O‘zbekiston | 21:48 / 15.04.2025
4626
2 daqiqa o‘qiladi

«Kurash hech qachon tugamaydi». Saida Mirziyoyeva oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qonunga kiritilgan o‘zgartirishni olqishladi

Prezident yordamchisi buni ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquqlarini hurmat qilish yo‘lidagi katta qadam deb hisoblashini aytdi.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni olqishlab, buni ayollar huquqlarini hurmat qilish yo‘lidagi katta qadam deb atadi.

Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, 9 aprel — oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilinganiga ikki yil to‘lgan kunda prezident qonunchilikka nikohdan ajratishda sudlar tomonidan tayinlanadigan «yarashtirish davri»ni bekor qilishga oid juda muhim o‘zgartirish kiritilishini tasdiqlagan. «Kurash hech qachon tugamaydi», — deb yozadi u o‘zining Telegram kanaliga.

Prezident yordamchisi qonunga kiritilgan ushbu o‘zgartirishni ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquqlarini hurmat qilish yo‘lidagi katta qadam deb hisoblashini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Saida Mirziyoyeva agar oilada inson qadr-qimmati hurmat qilinmasa va u jismoniy, psixologik yoki iqtisodiy tahqirlarga duch kelsa, u yerda murosaga kelish, yarashish har qanaqasiga imkonsiz ekanini qayd etdi.

«Bu nafaqat ayollar, balki shunday sharoitda yashayotgan va tarbiyalanayotgan bolalar uchun ham muhimdir. Qonunchilikka ushbu tuzatishlar kiritilishi ustida ishlagan katta jamoa siz tomonda.

Yo‘l qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, o‘zingiz va farzandlaringiz tinchligini tanlang. Ota-onalar esa shuni yaxshi tushunib olishlari kerak: qizingizning zo‘ravonlikdan qochib uyga kelishi emas, balki zo‘ravonlikka toqat qilishga majbur bo‘lishi — haqiqiy sharmandalikdir», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.

Mavzuga oid