Xitoy AQSh tovarlariga 84 foizlik javob bojini joriy qildi
Xitoy Amerika tovarlariga import bojini 34 foizdan 84 foizgacha oshiradi. Bu AQSh tomonidan joriy qilingan shunga o‘xshash cheklovlarga javoban amalga oshiriladi, deya xabar berdi Reuters Xitoy Moliya vazirligiga tayanib.

Foto: The Mercury
Mazkur chora 10 aprel, payshanba kunidan kuchga kiradi.
Shuningdek, xitoylik rasmiylar yana 12 ta amerikalik tashkilot faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirdi va AQShning yana olti kompaniyasini «ishonchsiz tashkilotlar» ro‘yxatiga kiritdi.
8 aprel kuni Oq uy Xitoydan olib kiriladigan tovarlarga qo‘shimcha bojni 34 foizdan 84 foizgacha ko‘targan edi. Bu qarorga asos sifatida Pekinning 34 foizlik mutanosib boji keltirildi. U AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy tovarlariga nisbatan shunday cheklov joriy etganidan so‘ng e’lon qilingandi.
AQShning Xitoydan import qilinadigan tovarlarga nisbatan umumiy boj stavkasi 104 foizga yetdi. Vashington e’lon qilgan 84 foizlik boj Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshida joriy etilgan har biri 10 foizlik ikkita bojga qo‘shimcha hisoblanadi.
Xitoy Tramp bojlariga javoban bosqichma-bosqich Amerika tovarlarga qo‘shimcha bojlar joriy qilgan. Ular qatorida ko‘mir, suyultirilgan tabiiy gaz va qishloq xo‘jaligi texnikalari ham bor. Shuningdek, Pekin AQShning o‘nlab kompaniyalariga cheklovlar qo‘ygan va Jahon savdo tashkilotiga arz bilan murojaat qilgan.
Bundan avval Xitoy Savdo vazirligi «Tramp bojlariga oxirigacha qarshi kurashish» niyatida ekanini bildirgan edi. «AQShning Xitoyga nisbatan bojlarni oshirish bilan qo‘rqitishi — xatoga xatoni qo‘shish demakdir», — deyilgan vazirlik bayonotida.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy «kelishuv tuzishni juda xohlamoqda, ammo uni qanday boshlashni bilmayapti». «Biz ularning qo‘ng‘irog‘ini kutyapmiz», — deb yozgan AQSh prezidenti 8 aprel kuni o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
2 aprel kuni Tramp savdo hamkorlari tovarlariga nisbatan «o‘zaro bojlar» joriy qilish haqidagi farmonni imzoladi. Uning ma’muriyati fikriga ko‘ra, bu davlatlar amerikalik tovarlar uchun notarif to‘siqlar yaratgan.
Xitoyga nisbatan tarif o‘sha paytda 34 foizni, Yevropa Ittifoqiga nisbatan — 20 foizni tashkil qilgan, barcha import uchun esa universal asosiy boj 10 foiz etib belgilangan edi. Xitoy darhol 34 foizlik bojga javoban 34 foiz boj joriy qildi. Shundan so‘ng Tramp darhol bu bojni bekor qilishni, aks holda yana 50 foizlik boj joriy etishi bilan tahdid qildi. Xitoy tomoni bu tahdidlarga uchmadi va 84 foizlik boj joriy etilgach, xuddi shunday miqdordagi boj bilan javob qaytarmoqda.
Mavzuga oid

22:36 / 17.04.2025
Zelenskiy Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazib berishda aybladi

21:37 / 17.04.2025
Tramp Federal zaxira tizimi rahbarini iste’foga chiqarishga chaqirdi

17:01 / 17.04.2025
Tramp ma’muriyati Xitoyning DeepSeek chatbotini AQShda bloklash masalasini muhokama qilmoqda

12:53 / 17.04.2025