O‘zbekiston | 12:53 / 14.04.2025
11327
16 daqiqa o‘qiladi

Besh kunlik dars tizimi haqida pedagoglar qanday fikrda?

O‘zbekistonda maktablarni 5 kunlik tizimga o‘tkazish petitsiyasi parlamentda ko‘rib chiqilishi mumkin. Kun.uz'ga intervyu bergan o‘qituvchilar ayni tashabbus juda kerakli ekanini, buning ortidan ta’limdagi stressni kamaytirish, sifatga erishish mumkinligini aytishmoqda. Ammo ustozlar taklifning ijobiy tomonlaridan yuz o‘girmagan holda avval maktab defitsiti hal qilinishi tarafdori. “Birinchi biz 2-3-smenalarni yo‘qotishimiz kerak. Shundan keyin 5 kunlik haqida gapirsak bo‘ladi”, – deydi respondentlardan biri.

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga ta’lim muassasalarida darslarni haftasiga 5 kunlik rejimga o‘tkazish haqida petitsiya joylashtirilgan.

O‘tgan yili oktyabrida joylangan petitsiyani xozirgacha 15 mingdan ortiq inson yoqlagan. Qoidaga ko‘ra endi deputatlar maktablarni 5 kunlikka o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishi kerak.

Ushbu tashabbus tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz ayni keys fonida soha odamlarining fikrlari bilan qiziqdi.

Sifat va unum aksincha pasayadi”

Pedagog Isroil Tillaboyev 5 kunlik tizimga o‘tishga qarshi ekanini, bu muammolarni keltirib chiqarishini tushuntirishga urindi.

Bir statistika ko‘rgandim, 70 foizga yaqin maktablar 2 smenada o‘qiydi, nechtasidir 3 smenada. Tasavvur qiling, 2 smenali maktablarga 5 kunlik tizimni joriy etmoqchisiz, 8 dan boshlanadigan darsni 5 daqiqalik tanaffuslar bilan hisoblaydigan bo‘lsak – 7 soatlik darsni sig‘dirsangiz, u 2 da tugashi mumkin. 2 dan keyin 2-smena boshlansa, qishloq sharoitlarda soat 5 da qorong‘i tushadi, shunday sharoitlarda 7-soat 6 yoki 7 da tugaydi. Bu juda katta qiyinchilikni olib keladi.

Ba’zi odamlar bilan gaplashsangiz, boshqa davlatlar: Kanadani misol keltiradi, lekin ulardagi sharoit bilan bizdagisining yer bilan osmoncha farqi bor. Ularda to‘liq smenali maktab, kerak bo‘lsa haftalik yuklamasi ham kam, bizda xabaringiz bor, bir necha yil oldin O‘zbekistondagi maktablarda dars yuklamasi dunyo miqyosida eng yuqori dars yuklamalilar qatoriga kiritilgandi. Misol uchun, 8-sinf o‘quvchilari 1 haftada 33 soat dars o‘tadi, 6 kunda kerak bo‘lsa 6 soatdan o‘tayotgan bo‘lsa, 5 kunga qo‘yiladigan bo‘lsa, bolaning o‘zi charchab qoladi. Ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qiladi”, – dedi u.

Tillaboyev davlat umumta’lim muassasalarining dars jadvali ixtisoslashgan, prezident maktablaridagidan keskin farq qilishini qo‘shimcha qildi.

Yana bir argument keltirishadi: ixtisoslashgan, prezident maktablari 5 kun o‘qishadi, lekin ularning dars jadvalini qarasangiz, ularda 3 soatdan keyin 1 soatlik katta tanaffus beriladi. Bunda bola bemalol ovqatlanib oladi, o‘ynaydi, kuladi, umuman dars vaziyatidan chiqib, ancha dam oladi. Keyingi dars jarayonini yangi darsdek boshlaydi. Shunda ular jismonan 7 soat o‘tira olish imkoniyatiga ega. Lekin oddiy maktabga bunday ish qila olmaysiz, 2 smenali maktabga 5 daqiqadan ko‘proq tanaffus berolmaysiz.

Sifat va unum aksincha pasayadi. Aniq bilamanki, o‘quvchilarning bilim sifati pasayadi. Tasavvur qiling, 7-sinf o‘quvchisi 12-13 yosh bola, unga kunlik yuklamani battar qo‘yyapsiz. U 5 kun o‘qib yuklama olgani 2 kun dam olganini bosolmaydi. 5 kunlik o‘qish, ishni hamma istaydi, gapning ochig‘i, nafaqat o‘qituvchilar, balki barcha xodimlar istaydi. Bu jahon tajribasida bor, insonlarning dam olishini to‘g‘ri tashkil etish uchun yaxshi, lekin bunga erishish uchun tizimli yondashuv kerak, 10-15 yillik reja qo‘yish kerak”, – deydi pedagog.

