«Uyda yolg‘iz 2» filmi rejissyori Trampning qasosidan qo‘rqishini aytdi
Kris Kolambus filmdagi Donald Tramp bilan bog‘liq sahnani kesib tashlashni orzu qilishini, ammo Amerikadan haydab yuborilishidan qo‘rqishini ta’kidladi.

Foto: Ron Galella
1992 yilda «Uyda yolg‘iz 2: Nyu-Yorkda yo‘qolgan bola» komediyasini suratga olgan rejissyor Kris Kolambus filmdagi Donald Tramp bilan bog‘liq sahnani kesib tashlashni orzu qilishini tan oldi. Biroq u AQSh prezidenti qasosi va mamlakatdan deportatsiya qilinishidan qo‘rqib, bu «tavqi la’nat» va «og‘ir yuk»dan qutula olmasligini aytdi.
«Agar buni qilsam, ehtimol, mamlakatdan chiqarib yuborilishim mumkin. Qo‘shma Shtatlarda yashashga yaroqsiz deb topilishim, so‘ngra Italiyaga yoki boshqa joyga qaytishga majbur bo‘lishim mumkin», dedi 66 yoshli rejissyor San Francisco Chronicle nashriga.
Filmda Donald Trampning epizodik roli 7 sekund davom etadi. AQSh bo‘lajak prezidenti bosh qahramon rolini ijro etgan Makoley Kalkinga Plaza mehmonxonasidagi liftga qanday borishni bir og‘iz tushuntiradi. Shu davrda 46 yoshli Tramp ko‘chmas mulk sohasida nufuzli magnat bo‘lgan va Nyu-Yorkdagi eng yirik mehmonxonalardan biriga egalik qilgan.
Kolambus jurnalistlarga Trampning filmdagi ishtiroki Manhetten markazidagi mehmonxonada suratga olish uchun zarur shart bo‘lganini aytdi. Rejissyorning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ultimatum qo‘ygan: «Agar men filmda ko‘rinish bersam, Plaza mehmonxonasidan foydalanishingiz mumkin».
Tramp 2023 yilda Kolambusni yolg‘on gapirishda aybladi. Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgan siyosatchi so‘zlariga ko‘ra, suratga olish guruhi tom ma’noda undan filmda ko‘rinish berishni «yolvorib so‘ragan». Tramp so‘zlariga ko‘ra, oxir-oqibat bu lavha filmga «juda mos tushgan».
The Guardian nashrining qayd etishicha, 1992 yilda «Uyda yolg‘iz 2» filmi haqiqatan ham prokatda xitga aylandi. 28 million dollar budjetga ega film 360 million dollar yig‘di. Shu bilan birga, o‘tmishda Tramp lavhasini filmdan kesib tashlashga urinishlar bo‘lgan. Qisqartirilgan versiyasi 2019 yilda Kanada televideniyesida namoyish etilgan.
Olti yil o‘tib, 2025 yil fevralida Donald Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatida Kanada tovarlariga 25 foizlik boj joriy etishini e’lon qildi. Biroq, shundan so‘ng u ikki marta qarorini kechiktirdi.
Mavzuga oid

21:53 / 15.04.2025
Eronning yadro dasturi: Tramp nega o‘zi barbod qilgan bitimni tiklamoqchi?

20:39 / 15.04.2025
Xitoy AQSh Milliy xavfsizlik agentligining uch nafar xodimini hibsga olishga order berdi

20:35 / 15.04.2025
«Millionlab qurbonlar – uch kishi tufayli» – Tramp Ukrainadagi urushda Putinni ham aybladi

19:41 / 15.04.2025