O‘zbekiston | 17:52 / 19.04.2025
2246
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston harbiylari Pokistondagi xalqaro armiya o‘yinlarida g‘olib bo‘ldi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokistonda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ldi. Armiya o‘yinlarida 31 ta jamoa 90 kmgacha bo‘lgan masofada turli maxsus mashqlarni bajargan.

Foto: Mudofaa vazirligi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokistonda o‘tkazilgan VIII xalqaro «Jamoa ruhi» musobaqasida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqada jami 14 ta davlat — O‘zbekiston, Bahrayn, Saudiya Arabistoni (4 ta jamoa), AQSh, Marokash, Xitoy, Iordaniya, Iroq, Turkiya, Maldiv orollari, Shri Lanka, Belarus, Qozog‘iston va Qatardan 17 ta xalqaro jamoa va Pokistonning 14 ta jamoasi, umumiy 31 ta jamoa bellashgan.

Shartlarga ko‘ra, jamoalar 90 km (60 soat ichida)gacha bo‘lgan marshrutning 7 ta nazorat nuqtasida azimut bo‘yicha harakatlanib, unda taktik-maxsus, otish, tibbiy, aloqa, muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirg‘in qurollardan himoya va harbiy topografiyadan turli maxsus mashqlarni, shuningdek, kutilmagan testlarni yechish mashqini bajargan.

O‘zbekiston razvedkachilari qur’aga binoan birinchi nazorat nuqtasidan 17-bo‘lib harakatlanishni boshlab, yakunda marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan (46 soat 44 daqiqa).

«Mamlakatimiz Mudofaa vazirligi terma jamoasi 34 daqiqa 15 soniyada 90 kg yaradorni to‘liq anjom-aslahalar bilan evakuatsiya qilish (5 km masofaga yugurish) vazifasini bajarib, musobaqa rekordini o‘rnatdi», deyiladi xabarda.

Yakuniy natijalar quyidagicha:

·       1-o‘rin — O‘zbekiston jamoasi (95 foiz natija);

·       2-o‘rin — Xitoy jamoasi (74 foiz natija);

·       3-o‘rin — Bahrayn jamoasi (65 foiz natija).

Mavzuga oid