Jahon | 17:19 / 11.04.2025
10762
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shnilarimiz qiynalsa, bir chetda qarab turmaymiz - To‘qayev

Qozog‘iston prezidenti qo‘shni davlatlar bilan har tomonlama manfaatli hamkorlikni davom ettirishi, ular asosida muvozanatli va barqaror tashqi siyosat yuritishini aytdi.

Foto: Akorda

Qozog‘iston xalqaro hamjamiyatning mas’uliyatli a’zosi sifatida ochiq savdo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi tamoyillariga qat’iy sodiq qoladi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Chimkentdagi ommaviy yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, mamlakat barcha sheriklar bilan munosabatlarni o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida qurmoqda.

«Savdo taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib, nafaqat alohida mamlakatlar, balki butun mintaqalar farovonligiga hissa qo‘shadi. Qozog‘iston Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi asosiy savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan. Aytishimiz mumkinki, bu nafaqat geografik joylashuvning o‘ziga xosligi, balki bizning tarixiy missiyamizdir. Biz ushbu strategik ustunlikdan oqilona foydalanishimiz kerak. Aynan shu tufayli Qozog‘iston muhim transport-logistika loyihalariga qo‘shilgan. Maqsadimiz aniq. Transport va logistika loyihalari bizni taqdir taqozosi tufayli birlashtirgan qo‘shni davlatlar bilan har tomonlama manfaatli hamkorlikni davom ettiramiz, ular asosida muvozanatli va barqaror tashqi siyosat yuritamiz.

Qozoq tilida shunday naql bor: «Qo‘shnini qabul qilsang, Xudo oldidagi qarzingni qaytarasan». Biz barcha qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatdamiz, bunga alohida e’tibor qaratamiz. Agar qo‘shnilarimiz qiynalib qolsa, muammoga duch kelsa, biz hech qachon bir chetda qarab turmaymiz. Biz atrofimizda tinchlik va barqarorlik hukm surishidan manfaatdormiz», dedi To‘qayev.

Mavzuga oid