muzokaralarni taqiqlash to‘g‘risida farmon chiqargani»ni aytgandi.
«Qat’iy qilib aytganda, bunday sharoitda muzokaralar noqonuniy bo‘ladi, demak, bu muzokaralar natijalarini ham noqonuniy deb e’lon qilish kerak bo‘ladi», – degandi Rossiya prezidenti.
Fevral oyi boshida Zelenskiy bu agar Ukrainaga tinchlik olib keladigan bo‘lsa, Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini aytgandi.
Zelenskiy nima deb javob berdi?
21 aprel kungi kechki murojaatida Zelenskiy Ukraina «hech bo‘lmaganda fuqarolik infratuzilmalariga zarba bermaslik taklifini saqlab qolishi»ni ta’kidladi. «Va biz Moskvadan aniq javob kutamiz. Biz buni qanday ta’minlash bo‘yicha har qanday muloqotga tayyormiz», – dedi Ukraina prezidenti.
Putin taklif qilgan «Pasxa sulhi» natijalarini izohlarkan, Zelenskiy shunday dedi: «Haqiqatan ham, Pasxa bayramida havo trevogalari bo‘lmadi va frontning ba’zi joylarida sukunat hukm surdi. Ya’ni, buning imkoni bor – aynan Rossiya qotilliklarni kamaytirishga harakat qilganida bunga erishish mumkin».
Pasxa bayrami oldidan Putin frontda 30 soatlik sulh tuzishni taklif qildi va Ukraina bu taklifni qabul qildi. Ammo bu vaqt davomida Kiyev va Moskva doimiy ravishda bir-birini sulhni buzishda ayblab keldi.
Dushanba kuni Zelenskiy «fuqarolik infratuzilmalariga uchuvchisiz uchish apparatlari va uzoq masofali raketalardan foydalangan holda har qanday hujumlarni kamida 30 kunga to‘xtatadigan» yangi kelishuvlarni taklif qildi.
Putin Kreml bu g‘oyani o‘rganib chiqishini bildirdi. «Buni hal qilish kerak, bularning barchasi bunday puxta tadqiqot uchun mavzu, balki ikki tomonlama tartibda ham», – dedi Rossiya prezidenti.
Shu bilan birga, Putin fuqarolik obektlariga zarba berilishi, agar ular harbiy maqsadlarda foydalanilgan bo‘lsa, o‘zini oqlashini aytdi.
Uning Rossiyaning yaqinda Sumi shahriga raketa hujumini (hujum oqibatida tinch aholi vakillarining 30 ga yaqin vakili halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan) zarbaga uchragan universitet binosida harbiy xizmatchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazilgani bilan izohlangan.
Biroq, bunday bayonot xalqaro huquqqa ochiqdan ochiq ziddir. Jyeneva konvensiyalariga ko‘ra, fuqarolik obekti harbiylar tomonidan foydalanilganda qonuniy harbiy nishon bo‘lishi mumkin, ammo buning uchun ular harbiy harakatlarga samarali hissa qo‘shgan bo‘lishi kerak.
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Rossiya va Ukraina ishtirokidagi so‘nggi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyingi dastlabki haftalarda Istanbul va Belarusda bo‘lib o‘tgandi.
Putinning muzokaralarga tayyorligi haqidagi bayonotlari AQSh vakillari mojaroni hal qilish bo‘yicha vositachilik harakatlarini to‘xtatish bilan tahdid qilishi ortidan yangradi.
O‘tgan haftada Parijda AQSh, Ukraina va Yevropa davlatlari ishtirokidagi muzokaralardan so‘ng davlat kotibi Marko Rubio Vashington yaqin kunlarda hech qanday taraqqiyot belgilari bo‘lmasa, tinchlik o‘rnatish harakatlaridan voz kechishini aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tinchlik muzokaralarini yana bir necha kun davom ettirishga, keyin esa e’tiborni boshqa muammolarga qaratishga tayyor. Keyinroq bu haqda prezident Donald Trampning o‘zi ham aytib o‘tdi.
Amerikaning Wall Street Journal gazetasi yozishicha, AQSh Kiyevga urushni tugatish rejasini taklif qilgan, unda AQSh Qrim anneksiyasini tan olishi va Ukrainaning NATOga qo‘shilishdan bosh tortishi ko‘zda tutilgan.
Bu reja 23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan AQSh, Ukraina va Yevropa delegatsiyalari muzokaralarining yangi raundida muhokama qilinishi kutilmoqda.
Agar tomonlar kelishuvga erishsa, keyingi qadam AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning Rossiyaga navbatdagi tashrifi bo‘lishi mumkin, deb yozdi WSJ.
Mavzuga oid

01:32
Putin Ukrainadagi jangovar harakatlarni hozirgi front chizig‘i bo‘ylab to‘xtatishni taklif qildi - FT

22:46 / 22.04.2025
AQSh London muzokaralarida Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni taklif qiladi - WP

13:15 / 22.04.2025
Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi ba’zi shartlari e’lon qilindi – OAV

13:04 / 22.04.2025