O‘zbekiston | 18:07 / 31.03.2025
16424
11 daqiqa o‘qiladi

“Gold terapi” izidan Tailandda yoxud Xayrulla Kasimov kirdikorlari – 3-qism

Kun.uz Toshkentdagi “Gold terapi” klinikasi faoliyati yuzasidan surishtiruvlarni davom ettirdi. Navbatdagi maxsus surishtiruv muolajalar o‘tkazilgan Tailandda, aniqrog‘i Pxuketning Qosimov yashaydigan, maxsus qo‘riqlanuvchi mahallasida bo‘ldi. Bu gal "Professor”ning odam miyasini "programma qilishni kafolatlaydigan" apparati, bemorlarga ichirilgan shubhali ichimlik hamda psixoximiklar faoliyati tahlil qilinadi.

Qosimov o‘z faoliyatini keng qamrovli targ‘ibot asosida olib borgan va ayrim telekanallar, vaynerlar ishtirokida ham chiqishlar qilib dovrug‘ taratgan. Qahramonimiz ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarda sirli apparatning imkoniyatlarini boshlovchilar ishtirokida go‘yoki ochib bergan. Uning bu chiqishlari esa odamlarda ishonch uyg‘otgan.

1-fakt-cheking:

17 000 dollarlik apparat” – aslida 200 dollarlik bosh tasmasi

Bu qurilma Muse – ya’ni miya faoliyatini sezuvchi bosh tasmasi. Kanadada 2014 yildan boshlab ishlab chiqarilgan bu qurilma shaxsiy meditatsiya treneri vazifasini o‘taydi. U EEG (miya faoliyatini elektrodlar orqali o‘lchash) sensorlar orqali miya faoliyatini, yurak urishini, nafas olish ritmini va tananing harakatlarini kuzatib, ayni vaqtda fidbek beradi.

Uning arzonligi, ishlatish qulayligi sababli ayrimlar o‘zi bilan birga olib yurishi ham mumkin. Ammo undan davolash maqsadida foydalanilmaydi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan Tailandda ham undan ruhiy muolajalar chog‘ida foydalaniladi.

Bu qurilma maxsus mobil ilova - Muse Direct bilan birga ishlaydi. Ilovani telefonga yuklab olasiz va bluetooth orqali miya faoliyatini ko‘rib, meditatsiya va to‘g‘ri nafas olib o‘zingizni tinchlantirasiz. U hech qanday miyani programma qilish xususiyatiga ega emas. Qurilma foydalanishga chiqarilganiga ko‘p vaqt bo‘lgan bo‘lsa-da, aytarli darajada ommalashmadi.

Qiziq tomoni siz ham bu qurilmani arzongina narxda bemalol sotib olib foydalanishingiz mumkin. Masalan Amazon platformasida u 200 dollardan 340 dollargacha sotiladi. Boshqa savdo platformalarida ham u bundan qimmat turmaydi. Intervyularda esa Qosimov bu qurilmani 17 ming AQSh dollariga Amerikadan keltirganini aytgan.

2-fakt-cheking: “Bu geroin, opium kabi kuchli narkotik hisoblanadi”

Ikkinchi surishtiruv davo muolajalari chog‘ida bemorlarga ichiriladigan ichimlik yuzasidan bo‘ldi. Tabiiyki, biz uni ichib ko‘rmaganmiz va nima ekanligidan bexabarmiz. Ammo murojaatchilarimiz tasvirlagan taxminlar asosida Tailandda uni qidirib ko‘rdik. U yerda ko‘p yildan beri istiqomat qiluvchi Roman aytgan taxminlarimizga ko‘ra shunday ma’lumot berdi:

“Bu ichimlik uchun “tom” daraxti barglarini qaynatib olinadi. Mana shunday rangdagi, taxir ichimlik tayyor bo‘ladi. Mahalliy aholi bu suyuqlikni ichish qulay bo‘lishi uchun ta’bga ko‘ra biror salqin ichimlik qo‘shishadi. Unga qo‘shiladigan asosiy qo‘shimcha bu – tarkibida kodein bo‘lgan sirop, u alkoloid hisoblanadi. Kodeinning tarkibi xuddi geroin bilan bir xil.

