Jahon | 18:40 / 06.04.2025
11636
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh ilk bor chet davlatning barcha fuqarolariga berilgan vizalarni bekor qildi

Davlat kotibi Marko Rubio Janubiy Sudan fuqarolariga berilgan barcha vizalarni bekor qildi.

Foto: AP

AQSh hukumati Janubiy Sudanning barcha fuqarolariga berilgan vizalarni chaqirib oldi. Bu haqda davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.

«Men Janubiy Sudan pasporti egalariga berilgan barcha vizalarni bekor qilish va ularga yangi vizalar taqdim etilishini cheklash choralarini ko‘ryapman, bu ularning AQShga kirishining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Ushbu qaror darhol kuchga kiradi, chunki Janubiy Sudan muvaqqat hukumati o‘z fuqarolarini vaqtida qabul qilishga qodir emasligini ko‘rsatdi», — deb yozadi Rubio X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

AQSh davlat kotibi Janubiy Sudan to‘laqonli hamkorlik qilishga tayyor bo‘lganidan keyin ushbu harakatlar qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Janubiy sudanliklarning vizalarini bekor qilish — Donald Trampning yangi ma’muriyati tomonidan ma’lum bir davlatning barcha fuqarolariga nisbatan qo‘llangan birinchi choradir. Mart oyida AQSh rasmiylari Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan kelgan 500 ming migranti mamlakatdan chiqarishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini e’lon qilgan edi. Biroq bu choralar faqat muayyan dastur asosida mamlakatga kirgan shaxslarga nisbatan qo‘llanishi ko‘zda tutilgandi.

Jo Bayden davrida AQSh ma’muriyati Janubiy Sudan fuqarolariga 2025 yil 3 mayga qadar «vaqtincha himoyadan foydalanuvchi shaxslar maqomi»ni (TPS) bergan edi. 2023 yil sentabrda AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi 133 nafar fuqaro shu kabi maqomga ega ekani, yana Qo‘shma Shtatlardagi 140 nafar Janubiy Sudan fuqarosi TPS’ga da’vogarlik qilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Janubiy Sudan Respublikasi 2011 yilda Sudandan ajralib chiqqan. Mamlakatning parchalanishiga diniy va etnik qarama-qarshilik sabab bo‘lgan. 2013 yilda Janubiy Sudanda fuqarolik urushi boshlangan edi, oqibatda mamlakatda ocharchilik va epidemiya avj oldi. Bugungi kunda Janubiy Sudan sayyoradagi eng qashshoq davlatlardan biri hisoblanadi, mamlakatning minglab fuqarolari qochoqqa aylangan.

Mavzuga oid