O‘zbekiston | 19:04 / 15.04.2025
8503
1 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vaziriga xorijdagi o‘zbekistonliklarning himoyasi borasida parlament so‘rovi yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishi borasida parlament so‘rovi yubordi.

Baxtiyor Saidov / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

TIV rahbaridan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berish so‘ralgan.

Bu haqda deputat Alisher Qodirov xabar berdi. U yuborilgan so‘rov aynan biror bir holat yuzasidanmi yoki fuqarolarning umumiy holati bo‘yichami, oydinlik kiritmagan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Qirg‘iziston Rossiyadan o‘z fuqarolari tahqirlangani yuzasidan izoh talab qilgan edi. Rossiya elchisi Sergey Vakunov Qirg‘iziston TIVga chaqirtirilib, 11 aprel kuni Moskvadagi «Bodrost» hammomida Qirg‘iziston fuqarolariga qarshi o‘tkazilgan reyd yuzasidan tushuntirish berishni so‘rab, rasmiy nota topshirilgan.

Mavzuga oid