Uni yaxshilab chayqatib aralashtirish kerak. Bu ichimlik kuchli ta’sir qiluvchi, qaramlik keltirib chiqaruvchi giyohvand ichimlik. Avvaliga eyforiya, o‘zini baxtli his qilish, hamma narsani unutish mumkin, gallyutsinatsiya yuz beradi. Ammo keyinchalik odam o‘zini kasalday his qiladi. Ko‘ngil aynishi, qayt qilish, uyqusizlikka chalinadi.

Uning bitta butilkasi 60 bat (Tailand pul birligi) turadi. (O‘zbek so‘mida 23 ming) Ammo Tailandda juda ommalashgani tufayli uning savdosida kuniga juda katta pul aylanadi.

Bu ichimlik geroin, opium kabi kuchli narkotik hisoblanadi. Har qanday holatda ham uni ichib ko‘rishni maslahat bermayman”, - deydi u.

Ta’kidlab o‘tamiz, bu aynan o‘sha ichimlik ekani hali ma’lum emas. Uni tekshirish va yakuniy xulosa berish tegishli tashkilotlar zimmasida. Biz esa kuzatuvlar asosida bu ichimlikning daraxt bargidan tayyorlanishi, gallyutsinitsiya sodir qilishi, kuchli qaramlik keltirib chiqarishi kabi belgilar asosida taxminlarni ilgari suryapmiz xolos. Ichimlik haqida farazlarni aytdik, ammo klinikada muolajadan oldin bemorlarning burniga sepadigan kukun borasida bir nima deyishga ojizmiz. Chunki uning nima ekanligini ziyrak muxlislarimiz taxmin qilib bo‘lishgan.

3 fakt-cheking: Psixoximiklar faqat laboratoriyada ishlashadi

Qosimov va ning shogirdlari o‘zlarini “psixoximik” deb atashadi. “Gold terapi”da bu mutaxassislikka qayerda o‘qigani noma’lum ko‘plab shogirdlar tayyorlanib, “psixoximiklar armiyasi” yo‘lga qo‘yilgan. Ular odamlarga katta va’dalar berib qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirishadi. Ammo psixoximik degan mutaxassis laboratoriyalarda faoliyat ko‘rsatishini bilishmaydi.

Sohadagi yetakchi mutaxassis, professor Zarifboy Ibodullayev ularning bu faoliyati tibbiyotga mutlaqo zid ekanligini aytdi:

Psixoximiya fani – toksik moddalarning inson ruhiyatiga ta’sirini o‘rganuvchi fan. Narkotik vositalar, ekologiyaga chiqadigan zaharlar, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan gerbitsidlarning inson psixtikasiga ta’sirini o‘rganuvchi fan. Psixoximik nima qiladi? Zaharli moddalarning psixikaga ta’sirini o‘rganada va u laboratoriyada o‘tiradi. Bu yigit (Xayrulla Qosimov)ning faoliyati mutlaqo inson ruhiyatini davolash bilan bog‘liq faoliyatga to‘g‘ri kelmaydi. Tushunishimcha, o‘sha narkotik (ayauaska) moddalarni (buni surishtiruv idoralari o‘rgansa kerak) inson ruhiyatiga ta’sirini o‘rgangan va buni juda katta pul ishlash usuliga aylantirgan. Meni ajablantirgani, uning mijozlari aynan dunyoqarashi keng, ziyoli insonlar bo‘lgan. San’atkorlar qo‘lga tushib qolgan. Bu achinarli hol, bu bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotgan, faoliyat o‘rganilayotgan bo‘lsa kerak”, - dedi mutaxassis.

Gold terapini zamonaviy lo‘lilar deb bilaman”

Ilm-fanni butunlay inkor etayotgan bu guruhning faoliyati oqibatida nima yuz beryapti? Klinikada davolanib zarar ko‘rgan mijozlarning bir nechtasidan qisqa iqtibos keltiramiz:

Nurmuhammad: ularning kurslarini sotib olish va hayotini o‘zgartirish uchun yashab turgan uyini sotib 20 ming dollar bergan. Unga proshivkadan keyin oyiga 6 ming topish va’da qilingan. Hozir mehnat muhojiri, uysiz qolib ijarada yashayotgan oilasini boqish va uy olish uchun chet elda ishlayapti. (videosi)

Zamira opa: 60 dan oshgan, 15 yildan beri jigar sirrozidan aziyat chekadi, Qosimov unga tuzatish va’dasini berib 40 ming dollar olgan. Ammo kasallik o‘sha paytda 1 stadiyada bo‘lsa hozir 4 stadiyaga chiqqan, ahvoli og‘irlashgan.

