Jamiyat | 21:26 / 03.05.2025
10604
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘quvchilar uzr uchun tiz cho‘ktirildi

O‘quvchilarning o‘zaro janjali yakunda uzr so‘rattirish, buning uchun tiz cho‘ktirish bilan yakunlandi.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati, Paxtachi tumani, 21-maktabda tasvirga olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Unda ikki o‘quvchisi boshqa bir o‘quvchining poyida tiz cho‘kkan holda kechirim so‘rayotgani aks etgan.

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, hodisa 2024 yil aprel oyida yuz bergan.

Dastlab, X.T. ismli o‘quvchi E.Ya. ismli o‘quvchini haqorat qilgan. So‘ngra maktab direktori o‘rinbosari, sinf rahbari va maktab psixologi X.T. onasining roziligi bilan uni va opasini E.Ya. uyiga uzr so‘rash uchun olib borgan. Shundan keyin E.Ya.ning onasi o‘quvchilarni o‘z farzandidan tiz cho‘kkan holda kechirim so‘rashni talab qilgan. Videoda shu lavhalar aks etgan.

Qayd qilinishicha, holat bo‘yicha huquqni muhofoza qiluvchi organlar tomonidan E.Ya.ning onasiga nisbatan tegishli ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, maktab direktori o‘rinbosari, sinf rahbari va maktab psixologiga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llangan.

Ta’kidlanishicha, bunday holat qayta takrorlanmasligi uchun maktab ma’muriyati hamda hudud profilaktika inspektori tomonidan o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasida zarur tushuntirish ishlari olib borilgan.

 

Mavzuga oid