Jahon | 23:29 / 10.04.2025
14538
2 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts farzandlariga milliardlab dollar meros qoldirmasligini ma’lum qildi

Microsoft asoschisi o‘zi to‘plagan boylikning katta qismi muhtojlarga yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilishini aytdi.

Foto: Facebook / Bill Gates

Amerikalik milliarder va filantrop Bill Geyts uch nafar farzandi — Jyennifer, Rori va Fibi hozirgi boyligining 1 foizdan kamroq qismini meros sifatida olishlarini ma’lum qildi. Forbesʼga ko‘ra, Geytsning hozirda boyligi 101 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi.

Hindistonlik podkastchi Raju Shamani bilan suhbatda Microsoft asoschisi nima sababdan boyligining katta qismini farzandlariga qoldirishni istamasligi haqida gapirdi.

«Farzandlarim ajoyib bolalik va ta’limga ega bo‘lishdi, lekin ular boyligimning 1 foizdan ham kam qismini olishadi, chunki men bu ular uchun yaxshilik bo‘lmaydi, degan qaror qelganman. Men sulolalar yaratishni istamayman. Men ulardan Microsoftʼni boshqarishni so‘ramayapman», — deydi Geyts.

Bill Geyts o‘z boyligining katta qismi boshqalarga xizmat qilishi kerakligini ma’lum qildi. U 2000 yilda sobiq rafiqasi Melinda bilan Gates Foundation jamg‘armasiga asos solgan. Bugungi kunda u sog‘liqni saqlash, ta’lim va qashshoqlikni bartaraf etish bilan shug‘ullanayotgan dunyodagi eng yirik xususiy xayriya tashkilotlaridan biri hisoblanadi.

«Bolalar sizning qo‘llab-quvvatlovingiz va muhabbatingizga shubha qilmasligi muhim. Shuning uchun ularga yoshligidan o‘z falsafangizni tushuntirishingiz kerak: siz ularga bir xil munosabatda bo‘lasiz, ulkan imkoniyatlar berasiz, ammo pullarning katta qismi unga muhtoj bo‘lganlarga yo‘naltiriladi», — deydi milliarder.

Geytsning ta’kidlashicha, bolalar uning qarorini tushunadi va qo‘llab-quvvatlaydi.

Mavzuga oid