Fan-texnika | 21:43 / 07.04.2025
4621
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda 14 yoshli o‘smir yurak kasalliklarini sanoqli soniyalarda aniqlashga qodir ilovani ishlab chiqdi

Circadian AI nomi ostidagi dastur smartfon mikrofoni orqali yozib olingan yurak urishi tovushlarini tahlil qilgan holda yurak-qon tomir kasalliklarini aniqlay oladi.

Foto: Times of India

Amerikalik o‘smir yurak kasalliklarini sanoqli soniyalarda aniqlashga qodir sun’iy intellekt asosida ishlovchi ilovani yaratdi, deb xabar beradi Oddity Central nashri.

Dallasda yashovchi 14 yoshli o‘smir Siddxartx Nandyala yurak kasalliklariga tashxis qo‘yishga mo‘ljallangan innovatsion ilovani ishlab chiqdi. Circadian AI nomi ostidagi dastur yetti soniya ichida smartfon mikrofoni orqali yozib olingan yurak urishi tovushlarini tahlil qilgan holda yurak-qon tomir patologiyalari aniqlashga qodir.

Yosh ixtirochi allaqachon sun’iy intellekt bo‘yicha Oracle va ARM kompaniyalarining sertifikatiga ega eng yosh mutaxassis sifatida tan olingan. Uning dasturi AQShda 15 mingdan ortiq, Hindistonda esa 700 nafar bemorda sinab ko‘rilgan va tashxislarni 96 foiz aniqlikda qo‘ygan.

Texnologiya Hindistonning Guntur shahridagi Davlat umumiy profil kasalxonasida sinovdan o‘tkazilgan va uning samaradorligi tasdiqlangan. Haydarobodda bo‘lib o‘tgan Sun’iy intellekt bo‘yicha Global sammitda Siddxartx o‘z ilovasini avvalo tibbiy xizmatdan cheklangan hududlar uchun yaratgani, bu joylarda tezkor tashxis insonlar hayotini saqlab qolishi mumkinligini alohida ta’kidlagan.

Hindistonning Andhra-Pradesh shtati bosh vaziri yosh ixtirochi bilan uchrashuvdan so‘ng uning favqulodda salohiyatini e’tirof etgan va kelgusi ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlashni va’da qilgan. Yosh bo‘lishiga qaramay, Siddxartx o‘rta maktabni tamomlagan va hozirda Dallas universitetida kompyuter fanlari bo‘yicha oliy ta’lim olmoqda.

Mavzuga oid