Shovotda benzin sisternasiga tushgan yigit zaharlanib vafot etdi
Yigitning otasi o‘g‘lini yolg‘iz qoldirishganini, u sisterna ichidan chiqolmasdan vafot etganini aytmoqda. Ota ish “yopti-yopti” qilinishidan, ekspertiza xulosalari o‘zgartirilishidan xavotirda. Bosh prokuratura ish tekshirilayotganini bildirdi.

Foto: Shovot tumani IIB
Xorazm viloyatining Shovot tumanida yosh yigit katta benzin sisternasining ichiga tushib, chiqolmasdan vafot etgan. Holatni Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz’ga tasdiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2004 yilda tug‘ilgan Murodbek Olloyorov “Shoxobod 2022” MChJga qarashli AYoQSh ishchisi Islombek Karimovning taklifi bilan ichini tozalash maqsadida narvon orqali benzin sisternasiga tushgan. Biroq u yoqilg‘i qoldiqlari hididan zaharlanib, sisternada vafot etgan. Hodisa 27 mart kuni sodir bo‘lgan.
Shovot tumani IIB TQX ma’lumotida Murodbek Olloyorovning zaharlanib hushidan ketganini ko‘rgan Islombek Karimov uni olib chiqish uchun sisternaga tushgani, ammo o‘zi ham hushini yo‘qota boshlagani hamda ukasi tomonidan tortib olingani keltirilgan. Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan yigitning otasi Zoyirjon Rahimov esa o‘g‘li sisterna ichida yolg‘iz qoldirilganini aytmoqda.
“AYoQShda ishlovchi yigit bir ish bor edi, deya menga qo‘ng‘iroq qildi. Vaqtim yo‘q deb qo‘ng‘iroqlariga javob bermagandim. Keyin uyimga borib, otang bilan gaplashdim, sen qilib berarkansan, deya o‘g‘limni aldab olib ketgan. O‘g‘lim sisterna ichiga narvon bilan tushgan. Ular yonida odam bo‘lgan deb aytishmoqda. Ammo o‘g‘lim o‘zi tirmashib chiqishga harakat qilgan. Negaki, jarohatlangan, shilingan joylari bor. O‘zim traktorchiman, oddiy oilamiz. 2-3 oydan keyin o‘g‘limni uylantirib, to‘y qilmoqchi bo‘lib o‘tirgandik”, Zoyir Rahimov.
Murodbek oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan. Uning murdasini sisterna ichidan FVB xodimi olib chiqqani aytilmoqda.
Bosh prokuraturaning Kun.uz’ga bildirishicha, hozirda holat tekshirilmoqda.
Mavzuga oid

21:05 / 27.03.2025
Buxoro neft zavodi jarimaga tortilgan. Raqobat qo‘mitasi tafsilotlarni ochiqlamadi

18:21 / 24.03.2025
Toshkentda antifriz ichgan ayol og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi

16:38 / 18.03.2025
Xorazm viloyatining uchta tumanida hokim o‘zgardi

15:44 / 16.03.2025