O‘zbekiston | 17:01 / 08.04.2025
2027
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand iqlim forumida qanday natijalarga erishildi?

Foto: Ekologiya va iqlim vazirligi

4–5 aprel kunlari O‘zbekiston yana bir muhim xalqaro tadbir — Samarqand iqlim forumiga mezbonlik qildi.

Mazkur forum Markaziy Osiyo tarixidagi iqlim masalasiga bag‘ishlangan ilk tarixiy voqelikka aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining uch nafar o‘rinbosari, BMTning ekologiya yo‘nalishidagi tashkilotlari, konvensiyalar rahbarlari, bir qancha davlatlar, xalqaro tashkilotlar va agentliklarning (UNCCD, FAO, UNIDO, UNECE, ICBA va hokazo) ekologiya sohasiga mas’ul bo‘lgan 30 dan ortiq vazirlari, yetakchilari hamda boshqa ko‘plab xorijlik mutaxassislar ishtiroki forumning nufuzini yanada oshirdi.

Forumda Yashil rivojlanish konsepsiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi va ushbu konsepsiyani Braziliyada bo‘lib o‘tadigan COP28 doirasida tasdiqlash uchun tegishli choralar ko‘rishga kelishildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 2023 yilda COP28’da rasman ishga tushirilgan sanoat dekarbonizatsiyasi va global darajada jamoaviy harakatni kuchaytirish bo‘yicha tajriba almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qiluvchi, yuqori iqlim ambitsiyalariga ega 43 mamlakatning ixtiyoriy koalitsiyasi hisoblangan Climate Club’ga a’zo bo‘ldi.  

Ma’lumot uchun, Climate Club faoliyati uchta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: tashlamalarni kamaytirish bo‘yicha shaffof siyosatni amalga oshirish, sanoatni o‘zgartirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash. Tashkilotning asosiy maqsadi Parij kelishuvini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va global sof «nol chiqindi»ga erishish uchun iqlim bo‘yicha harakatlarni tezlashtirishdir. 

Shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan «Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlimga qarshi kurash va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida»gi anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlimga qarshi kurashish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va ularni boshqarish sohasida aniq harakatlar va tadbirlarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga xizmat qiladi. Maqsad O‘zbekistonning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqaror, iqlim sharoitiga chidamli va emissiyasi kam bo‘lgan rivojlanishiga hissa qo‘shish va turli xalqaro konvensiyalar, shartnomalar shartlarini bajarishda qo‘llab-quvvatlashdir.

Qolaversa, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Qirg‘iziston Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligi o‘rtasida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University) kadrlar tayyorlash uchun kvota ajratish to‘g‘risida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston talabalariga 9 tagacha kvota o‘rinlari ajratiladi (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 5 tagacha, magistratura ta’lim yo‘nalishlari uchun 4 tagacha). Memorandumdan maqsad mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish, atrof-muhitni o‘rganish va iqlim o‘zgarishi sohasida salohiyatli kadrlar sonini oshirishdan iborat. 

Bundan tashqari, BMT Bolalar jamg‘armasining (UNICEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida strategik hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumiga imzo chekildi. Unga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va salbiy oqibatlari ta’sirini yumshatish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va bolalar uchun muhim xizmatlarning inklyuziv, barqaror va ekologik xavflarga tayyor bo‘lishini ta’minlash yo‘li bilan bolalar va yoshlarning chidamliligini mustahkamlash sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlantiriladi. Shuningdek, dolzarb ekologik masalalarda bolalar ishtiroki kengaytiriladi va ularning salomatligini ta’minlash ustuvor vazifaga aylantiriladi.

Mavzuga oid