Xumora: ko‘krak raki bilan “Gold terapi”ga murojaat qilgan va 15 ming dollar bergan. Kasallikni davolash jarayonida 4 stadiya bosqichiga kelib qolgan. Kamiga uning shogirdi ham paytdan foydalanib 5 ming evaziga muolajani davom ettirgan. Ahvoli battar og‘irlashgan.

Nazira opa: suyak yemirilish tashxisi qo‘yilgan, Qosimovning shogirdlari unga tuzatamiz deb va’da berib, katta miqdorda pul to‘latgan. Hozir esa opa ham kasallikning og‘irlashgan bosqichida. U “Gold terapi”ni zamonaviy lo‘lilar deb ta’kidlaydi.

Botir: jigar sirrozga chalingan, Qosimovning shogirdiga murojaat qilgan oila bugun ham moddiy, ham ma’naviy qiyin ahvolda qolgan. Ular bemorga birorta dori ichishni taqiqlab qo‘yishgan va o‘sha mashhur ichimlikni ichirib intervyu olishgan. Ikki farzandning otasi bo‘lgan bemor hozir og‘ir ahvolda, xastalikning eng oxirgi bosqichiga kelib qolgan.

Bular o‘tgan sondagi ko‘rsatuvlarda ishtirok etgan jabrlanuvchilar sonidan tashqari bizga aloqaga chiqqanlarning ayrimlari xolos. Bu bemorlar biror natija bo‘lmagani, pullarni qaytarishlarini, ammo oldindan katta va’dalar berishganini eslatishganda Qosimovning ukasi deyilgan menejer Rixsitilladan “ming‘ir-sing‘ir qilib boshimni og‘ritmang” degan javob olishgan.

“Gold terapi”da og‘ir, tuzalishi oson bo‘lmagan xastaliklarni tuzatishni va’da berishyapti. Ular bu kasalliklarni qanday usulda davolaydi? Nimalar yordamida davolaydi? Bu usul qayerda kim tomonidan ta’sis etilgan? Bu savollarimizga ularda javob yo‘q. Vaholanki butun dunyoda har bir kasallikning davolash protokoli bor. Bitta kasallikni davolash protokollari qanday qabul qilinishi: avvalo ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladi, undan keyin klinik yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi. Bular tor doiradagi tibbiy mutaxassislar tomonidan tayyorlanadi. Undan keyin ekspertlar komissiyasi ko‘rib chiqadi va amaliyotga joriy qilish haqida qaror qiladi. Shundan keyin protokol rasmiy hukumat va tashkilotlar tomonidan ro‘yxatga olinib, e’lon qilinadi.

Sog‘liqni saqlash sohasida g‘ayrioddiy sensatsiyalar qilayotgan, kitob yozayotgan Kasimovning kitoblarida hatto tibbiy atamalar mavjud emas. Google tarjimon orqali tarjima qilingan bu kitoblar xususiy nashriyotlarda chop etiladi va davolanishga kelgan mijozlarga majburan 200-300 mingdan sotiladi.

“Gold terapi”ning Kun.uz’dagi surishtiruvlarga javoban oqlov tariqasidagi videosida biror asosli dalil yoki fakt keltirilmagan. Qosimovning ijtimoiy sahifalaridan ko‘rinib turibdiki, bu shaxslarning deyarli barchasi uning shogirdlari.

Endi esa Qosimovning ayni paytda xorijdagi faoliyatiga to‘xtalsak. Kun.uz’ning Tailanddagi manbalariga ko‘ra, u yaqin kunlarda Phuketda o‘zining savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan do‘konini ochgan. Buning uchun rasman ro‘yxatdan o‘tib faoliyat boshlagan.

Bu surishtiruvni tayyorlash jarayonida Ichki ishlar idoralaridan ushbu klinika va uning asoschisi Xayrulla Qosimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning ustidan tushgan arizalar soni mingdan ortib ketgan va haligacha davom etyapti. Demak klinika faoliyatidan jabrlanganlar soni kutilganidan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid