O‘zbekiston | 16:54 / 01.04.2025
14325
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga «Leapmotor» brendidagi avtomobillar importi cheklandi

O‘zbekistonda «Leapmotor» tovar belgili avtotransport vositalarini sertifikatlash vaqtincha to‘xtatiladi. Bunga ushbu brendga tegishli S16 avtomobilida aniqlangan kamchilik sabab sifatida keltirilyapti.

Foto: Leap Motors

O‘zbekistonda «Leapmotor» brendiga tegishli yengil avtomobillarni sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi sertifikatsiyalash orgonlariga ogohlantirish xati yuborgan.

Hujjatda keltirilishicha, cheklov qo‘yilishiga «Leapmotor S16» avtomobilida aniqlangan kamchilik sabab sifatida keltirilgan.

«EURO PROF TEST MChJning 2025 yil 28 martdagi 28/03-son xati bilan «Leapmotor» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan M1 toifadagi «Leapmotor» tovar belgili «S16» rusumli (VIN raqami LFZ93AN96RD091431) yengil transport vositasini muvofiqligini baholash natijasida, reglamentning 3-ilova 44-bandida belgilangan talabga nomuvofiqligi aniqlanganligi ma’lum qilingan.

Mazkur nomuvofiqlik avtotransport vositasidan foydanalishda uning elektronikasi yoki boshqa qurilmalaridan foydalanishda muammolarga, ayrim hollarda tegishli tizimlarning ishdan chiqishiga olib keladi», deyiladi xatda.

Agentlik iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida aniqlangan nomuvofiqlik Leapmotor kompaniyasi tomonidan bartaraf etilgunga qadar, M1 toifadagi «Leapmotor» tovar belgili avtotransport vositalarini sertifikatlashtirish yuzasidan arizalarni qabul qilish to‘xtatilishini bildirgan.

Avvalroq, import avtomobillar sinovdan o‘tkazilayotgan Piskent tumanidagi laboratoriya uchun navbatlar uzayib borayotgani xabar qilingandi. Bojxona sohasidagi blogerlarga ko‘ra, elektron navbat olish tungi soat 00:00 da ochilyapti va 1 daqiqaga bormasdan, joylar to‘lib qolyapti.

Mavzuga oid