Jahon | 19:54 / 08.05.2025
3606
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda salkam 50 yil oldin sodir etilgan qotillik tamaki qutisidagi barmoq izlari orqali fosh qilindi

1977 yilda Ohayoda 24 yoshli qizning jasadi topilgan. Shu paytga qadar qotilning kimligi noma’lumligicha qolib kelayotgan edi. Yangi tekshiruvlar natijasda jinoyatchining shaxsi aniqlandi.

Foto: Santa Clara County District Attorney's Office

AQShning Ohayo shtatida yashovchi fuqaroga o‘nlab yillar oldin ayol kishini o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Erkak kamida 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin, deb yozadi NBC News.

Qayd etilishicha, 1977 yilda 24 yoshli Janett Ralston jinsiy zo‘ravonlikka uchragan, keyin esa bo‘g‘ib o‘ldirilgan. Uning jasadi bar yaqinidagi avtomobilning orqa o‘rindig‘idan topilgan. Qizning do‘stlari politsiyaga ma’lum qilishicha, u bardan noma’lum erkak bilan birga chiqib ketgan.

Santa-Klara okrug prokurori o‘rinbosari Rob Beykerning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot xodimlari qurbonning mashinasidan topilgan tamaki qutisidagi barmoq izlarini Federal tergov byurosi ma’lumotlar ba’zasi orqali tekshirib ko‘rgan, ammo bundan natija chiqmagan. Byuro qidiruv tizimidagi algoritmlarini yangilaganidan keyin, o‘tgan yili barmoq izlari yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Aniqlangan barmoq izlari 69 yoshli Villi Yujin Simsga tegishli bo‘lib chiqqan. Uning DNKsi ham Ralstonning barmoq osti va ko‘ylagidan topilgan namunalarga mos kelgan.

Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, 8 may kuni Sims sud qarshisida javob beradi. U 25 yildan umrbod qamoq jazosigacha hukm qilinishi mumkin.

Mavzuga oid