Iqtisodiyot | 12:27 / 01.04.2025
8065
2 daqiqa o‘qiladi

2 yil oldin sotilgan “Kvars” AJ yana davlat nazoratiga qaytdi

2023 yil boshida xususiylashtirilgan “Kvars” AJ davlat nazoratiga qaytarildi. Zavod Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ofshor kompaniyalar egaligidagi “Quvasoysement”ga sotilgandi. Davaktiv xususiylashtirish bitimi nima sababdan bekor bo‘lgani haqida rasmiy izoh bergani yo‘q.

Foto: "Kvars" AJ

Qurilish oynalari va shisha idishlar bozorida monopol mavqega ega “Kvars” AJning nazorat paketi yana davlat tasarrufiga qaytdi.

Bu haqda Openinfo.uz portalida e’lon qilingan 2025 yil 19 martdagi aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bayonnomasiga tayanib, “KorpInfo” Telegram-kanali xabar berdi.

Bayonnomada Davlat aktivlarini boshqarish agentligi kompaniyaning 89,78 foiz aksiyalari egasi deb ko‘rsatilgan.

“Kvars” AJ ustav kapitalidagi xuddi shu miqdor – 89,78 foiz davlat ulushi 2023 yilning fevralida 265 mlrd so‘mga “Quvasoysement” AJga sotilgandi.

Kelishuvga ko‘ra, xaridor 2018-2021 yillarda “Kvars” tomonidan jalb qilingan 47,2 mln yevro miqdoridagi kredit mablag‘larini 2026 yil yakuniga qadar so‘ndirishi kerak edi.

Kompaniya 2024 yilni 142 mlrd so‘m, 2023 yilni esa 21,7 mlrd zarar bilan yakunlagan. Xususiylashtirilishdan oldingi yillarda esa, foyda ko‘rib ishlagan: 2021 yilda kompaniyaning sof foydasi 54,7 mlrd so‘mni, 2022 yilda 64,3 mlrd so‘mni tashkil etgan.

“Kvars” AJ o‘tgan yil Asakabankdan 8 mln dollar, 2025 yilda esa 60 mlrd so‘m miqdorida kredit ham olgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hozircha “Kvars” AJning yana davlat nazoratiga qaytarilish sabablari haqida hech qanday izoh bergani yo‘q.

Ma’lumot uchun, “Kvars”ni xususiylashtirgan “Quvasoysement” AJga Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan United Cement Group (UCG) egalik qiladi. Bu tashkilotning ta’sischisi Ulug‘bek Shodmonov bo‘lib, u 2024 yilning dekabr oyida BAAda qo‘lga olingani va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida OAVda xabarlar paydo bo‘lgandi.

Mavzuga oid