O‘zbekiston | 12:15 / 07.04.2025
1247
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya universiteti O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin

O‘zbekiston diplomatlari Britaniyaning Roempton universiteti (University of Roehampton) prorektori, professor Richard Keog bilan uchrashdi.

Foto: "Dunyo" AA

Muloqot davomida oliy ta’lim sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek O‘zbekiston universitetlari bilan akademik, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida birgalikda ishlash rejalari muhokama qilindi.

Roempton universiteti va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama diplom berish dasturlarini amalga oshirish, mazkur oliy bilim yurtining ta’lim va o‘quv dasturlarini franchayzing asosida yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga joriy etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Prorektor Richard Keog O‘zbekistonda Britaniya ta’lim standartlarini joriy etishdan manfaatdorligini ta’kidlab, mamlakat oliy ta’lim muassasalari bilan qayd etilgan barcha yo‘nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni o‘rnatishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishdagi birgalikdagi ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi.

University of Roehampton 1841 yilda Uaytlends kolleji sifatida tashkil etilgan. 1975 yilda Roempton oliy instituti, 2004 yildan e’tiboran esa universitet maqomini olgan. Hozirgi kunda mazkur universitetda salkam 13 ming, shu jumladan 15 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olyapti. Unda pedagogik yo‘nalishlar, biznes boshqaruvi, tibbiyot, ijtimoiy fanlar, IT, san’at va dizayn, gumanitar va sport fanlaridan saboq beriladi. Universitetning Singapur, Germaniya, Fransiya, Gretsiya va Nepalda filiallari bor.

Mavzuga oid