O‘zbekiston | 22:35 / 08.04.2025
2172
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi «Matbuot uyi» investorga berilgani rad etildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi poytaxt markazidagi «Matbuot uyi» binosi xususiy investorga berib yuborilgani to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Bino O‘zA ixtiyorida qoladi va bo‘lajak «Media shaharcha»ning bir qismiga aylanadi.

Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri Matbuotchilar ko‘chasidagi 32-uy («Matbuot uyi») investorga berilgani, egalik huquqi esa O‘zbekiston Milliy axborot agentligidan (O‘zA) olib qo‘yilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Qayd etilishicha, prezidentning tegishli qarori bilan «Matbuot uyi» bino va inshootlari (Toshkent shahri, Mirobod tumani, Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uy) chindan ham O‘zAga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

Qarorga muvofiq, O‘zAga tegishli «Matbuot uyi» bino va inshootlari hamda unga tutash hududda zamonaviy «Media shaharcha» tashkil etilishi belgilangan.

«Hozirgi kunda «Matbuot uyi» binosida demontaj ishlari yakuniga yetib, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. Ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda «Matbuot uyi» bino va inshootlarining sotilishi nazarda tutilmagan va O‘zA mazkur binoni yagona balansda saqlovchisi hisoblanadi», — deyiladi munosabatda.

Shuningdek, «Matbuot uyi» bino va inshootlari hamda unga tutash hududda qisqa muddatlarda zamonaviy «Media shaharcha» tashkil etilib, barcha davriy bosma nashrlarning tahririyatlari mazkur binoga joylashtiriladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda binoning beton-panel ko‘rinishidagi qismlari demontaj qilinib, karkas holatiga keltirilgan. «Kelgusida ushbu binoni energotejamkor, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, qulay shart-sharoitlar yaratish hamda zamonaviy ko‘rinishga olib kelish maqsad qilingan», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, «Matbuot uyi» 2018 yil bahorda auksionga chiqarilgan edi. O‘shanda obektning boshlang‘ich narxi 18,7 milliard so‘mni tashkil etgan. Keyinroq lot auksiondan olib tashlangandi.

2021 yil avgustda Buxoro va Nuroniylar ko‘chasidagi bino xususiylashtirish doirasida savdoga chiqariladigan 12 ta davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritildi. Ko‘p o‘tmay obekt savdodan olinib, O‘zA balansiga o‘tkazildi.

2023 yil noyabrda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi «Matbuot uyi» majmuasining rekonstruksiyasi va unga tutash hududda «Media shaharcha» qurish bo‘yicha tender natijalarini e’lon qildi. Tenderda «Yangi Zamon bino» kompaniyasi 98,8 milliard so‘mlik taklif bilan g‘olib chiqdi.

Mavzuga oid