Putinning yordamchisi: Moskva vaqtinchalik sulhdan manfaatdor emas
Putin yaqin vaqtlar ichida AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashishi kutilmoqda.

Foto: Yegor Aleyev/TASS
AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff (u Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarda ham ishtirok etmoqda) bugun ertalab Moskvaga uchib keldi. Uitkoff 11 mart kuni Jiddada bo‘lib o‘tgan va Kiyev 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qo‘llab-quvvatlagan Ukraina bilan muzokaralar ishtirokchilaridan biri edi.
Oq uyda rasmiy ravishda tashrifdan maqsad – Moskvani o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishga ko‘ndirish ekani aytilgan, biroq Uitkoff bu masalani aynan kim bilan muhokama qilishi va uning safari qancha davom etishi aytilmagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun tushdan keyin Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uitkoffning samolyoti Moskvaga qo‘nganidan taxminan bir soat o‘tgach, Kremldan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha birinchi aniq izoh berildi – prezident yordamchisi Yuriy Ushakov «Rossiya 1» efirida Rossiya rasmiylarini vaqtinchalik sulh emas, balki uzoq muddatli kelishuv qiziqtirayotganini aytdi.
«Bizning maqsadimiz – uzoq muddatli tinchlik kelishuvi bilan hal qilish deb hisoblaymiz, biz shunga intilamiz, mamlakatimizning qonuniy manfaatlarini, bizning ma’lum xavotirlarimizni hisobga oladigan tinchlik kelishuvi bilan hal qilish. Tinchlik harakatlarga taqlid qiluvchi qandaydir yuzaki qadamlar, menimcha, bu vaziyatda hech kimga kerak emas», – dedi Ushakov va avvalroq bu pozitsiyani AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolsga yetkazganini ta’kidladi.
U Vladimir Putin 13 mart kuni Ukrainada vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish taklifi bo‘yicha «yanada aniq va mazmunli baho» berishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
RF prezidenti yordamchisi keyinroq jurnalistlarga bu borada yana bir bor izoh berib, 30 kunlik sulh taklifi Rossiyaga hech narsa bermasligi, Ukraina uchun esa o‘z kuchlarini qayta guruhlash imkoniyati ekanini ta’kidladi.
«30 kunlik vaqtinchalik sulh. Xo‘sh, u nima beradi? U bizga hech narsa bermaydi. U faqat ukrainlarga qayta guruhlanish, kuch to‘plash va keyinchalik ham shunday davom etish imkoniyatini beradi», – deya Ushakovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».
«Hujjat, menimcha, shoshilinch xarakterga ega (...) Ishlash, o‘ylash va bizning pozitsiyamizni ham hisobga olish kerak bo‘ladi. U yerda faqat Ukraina yondashuvi bayon etilgan», – dedi Ushakov jurnalistlarga Ukrainadagi sulh taklifiga izoh berar ekan.
Amerika ijobiy javob kutmoqda
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Ushakovning bayonotidan oldinroq, agar Moskva rozi bo‘lsa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimini «bir necha kun ichida» joriy etish mumkinligini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, Vashingtonda «o‘t ochish to‘xtatilishi, harbiy harakatlar to‘xtatilishi va muzokaralar boshlanishi»ni xohlashadi. «Agar ularning javobi salbiy bo‘lsa, bu juda achinarli bo‘ladi va ularning niyatlarini aniq ko‘rsatadi», – dedi u.
Rubio, shuningdek, fevral oyida Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi ro‘yxati ko‘rsatilmagan «tegishli sharoitlar»da urushni tugatish g‘oyasi uchun ochiq bo‘lganini ta’kidladi.
Reuters agentligi erta tongda manbalarga tayanib, o‘sha uchrashuvdan so‘ng Rossiya AQShga urushni tugatish bo‘yicha kelishuv doirasida ma’lum bir talablar ro‘yxatini taqdim etgani haqida xabar berdi – agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu talablar so‘nggi uch hafta davomida Moskva va Vashington vakillari o‘rtasida ham yuzma-yuz uchrashuvlarda, ham qo‘shma muzokaralarda muhokama qilingan. Manbalar talablarni aniq keltirmagan, biroq ularni ilgari Ukraina, AQSh va NATOga qo‘yilgan talablarga «o‘xshash» deb ta’riflashgan (Qrim, Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarini Rossiyaning bir qismi sifatida tan olish, Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi). Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ro‘yxat borligi haqidagi ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, o‘z navbatida, Moskvani sulh taklifiga aniq javob bermagani uchun qoraladi. «Bu aynan Rossiya urushni davom ettirish va tinchlik kelishini imkon qadar kechiktirishga harakat qilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Umid qilamizki, Qo‘shma Shtatlarning bosimi Rossiyani urushni tugatishga majbur qilish uchun yetarli bo‘ladi», – dedi u.
«Kommersant» nashri muxbiri Andrey Kolesnikov ma’lumotiga ko‘ra, Putin 13 mart kuni, Kreml Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralardan keyin Uitkoff bilan ham uchrashishni rejalashtirgan.
Yuriy Ushakov «Rossiya» telekanali jurnalisti Pavel Zarubinga bergan izohida Uitkoff «Rossiyaning juda yuqori martabali vakillari» bilan uchrashishini aytgan va uning Putin bilan uchrashishini istisno qilmagandi.
Mavzuga oid

21:01 / 04.04.2025
Kiyev NATOga qo‘shilmaslik talabini qabul qilmasligini aytmoqda

13:07 / 03.04.2025
Tramp jamoasidagilar endi tez orada sulh bo‘lishiga umid qilmayapti

09:25 / 02.04.2025
Berbok Putindan o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatishni talab qildi

22:39 / 01.04.2025