Tillaboyev maktablarning sonini ko‘paytirish, sig‘imini kengaytirish rejasi davlat dasturi doirasida ilgari surilishi kerakligini, bu juda katta iqtisodiy resursni talab qilsa-da, hukumat miqyosida bunga imkon qilish mumkinligini qayd etdi.

5 kunlikka o‘tilsin, lekin maosh kamayib, ish yuklamasi oshmasin

Prezident maktabi o‘qituvchisi Zulfiya Rashidova o‘quvchi va o‘qituvchilarning haftada 2 kun dam olishini qo‘llab-quvvatlashini, bu avvalo tenglikni ta’minlashini bildirdi.

Chunki ayni paytda ko‘plab xususiy maktablarda 5 kunlik ta’lim tizimiga o‘tilgan va ayrim maktablarning 6 kun, ayrimlarining 5 kun o‘qishi yoki oliy ta’limda ham ayrim universitetlarning 5 yoki 6 kun o‘qishini qaysidir ma’noda tenglikka putur yetkazilgan deb hisoblayman. Ya’ni mening nazarimda hamma 5 kun o‘qigani yaxshi.

Birinchidan, o‘quvchi tomonidan olib qaraydigan bo‘lsak, aytaylik, haftada 6 kun ertalab o‘qiydigan bo‘lsa, 8:00 da dars boshlanadigan bo‘lsa, 7:00 da turib 8:00 ga yetib borish yoki bo‘lmasa, shunday o‘quvchilar borki, shaharning bir chetidan ikkinchi chetiga boradi va bir necha soatlab vaqtini tirbandlikda o‘tkazadi. Ana shunday vaziyatda u o‘quvchilar yanayam ertaroq turishi kerak. Mening nazarimda, o‘quvchiga haftada 6 kun tong sahar turib, maktabga borish degan bosim, xavotir og‘irlik qiladi”, – deydi u.

Rashidovaga ko‘ra, o‘qituvchilar qo‘shimcha dam kunida kutubxona, teatr, kitob ko‘rgazmasiga borishi mumkin, bu esa ularning shaxsiy rivojlanishida juda muhim.

Shunday bir paytlar ham bo‘ladiki, o‘qituvchilardan oxirgi vaqtlarda qaysi kitobni o‘qidingiz deb so‘rasangiz, sizga “O‘tkan kunlar”, “Dunyoning ishlari”ni aytishadi, vaholanki, siz buni bolaligingizda allaqachon o‘qib qo‘ygansiz. Yangi chiqayotgan asarlardan, tarjima qilinayotgan, ommalashayotgan, muhokamalarga sabab bo‘layotgan juda ko‘p asarlardan o‘qituvchilarning xabarlari yo‘q, masalan, men tanigan adabiyotshunos, filologlarning. Chunki ularning vaqti yo‘q.

Agar u har kuni maktabda bo‘lib, bir kungina, yakshanba dam oladigan bo‘lsa, shu yakshanbani ham o‘zbek ayollari odatda uy tozalash bilan o‘tkazadi, shu narsaga vaqt sarflab, bola-chaqasi, o‘ziga, mutaxassis sifatida rivojlanishiga vaqt ajratishi qiyin. Ana shunaqa biroz tin olishi uchun ham bir orqaga qarab, mutaxassis sifatida baho berishi uchun ham o‘qituvchiga yana bir qo‘shimcha kun kerak. Men qo‘shqo‘llab o‘qituvchilar 5 kunlik ish tizimiga o‘tishi kerak degan fikrga qo‘shilaman”, – dedi pedagog.

Albatta, 5 kunlik tizimning ijobiy ta’sirlarini inkor qilmagan holda bir qancha xavotirlar paydo bo‘layotgani haqida ham aytish lozim. Rashidova tashabbus hamkasblari orasida maosh kamayishi, ish yuklamasi oshishi bilan bog‘liq qo‘rquvlarni paydo qilayotganini ta’kidladi. U bunday bo‘lishi kerakmas deb hisoblaydi.

