Jahon | 19:11 / 10.04.2025
14274
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbulda Rossiya va AQSh muzokaralari yakunlandi

Diplomatik missiyalar faoliyatini normallashtirishga qaratilgan muzokaralar 5,5 soat davom etdi.

Foto: TASS

Istanbulda diplomatik missiyalar faoliyatini normallashtirish bo‘yicha AQSh va Rossiya maslahatlashuvlarining ikkinchi raundi yakunlandi. Muzokaralar 5,5 soat davom etdi. TASSning yozishicha, Amerika delegatsiyasi uchrashuv tashkil etilgan Rossiya bosh konsulxonasini birinchi bo‘lib tark etgan.

Qayd etilishicha, muzokaralar yopiq tarzda o‘tkazilgan. RF delegatsiyasiga Rossiyaning AQShdagi elchisi Aleksandr Darchiyev, Amerika tomoniga — davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Sonata Kolter rahbarlik qilgan.

Tomonlar maslahatlashuvlar yakuni bo‘yicha matbuotga bayonot berishni rejalashtirmagan, uchrashuv natijalari keyinroq mamlakatlarning tashqi siyosiy idoralari tomonidan e’lon qilinadi.

Rossiya delegatsiyasi Amerika tomoni bilan oldinroq tortib olingan diplomatik mulkni qaytarish va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash masalalarini muhokama qilishni rejalashtirgan. RF TIV muzokaralar davomida tomonlar diplomatlarning faoliyatini qiyinlashtiradigan ko‘plab texnik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini ma’lum qilgandi.

10 aprel kuni, shuningdek, Abu-Dabida Rossiya va AQSh o‘rtasida bir nafardan mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 27 fevral kuni Istanbulda diplomatik missiyalar ishi bo‘yicha maslahatlashuvlarning birinchi raundi o‘tkazilgandi. O‘shanda Amerika tomoni uchrashuvda «ikki davlat diplomatik vakolatxonalari faoliyatini normallashtirish bo‘yicha qadamlar belgilangani» haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid