OpenAI Ilon Maskning «doimiy bosimlari» sabab sudga da’vo kiritdi
ChatGPT chatboti ishlab chiqaruvchisi Ilon Maskni muntazam ravishda ta’qib qilishda ayblab, sudga qarshi da’vo kiritdi. Fevral oyida Mask kompaniyani sotib olish uchun 97,4 mlrd dollar taklif qilgandi.

Foto: Reuters
Amerikalik OpenAI kompaniyasi Ilon Maskka qarshi da’vo arizasi kiritib, uni kompaniyaga nisbatan tizimli bosim o‘tkazishda aybladi. ChatGPT sun’iy intellektini ishlab chiqargan kompaniya federal sudga murojaat qilib, Maskning «noqonuniy harakatlarni davom ettirishini taqiqlash»ni so‘radi, deb yozmoqda Reuters.
«Ilonning bizga nisbatan to‘xtovsiz harakatlari — bu shunchaki vijdonsiz taktikalar bo‘lib, OpenAIʼni sekinlashtirish va sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi innovatsiyalar ustidan nazoratni shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘lga kiritishga qaratilgan harakatdir», — deyiladi OpenAI xabarida.
Kaliforniya Shimoliy okrugi sudiga kiritilgan da’voda ta’kidlanishicha, Mask ijtimoiy tarmoqlar orqali kompaniyaga ta’nalar yog‘dirgan, asossiz sud da’volarini kiritgan va kompaniya obro‘siga putur yetkazish hamda nazoratni qo‘lga kiritish uchun muvaffaqiyatsiz urinishlarni amalga oshirgan.
Reutersʼning yozishicha, OpenAI tijoriy modelga o‘tgani sud mojarolarini keltirib chiqargan — kompaniya 40 milliard dollar miqdorida moliyalashtirishni jalb etish uchun buni zarur qadam deb hisoblaydi. Mask kompaniya direktorlar kengashidan chiqishini e’lon qilganida aynan OpenAI’ning tijoriy foliyat bilan shug‘ullanishga o‘tganini sabab qilib ko‘rsatgandi.
OpenAI 2015 yilda tashkil etilgan. U vaqtda kompaniyaning ikki raisi bor edi — Ilon Mask va Sem Altman. Kompaniya «sun’iy intellekt sohasida notijoriy va insoniyatga foyda keltiradigan tadqiqotlar bilan shug‘ullanishi» belgilangan. Ammo 2018 yilda Mask kompaniya tijoriy faoliyatga o‘tganidan norozi bo‘lib, kompaniyani tark etgan.
2024 yilda Mask OpenAI foyda ko‘rish uchun notijoriy missiyasidan chekinganini bildirib, kompaniya va Altmanni sudga bergandi. Altman ayblovlarni rad etib, Mask sun’iy intellekt sohasidagi raqibining faoliyatiga xalaqit berishga urinayotganini ta’kidlamoqda. Dekabr oyida OpenAI Mask OpenAI’ning tijoriy tuzilmaga aylanishini qo‘llab-quvvatlagani, biroq uning ustidan nazoratni qo‘lga kirita olmagani uchun ketgani keltirilgan hujjatlarni e’lon qildi.
Joriy yilning fevralida Mask OpenAI’ni sotib olish uchun 97,4 milliard dollar taklif qildi. Ammo korporatsiya direktorlari unga rad javobini qaytardi. Altman esa OpenAI sotilmasligini aytib, Mask egalik qilayotgan X ijtimoiy tarmog‘i uchun 9,74 milliard dollar taklif qildi.
Mavzuga oid

18:10 / 11.04.2025
Ilon Maskda muammolar: uning biznesi zarar ko‘rmoqda, Tramp bilan esa ilk kelishmovchilik chiqqan

18:22 / 10.04.2025
Demokrat kongressmenlar Ilon Maskni ishdan olishni talab qildi

22:26 / 09.04.2025
Ilon Mask bojlar sabab Trampning maslahatchisini haqorat qildi

12:33 / 09.04.2025