Masalan, bir paytlar o‘qituvchining haftalik dars yuklamasi 16 soat edi, 16 soat 1 stavkaga yurar edi. Ayni paytda 20 soat 1 stavkaga yuradi, ana shu narsa 20 soat 1 stavkaga yuradigan bo‘lsa, 5 kunga bu sig‘adimi, bu dars jadvalida qanday aks etadi? Va stavkani yana qayta 16 soatliga qaytarish mumkinmi? Shu ma’noda o‘qituvchining oyligiga daxl qilmaydimi, agar daxl qilmasa, ular [o‘qituvchilar] ham 5 kunlikka o‘tishga rozi.

Ularni shu narsa qo‘rqityaptiki, 5 kunlikka o‘tib qolishimiz oyligimiz kamayishiga, ish yuklamamiz battar ko‘payishiga, ko‘proq stress, bosimga olib kelmaydimi deb o‘ylashyapti. Haftada 28-30 soatlab dars o‘tadigan o‘qituvchilar bor. Va tabiiyki, bu yuklama 5 kunlik ish yuklamasiga sig‘masligi mumkin, ya’ni o‘sha odamga bu juda ham ko‘p og‘irlik qilishi mumkin. Bunday vaziyatda biz nima qilamiz degan holatlar ham bo‘ldi.

Menga qolsa, o‘qituvchi haftada 28 soat dars o‘tmagani ma’qul. Chunki tabiiyki, u [o‘qituvchi] jismonan yaramaydi, charchab qoladi. O‘qituvchilarning o‘zlari ham bilishadi, dushanba kunidagi kuch-g‘ayrat bilan ishga chiqqan o‘qituvchi bilan shanbadagisining yoki kunning birinchi yarmidagi o‘qituvchi bilan ikkinchi yarmidagisining farqi bor. Ya’ni siz ertalab kuchga to‘lganroqsiz, faolroqsiz, darsingizni qiziqarliroq o‘tasiz, 6-7-soatga borib o‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham charchab qoladi. Siz haftasiga 28-30 soatlab yuklama olgan bo‘lsangiz, tabiiyki, darsingizning sifati borgan sari tushib boraveradi”, – dedi Zulfiya Rashidova.

Pedagog soha xodimlarining maoshi soat hisobiga emas, balki boshqa yo‘llar: ustama, toifasi, sertifikati bilan ko‘paytirilishi tarafdori ekanini aytdi. “Kamroq soat, lekin ko‘proq maosh olinadigan darajaga chiqarilsa, ustozlar haftasiga ko‘p soat olishga, o‘zini charchatishga harakat qilmaydi”, – deydi u.

Maktablar defitsiti muammosi vaqtida hal qilinganda 5 kunlikka o‘tib bo‘lgan bo‘lardik

Xususiy maktab o‘qituvchisi, “Xalq ta’limi info” kanali muallifi Ulug‘bek Po‘latov 5 kun ishlash taklifi 2019 yilda ham kun tartibida bo‘lganini, o‘sha vaqtdagi Xalq ta’limi vazirligi (hozirgi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi) tomonidan bu oqlanmaganini esladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bo‘lardi, shu qo‘mita turizmni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining bir qaror loyihasini ishlab chiqqan, shu qaror loyihasi bilan hamma davlat tashkilotlari, maktablarni ham 5 kunlik tizimga o‘tkazmoqchi bo‘lishgan. O‘sha paytda Xalq ta’limi vazirligi keskin raddiya, ya’ni munosabat bildirib chiqqan: buning imkoni yo‘qligini, chuqur tahlillarga asoslanish kerakligini aytgan. Birinchi keltirgan asosi: maktablar yetishmovchiligi.

Haqiqatan ham olib qaraydigan bo‘lsak, maktablar yetishmaydi. Maktablar yetishmay turgan vaqtda 5 kunlik tizimga o‘tkazish karrasiga yana o‘quvchilar o‘rni yetishmovchiligini oshirib yuborishi mumkin. O‘shanda ham Xalq ta’limi vazirligi bayonotini o‘qiydigan bo‘lsak, 2-3 smenada o‘quvchi maktablar borligi aytilgan. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga bir nechta savollarni ko‘ndalang qo‘ygan edi. Hozir hisoblaydigan bo‘lsak, 2019 yil [dan beri] shu taklif berilganiga necha yil bo‘ldi? Undan oldin ham aytilgan, lekin o‘sha vaqtda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi darajasida ko‘tarilgani uchun xuddi hozirgidek shov-shuv bo‘lgan, hamma internet nashrlari ham bu haqda yozib chiqqan, deyarli 6-yil ketyapti, lekin biz o‘sha paytda harakatlarni boshlaganimizda hozir o‘tib bo‘lgan bo‘lardik”, – deydi u.

