Jahon | 21:16
1729
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Tramp bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha «samarali suhbat» o‘tkazdi

U Trampni yaqinda Rossiyaning Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlariga bergan zarbalari haqida xabardor qilganini ta’kidlamoqda.

Foto: Reuters

Ukraina va AQSh prezidentlari 5 avgust kuni telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi.

«Prezident Tramp bilan samarali suhbat. Asosiysi, albatta, urushni to‘xtatish haqida. Biz AQSh prezidentidan barqaror va uzoq muddatli tinchlik uchun barcha sa’y-harakatlari uchun minnatdormiz. Darhaqiqat, qotilliklarga imkon qadar tezroq barham berish kerak, biz buni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Agar ruslar urushni cho‘zib yubormaganida, ko‘p oylar urushsiz o‘tishi mumkin edi», deb yozdi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, u Trampni yaqinda Rossiyaning Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlariga bergan zarbalari haqida xabardor qilgan.

«Vaziyatga birgalikda baho berdik: rossiyaliklar zarbalarning shafqatsizligini oshirdi», dedi u.

Shuningdek, tomonlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni muhokama qilgan.

«Rossiyaning iqtisodiyoti pasayishda davom etmoqda va aynan shuning uchun Moskva prezident Trampning bu istiqboli va qat’iyatini hisobga olmoqda. Bu ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin», dedi Zelenskiy.

Amerika tomoni hozircha Tramp va Zelenskiyning bo‘lib o‘tgan muzokaralariga izoh bermadi.

Iyul oyi oxirida Donald Tramp Rossiya Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzishi uchun 10 kunlik muddat - 8 avgustgacha muhlat belgilagandi. AQSh prezidentining aytishicha, bu muddat tugagach, Vashington Moskvaga nisbatan bojlar va «boshqa choralar» joriy qiladi.

Vladimir Putin AQSh prezidentining o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi talabiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermadi. Reuters xabariga ko‘ra, Putin Trampni «g‘azablantirishni» istamaydi, Vashington va umuman G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilash imkoniyatini qo‘ldan boy berayotganini tushunadi, ammo unga harbiy maqsadlar muhimroq.

Mavzuga oid