Jahon | 17:36 / 11.04.2025
2749
2 daqiqa o‘qiladi

Tarif urushlarida g‘oliblar bo‘lmaydi – Si Jinping

Xitoy AQSh tovarlariga bojlarni 125 foizga oshirdi. Si Jinping mamlakatlarning tarif «raqobati» haqida fikr bildirdi.

Foto: REUTERS

Tarif urushlarida g‘olib bo‘lishi mumkin emas. Butun dunyoga qarshi chiqishga urinish faqat o‘z-o‘zini izolyatsiyaga olib keladi, dedi Xitoy rahbari Si Jinping. Bu masala Pekinda Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi, deb xabar berdi CCTV davlat telekompaniyasiga tayanib MIR24.

Si Jinping so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 70 yil davomida «Xitoy hech qachon birovning shafqatiga tayanmagan va ortiqcha bosimdan qo‘rqmagan». Mamlakat o‘z taraqqiyotida mustaqillikka, mehnatkashlikka tayandi.

Xitoy va Yevropa Ittifoqi nafaqat o‘z manfaatlarini, balki butun xalqaro qoidalarni himoya qilish uchun Qo‘shma Shtatlarning bir tomonlama tahdidlariga qarshi turish uchun birgalikda ishlashi kerak, dedi Si.

«Tarif urushlarida g‘oliblar bo‘lmaydi, butun dunyoga qarshi chiqish o‘zingizni izolyatsiya qilish demakdir», dedi Xitoy rahbari.

2025 yil 2 aprelida AQSh prezidenti Donald Tramp barcha mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga o‘zaro bojlar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinchalik, farmonning kuchga kirish muddati 90 kunga kechiktirildi. Ammo bu Xitoyga taalluqli emas edi, oqibatda Xitoy tovarlariga boj miqdori 145 foizga yetdi.

Xitoy, o‘z navbatida, AQSh tovarlariga boj to‘lovlarini 125 foizga oshirdi. Ushbu chora 12 apreldan kuchga kiradi.

Mavzuga oid