Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin 1994 yildayoq Ukraina sharqi va Qozog‘iston shimoli «doim Rossiya davlatining bir qismi bo‘lgani»ni aytgan
Germaniya uning so‘zlari yozilgan eslatmani maxfiylikdan chiqardi.

Ambor / Ullstein bild / Getty Images
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Vladimir Putin 1994 yilda – «Rossiya chegaralari hech qayerda tugamaydi» degan mashhur iborani aytishidan va Ukrainaning beshdan bir qismini bosib olishidan ancha oldin Rossiya hududi tushunchasini keng talqin qilganidan dalolat beruvchi hujjatni oshkor qildi. Uning 1994 yildagi bayonotiga ko‘ra, u nafaqat Qrim va sharqiy Ukrainani, balki Qozog‘istonning shimoliy qismini ham Rossiyaga tegishli deb hisoblaydi.
1994 yilda Vladimir Putin Germaniyaning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuliga Qrim, Ukraina sharqi va Qozog‘iston shimolini Rossiyaning bir qismi deb hisoblashiga ishora qilgan. Konsulning xizmat eslatmasi Germaniya Tashqi ishlar vazirligining 1994 yildagi hujjatlari bilan «Germaniya tashqi siyosati hujjatlari»ning yangi jildida chop etilgan. Der Spiegel jurnali kitob bilan tanishib chiqdi.
Xizmat xatiga ko‘ra, 1994 yil 14 yanvarda Putin Germaniya bosh konsuliga «Qrim, Ukraina sharqi va Qozog‘iston shimoli Rossiya uchun hech qachon begona bo‘lmagani, ular har doim Rossiya davlatining bir qismi bo‘lgani» va «hech bir rossiyalikka endi bu chet el ekanini tushuntirib bo‘lmasligi»ni aytgan. Gap go‘yoki nemislar tushunishi qiyin bo‘lgan qandaydir milliy tuyg‘u haqida ketmoqda, deya qo‘shimcha qilgan Putin. U bu haqda birinchi marta gapirayotgani yo‘q, deb ta’kidlaydi bosh konsul o‘z maktubida.
Agar, deb davom etgan Putin, ruslarning Ukraina va Qozog‘istondagi iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli qoniqarli bo‘lsa, unda «muammo yo‘q». Ammo uning o‘sha paytdagi bahosiga ko‘ra, holat bunday emasdi – va bu odamlarni Vladimir Jirinovskiy kabi o‘ng populistlarga jalb etgan. Putin G‘arbdagilar aslida «Rossiya manfaatlarining oqlangan himoyasi» bo‘lgan narsani «rus imperializmi» deb atamasligi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
1991–1995 yillarda GFRning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli diplomat Eberxard fon Putkamer edi, u olti yil oldin vafot etgan. Vladimir Putin 1994 yil yanvar oyida Sankt-Peterburg merining o‘rinbosari va shahar tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari bo‘lgan.
Putinning o‘sha paytdagi rahbari Anatoliy Sobchak (keyinchalik Putin uni ustoz va do‘st deb atagan) 1992 yilda SSSR parchalanganidan keyin uning ta’sischi respublikalari sovetlardan oldingi chegaralarga qaytishi kerakligini, «qolgan hududiy yutuqlar esa muhokama mavzusi» ekanini aytgan. Sobchak Qrim Ukrainaniki bo‘lib qolishini «bema’nilik» deb atagan va Ukraina o‘z armiyasini yaratishiga to‘sqinlik qilishi kerakligi, aks holda u «uni albatta ishga tushirishi»ni ta’kidlagan.
Putin 2021 yilda «Ruslar va ukrainlarning tarixiy birligi to‘g‘risida»gi dasturiy maqolasida Sobchakning pozitsiyasiga ishora qilgan. Shuningdek, u «Qrim har doim bizniki bo‘lgan» va «zamonaviy Ukraina Vladimir Lenin timsolida Rossiya, aniqrog‘i, bolsheviklar, kommunistik Rossiya tomonidan yaratilgan» deb ta’kidlagan.
Putinning fikricha, Qozog‘iston possovet mamlakatining birinchi rahbari Nursulton Nazarboyev tomonidan yaratilgan. «U noyob ishni amalga oshirdi. U hech qachon davlat bo‘lmagan hududda davlat barpo etdi. Qozoqlarda davlatchilik bo‘lmagan», – degandi Rossiya prezidenti 2014 yilda.
2020 yilda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Davlat dumasi deputati Vyacheslav Nikonovning «Qozog‘iston hududi Rossiya va Sovet Ittifoqining katta sovg‘asi» degan so‘zlariga javob berishiga to‘g‘ri kelgandi. «Bu ulkan hududni qozoqlarga tashqaridan hech kim bergani yo‘q», – degan To‘qayev.