Jahon | 18:45 / 13.05.2025
1290
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Lotin Amerikasi davlatlariga 9,2 mlrd dollar kredit va vizasiz rejim taklif qildi

Bundan tashqari, Pekin har yili tajriba almashish uchun Lotin Amerikasi davlatlari siyosiy partiyalarining 300 nafar a’zosini mamlakatga olib kelmoqchi.

Foto: REUTERS

Xitoy hukumati Lotin Amerikasi davlatlariga 66 milliard yuan (9,2 milliard dollar) miqdorida kredit taqdim etadi. Bu haqda XXR raisi Si Jinping «Xitoy—Lotin Amerikasi va Karib davlatlari» (CELAC) forumida ma’lum qildi.

Xitoy yetakchisining ta’kidlashicha, mamlakat uchun mintaqada joylashgan davlatlarda yanada ko‘proq yuqori sifatli mahsulotlarni import qilish niyatida.

«Biz Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlarining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida investitsiyalar oqimi oshirilishini rag‘batlantiramiz», — deydi u.

2015 yilda o‘tkazilgan CELAC forumida Xitoy ushbu mamlakatlarga 20 milliard dollar miqdorida kredit taklif qilgandi. Xitoyning mintaqa bilan savdosi jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda, 2024 yilda uning hajmi birinchi martda 500 milliard dollardan oshgan. Joriy forum doirasida Xitoy sof energetika, 5G aloqa, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va global xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirish rejasini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Pekin har yili Lotin Amerikasi davlatlari siyosiy partiyalarining 300 nafar a’zosini tajriba almashish uchun mamlakatga taklif qilmoqchi. Shuningdek, Xitoy hukumati Lotin Amerikasining beshta davlati fuqarolariga XXRga vizasiz kirish huquqi taqdim etilishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid