Jahon | 22:55 / 21.04.2025
3025
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Muz okeanidagi muzliklar maydoni tarixdagi minimal darajaga yetdi

Yaponiya aerokosmik agentligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2010 yildan beri barqaror ravishda kamayib kelmoqda.

Foto: Reuters

2025 yilda Shimoliy Muz okeanidagi Arktika muzliklarining maksimal maydoni 13,79 million metr kvadratni tashkil etdi. Yaponiya aerokosmik agentligi (JAXA) ushbu ko‘rsatkichni 20 mart kuni qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, bu sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari tarixidagi eng minimal ko‘rsatkich hisoblanadi.

«Arktika dengiz muzliklari maydonining qisqarishi — bu global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq hodisa va uning kelajakda ob-havo hamda dengiz muhitiga ta’sir ko‘rsatish xavfi bor, shuning uchun kelgusida doimiy monitoring va ma’lumotlarni tahlil qilish talab etiladi», — deyiladi JAXA xabarida.

Artika muzliklari maydoni har yili qishki davrda — oktyabrdan martga qadar oshadi. Yaponiya aerokosmik agentligi taqdim etgan jadvalda esa ushbu ko‘rsatkich 2010 yildan beri barqaror ravishda kamayib kelayotgani tasvirlangan.

Muzliklar maydonini o‘lchash ishlari 1979 yilda boshlangan. Bunda SHIZUKU bortiga o‘rnatilgan mikroto‘lqinli skanerlash radiometri 2 (AMSP2) foydalanilgan. Joriy yilda JAXA iqlim o‘zgarishini tahlil qilish maqsadida issiqxona gazlari va namlik ko‘rsatkichlarini kuzatish uchun GOSAT-GW sun’iy yo‘ldoshini uchirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Shvetsiya va Norvegiyadagi muzliklar misli ko‘rilmagan tezlikda eriyotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Olimlar bu holatni bevosita iqlim o‘zgarishi, atmosferaning ifloslanishi va issiqxona gazlari sabab yuzaga kelayotgan global isish bilan bog‘lamoqda.

Ma’lumot uchun, fevral oyi boshida Arktika va Antarktidadagi muz qoplamining umumiy maydoni 16,04 million kvadrat kilometrni tashkil etgan — bu 1979 yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Mavzuga oid