Tramp Federal zaxira tizimi rahbarini iste’foga chiqarishga chaqirdi
Federal zaxira tizimi rahbari Jyerom Pauell Tramp joriy etayotgan bojlar AQSh iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytdi. Bunga javoban Amerika prezidenti uni «tezkor iste’foga chiqarishga» chaqirdi.

Foto: Getty images
AQSh prezidenti Donald Tramp savdo bojlarining salbiy oqibatlaridan ogohlantirgan Federal zaxira tizimi (FZT) rahbari Jyerom Pauellni tanqid qildi, deb xabar beradi CNN.
Chikagodagi Iqtisodiy klubda nutq so‘zlagan Pauell Oq uyning siyosati Amerika iqtisodiyoti o‘sishini sekinlashtirish va inflatsiyani tezlashtirishi mumkin — bu FZTning barqaror inflatsiya va maksimal bandlikni ta’minlash borasidagi vazifalarini qiyinlashtiradi. U FZT AQShda import tovarlariga bojlarning oshirilishi sabab inflatsiya tezlashishidan xavotirda ekanini bildirdi.
Pauellning baholashicha, prezident tomonidan joriy etilgan bojlar kamida inflatsiyaning vaqtincha o‘sishiga sabab bo‘ladi va bu effekt davomiyga aylanishi mumkin.
CNN’ning qayd etishicha, Pauellning izohi oxirgi haftalarda FZTning boshqa vakillari tomonidan bildirilgan munosabatlardan uncha farq qilmaydi. Ularning aytishicha, Tramp joriy etayotgan bojlar inflatsiya va ishsizlikning o‘sishiga olib keladi.
Pauellning chiqishidan bir kun o‘tib, Tramp TruthSocial ijtimoiy tarmog‘i orqali FZT rahbarini tanqid qildi. U Pauellni foiz stavkalarini pasaytirishni istamayotganlikda aybladi.
«Neft narxi tushmoqda, oziq-ovqat mahsulotlari (hatto tuxum ham!) arzonlashyapti va AQSh bojlar hisobiga boyimoqda. [Pauell] Yevropa markaziy banki kabi allaqachon foiz stavkalarini pasaytirishi kerak edi, ammo endi u aniq pasaytirishga majbur», — deb yozadi Tramp. Shuningdek, AQSh prezidentining ta’kidlashicha, Pauell «imkon qadar tezroq lavozimdan bo‘shatilishi kerak».
Donald Tramp Pauellni o‘zining birinchi prezidentlik muddatida — 2018 yilda Federal zaxira tizimi rahbarligiga tayinlagan edi. Pauell Jo Bayden davrida ham ushbu lavozimini saqlab qoldi. FZR rahbari lavozimida uning vakolatlari 2026 yilda tugaydi.
Mavzuga oid

21:45 / 23.05.2025
Tramp Yevropa Ittifoqiga 50 foizlik bojlar joriy etish rejasini e’lon qildi

20:03 / 23.05.2025
Rimda AQSh va Eron o‘rtasida yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar boshlandi

11:13 / 23.05.2025
Rossiyadagi kutubxonalar Trampning kitoblarini sotib olishni boshladi

08:23 / 23.05.2025