Faolning e’tibor qaratishicha, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda 8 557 ta maktab bo‘lgan. Hozirga kelib ularning soni 10 750 tani tashkil etadi.

Hozir maktablar qurishni keskin ko‘paytirish kerak, bu bitta vazirlikning qo‘lida emas, buni parlamentda ko‘rish kerak. Deputatlarimiz nima qilishyapti? Hukumat soati bo‘layotganda ko‘p deputatlarimiz “MMTV davlat budjetidan mablag‘ olish bo‘yicha 2-o‘rinda turadi, shuncha mablag‘ ajratilsa ham mana shu ahvol” degan narsani aytishadi, bu noto‘g‘ri. Shuncha katta armiya bo‘lganidan keyin shunaqa katta pul ajratiladi-da, lekin u ham oz aslida. Shuning uchun parlamentda shu masala ko‘tarilishi kerak, asosiy kun tartibidagi masala mana shu bo‘lishi kerak. O‘zi biz birinchi navbatda parlament darajasida “biz uchun nima muhim?” degan to‘xtamga kelib olishimiz kerak.

Deputatlarimiz o‘ylab ko‘rishi kerak, buni parlament darajasida muhokama qilishlari va maktablar qurilishini keskin ko‘paytirish kerak. Birinchi biz 2-3-smenalarni yo‘qotishimiz kerak. Shundan keyin biz 5 kunlik haqida gapirsak bo‘ladi. Ya’ni [5 kunlikka] o‘tishimiz kerak, lekin hozirgi ahvolimizda o‘tolmaymiz”, – dedi soha vakili.

5 kunlikka qanday o‘tamiz?

Yana bir ta’lim mutaxassisi, o‘qituvchi Shokir Tursun 5 kunlik tizimni yoqlab, unga qanday o‘tish mumkinligi haqida o‘z telegram kanalida yozgan. Ekspertga ko‘ra, bunda hukumat oldida ikki yo‘l bor, ya’ni shanba kunlik dars soatlarini qolgan kunlarga sochib yuborish va o‘quvchilar yuklamasini kamaytirish orqali bir kunga qisqartirish.

Shokir Tursun birinchi yo‘lni eng yomoni deb baholagan. Uning aytishicha, bunday qilinsa, hozir kuniga o‘rtacha 6–7 soat o‘qiyotganlar qaysidir kuni 9 soat o‘qishi kerak bo‘lib qolishi mumkin. “Shundoq ham samarasi past bo‘lgan ta’lim yanada cho‘kadi. Bundan tashqari, 2 smenada o‘qiyotgan maktablarda katta muammolar boshlanadi. 3 smenali maktablar esa parokandalikka yuz tutadi”,– deydi u. Mutaxassis ikkinchi yo‘lni ancha samarali ekani va u shuning tarafdoriligini aytmoqda.

Ayrim fanlarning umumiy soatlarini qisqartirish evaziga bir kun bo‘shatiladi. Bu yo‘nalishda ikki xil usuli barobar qo‘llanishi kerak:

a) ayrim fanlarni fakultativ shaklga o‘tkazish (musiqa, tasviriy san’at, texnologiya kabi)

b) dars soatlarini qisqartirish, masalan, haftasiga 4 soat bo‘lgan fanni o‘quv dasturini optimallashtirish evaziga 3 soatga tushirish.

Yuqoridagilar sabab o‘qituvchilar meni yomon ko‘rishga shoshilmasin. Tan olaylik, maktablarimizda o‘quv yuklamalari ko‘p, keraksiz mavzular ham topiladi. Ana shularni optimallashtirish evaziga shanbadan voz kechish mumkin. Ammo hukumat g‘irrom o‘ynamasligi lozim. O‘quvchilar yuklamasi kamiyishi o‘qituvchilarning ish haqini kamaytirmasligi lozim”,– deydi Tursun.

Kun.uz ayni mavzuda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ham fikrini bilishga urinib, maktablar yetishmovchiligi borasida qanday istiqbolli rejalar ko‘zda tutilayotganini bilish maqsadida so‘rov jo‘natgandi. Ammo rasmiylar bu so‘rovimizni e’tiborsiz qoldirishdi. Shunday ekan, maktablarni 5 kunlik o‘qish va ishlash rejimiga oid petitsiyaning taqdiri nima bo‘ladi, tizimdagi mavjud defsit muammosi qanday hal qilinadi, bundagi kartina mavhumligicha qoldi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid