O‘zbekiston | 11:31 / 07.04.2025
739
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘zbekiston va Vetnam siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston va Vetnam tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning oltinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: "Dunyo" AA

TIV ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiyalarga ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari Ilhom Haydarov va Le Thi Thu Hang boshchilik qildi.

Tomonlar siyosiy-diplomatik hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini, savdo va sarmoyaviy sohadagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, xalqaro tashkilotlar doirasidagi muloqotni chuqurlashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

"Ko‘p yillik tarix bog‘lagan O‘zbekiston va Vetnam qardosh xalqlar bilan yaqin davlatlardir. 1970-1980 yillarda O‘zbekiston ta’lim muassasalarida tahsil olgan 3 mingdan ortiq vetnamlik talabalar mamlakatlarimiz o‘rtasida "bog‘lovchi ko‘prik" bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Men ularning ba’zilarini shaxsan bilaman – ular taniqli jurnalistlar va diplomatlar. Jamiyatda yuksak mavqega ega bo‘lgan O‘zbekiston-Vetnam hamkorligining rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan insonlardir", dedi Le Hang.

Turli darajadagi faol aloqalar – o‘zaro tovar ayirboshlash va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida qo‘shma sarmoyaviy loyihalar hajmi oshib borayotgani, ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar sonining ortishi qayd etildi.

Ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi yuzasidan fikr almashildi.

Birinchi navbatda, hamkorlik uchun savdo va sarmoyaviy sohadagi mavjud salohiyatdan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishlarda shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vetnam hukumatlararo komissiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Xususan, Vetnam tomoni O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASeAN) bilan institutsional hamkorligini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Mavzuga oid